Jobir ibn Abdulloh
Jobir ibn Abdulloh , toʻliq ismi Jobir ibn Abdullo ibn Amr ibn Harom al-Xazrajiy al-Ansoriy as-Sulamiy (arabcha: جابر بن عبدالله بن عمرو بن حرام الأنصاري) — sahoba, 607 (hijriy 16) yilda Madina shahrida tugʻilgan. Otasi Abdullo ibn Amr va uning oʻzi Rasululloh (s.a.v)ning xizmatlarida boʻlgan. Jobir ibn Abdulloh Rasululloh bilan birga 19 ta gʻazotda ishtirok qilgan. Umrining oxirida Madinada, Masjidi Nabaviyda halqa tashkil qilib dars bergan. „Sahih al-Buxoriy“ va „Sahih Muslim“ kitoblarida uning rivoyatida 1540 ta hadis keltirilgan.
Oilasi
Jobir ibn Abdulloh ibn Amr Ansoriy (r.a.). Kunyasi Abu Abdulloh, Abu Abdurahmon, Abu Muhammad. Otasi Abdulloh ibn Amr ibn Harom ibn Kaʼb ibn Gʻanm ibn Salma Ansoriy. U kishi madinalik ulugʻ sahobiy boʻlib, Uhudda shahid ketgan va ansoriy doʻsti Amr ibn Jamuh bilan bir qabrga koʻmilgan edi. Keyinchalik Jobir suv toshgan qabrni taʼmirlash uchun ochganida otasi soqolining yerga tekkan joyigina oʻzgargan, qolgan joyi oʻzgarmagani maʼlum boʻlgan. Rasululloh (s.a.v.) u kishi bilan Alloh pardasiz gaplashgani haqida bashorat berganlar1.
Islomga kirishi
Jobir ibn Abdulloh madinalik ilk olti musulmondan biri. Mazkur olti kishi birinchi marta Paygʻambar (a.s.) bilan „Aqaba“ oldida
koʻrishgan. Bir yildan soʻng yana shu joyda ular sababli musulmon boʻlgan yetmish uch nafar madinalik bilan birga bay’at qilgan.
Tarixda bu voqea „Aqaba bay’ati“ nomini oldi. U zot ikkinchi „Aqaba bay’ati“da ishtirok etganlar ichida eng oxirgi vafot etgan kishidir. Badr va Uhudda ishtirok etmagan boʻlsa-da, keyingi oʻn toʻqqizta gʻazotda qatnashgan. U zotda oʻzidan koʻra boshqalarni afzal koʻrish xislati kuchli edi. Otasi Abdulloh (r.a.) Uhudda shahid boʻlgach, toʻqqiz singlisining tarbiyasi Jobir zimmasiga qoldi. Singillariga yaxshi tarbiya berish niyatida bokira qizga uylanish oʻrniga oldin turmush koʻrgan ayolga uylandi. Bu amali tufayli Rasululloh (s.a.v.)ning baraka tilab qilgan duolariga ham musharraf boʻldi. Jobirning uyi masjiddan uzoqda joylashgan edi. Shuning uchun hovlisini sotmoqchi boʻldi. Rasululloh (a.s.) uni bundan qaytarib: „Albatta, sizga har bir qadamingiz uchun daraja, ajr-savob bordir“, dedilar. Jobir tarixda „Laylatul-baʼir“, yaʼni „tuya kechasi“ nomini olgan va Rasululloh moʻjizalaridan biri zohir boʻlgan voqeaning asosiy qahramonidir.
"Tuya kechasi" rivoyati[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi:"Rasululloh (s.a.v.) bilan Zotur-Riqoʻ gʻazotiga chiqdim. Men mingan tuya nimjon edi. Rasululloh qaytishga amr qilganlarida men orqada qola boshladim. Shunda Paygʻambar (a.s.): „Senga nima boʻldi, ey Jobir?“
deb soʻradilar. „Mana bu tuya yurishimni sekinlashtiryapti“, dedim. Shunda u kishi: „Uni engashtir“, dedilar. Men aytganlarini qildim. U zot oʻzlari ham egilib: „Menga qoʻlingdagi tayoqni ber“, dedilar. Berdim. U bilan tuyani bir necha bor niqtab,
„Min“, dedilar. Allohga qasamki, shundan soʻng tuya barchadan oʻzib keta boshladi. Rasululloh: „Uni menga sotmaysanmi?“ dedilar.
„Sizga hadya qilaman“, dedim. U kishi: „Yoʻq, sotaqol“, dedilar. „Uni baholab bering“, dedim men. „Uni bir dirhamga olishim mumkin“, dedilar. „Narxini past aytib yubordingiz“, dedim. „Ikki dirham“, dedilar. „Yoʻq!“ dedim. Narxni bir uqiyaga koʻtargunlaricha „Yoʻq!“ deb turaverdim. Shundan soʻng:"Rozimisiz, yo Rasululloh?" dedim, „Ha“, dedilar. „U sizniki“, dedim
men".
Hadislar
Jobir Misr va Shom, ayniqsa, Madinada koʻp odamlarga ilm berdi, oʻz davrida Madina muftiysi boʻldi. Jobir eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahobiylar ichida oltinchisi boʻlib, undan 1540 ta hadis rivoyati yetib kelgan. Ikki shayx (Buxoriy va Muslim) 85 tasiga ittifoq qilganlar. Buxoriy uning 26 ta, Muslim esa 120 ta hadisini oʻz toʻplamiga kiritgan.
Vafoti
U zot 693 (hijriy 74)yil Madinada vafot etdi. Janozasini Abon ibn Usmon oʻqidi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.https://islom.ziyouz.com/siyrat/sahobalar/jobir-ibn-abdulloh
uz.wikipedia.org