John Stuart Mill
Mill Jon Styuart (1806.20.5, London — 1873.8.5, Avinon) — ingliz faylasufi, iqtisodchi va jamoat arbobi. Ost-Indiya kompaniyasida (1823—58) xizmat qilgan. 1865—68 yillarda parlament aʼzosi. Liberal va demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlagan. M.ning dunyoqarashi D.Rikardo, I.Bentam, J.Berkli, D.Yum va boshqalarning falsafiy, iqtisodiy nazariyalari taʼsirida shakllangan. U murosali siyosat va davlatning iqtisodiyotga aralashmaslik, shuningdek, ijtimoiy islohotlar tarafdori boʻlgan. Oʻzining "Erkinlik toʻgʻrisida" (1859) asarida individual faoliyat erkinligiga aralashmaslik tamoyilini ilgari surgan, lekin amaliy faoliyat sohasida davlatning taʼlim va mehnat shartnomalari borasidagi roliga yuqori baho bergan. "Siyosiy iktisodni asoslash va ularning ijtimoiy filosofiyaga ayrim iloalari" (1848) asarida A.Smitning "Xalqlar boyligi" asari gʻoyalarini D.Rikardo, J.Sey, T.Maltus va boshqa iqtisodchilarning gʻoyalarini hisobga olgan holda bayon etishga harakat qilgan.
Garchi M. oʻz asarini A.Smitning "Xalqlar boyligi" asarining zamonaviylashtirilgan koʻrinishi deb taʼkidlagan boʻlsa ham, lekin u iqtisodiyot nazariyasiga koʻpgina original gʻoyalar kiritdi, jumladan, uning talab va taklif nazariyasini ishlab chiqishi eng muhim hissa boʻldi. M. talab va taklif omillarini narx nazariyasiga kiritib, neoklassik narx nazariyasining vujudga kelishiga yoʻl ochib berdi.
Manbalar
uz.wikipedia.org