Jiyda




Jiyda (Elaeagnus L.) — jiydadoshlar oilasiga mansub daraxt yoki buta. Jan. Yevropa, Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikada oʻsadigan 40 ga yaqin turi bor. Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda J.ning qargʻajiyda. (E. angustifolia; yovvoyi holda oʻsadi), sharq jiydasi (E. orientalis), tikanakli J. (E. pungens), kumushsimon J. (E. argentea), non J. (E. edulis) turlari oʻsadi. Sharq J.sining bargi oddiy, ensiz, kumushrang . Daraxti 8–10 m, shoxlari siyrak, tikanli yoki tikansiz. Guli ikki jinsli, sariq, serasal, xushboʻy, efir moyli. Mevasi sargʻish, magʻizsiz danakli, eti 31,2—88,7%, unsimon, xushxoʻr. Tarkibida 46—65% qand, 10% oqsil, 1,3% kislota, 200 mg% S vitamini mavjud. J.ning mevasi yangiligida yoki quritib isteʼmol etiladi. Mevasidan spirt va kuchsiz alkogolli ichimliklar tayyorlanadi. Tabobatda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Yogʻochidan turli xil buyumlar yasaladi, parfyumeriya sanoatida, gulidan efir moy olinadi.

J. qurgʻoqchilikka chidamli, yer osti suvlari yuza va shoʻr tuproqlarda ham oʻsaveradi. Danagidan, ildiz bachkisidan va qalamchasidan koʻpayadi. Koʻchati oʻtkazilgach, 3—5- yili hosilga kiradi. May—iyun oyida gullaydi, mevasi sent.—okt.da pishadi. Bir tupi 50 kg gacha hosil beradi. J. 60—80-yil yashaydi. Non J. mevali daraxt sifatida ekiladi, oʻrta boʻyli daraxt. Sernam yerlarda yaxshi oʻsadi. Serhosil. Mevasi yirik, mazali, qizgʻish-qoʻngʻir rangli. Oʻzbekiston oʻrmonchilik ilmiy tadqiqot institutida uning 20 ga yaqin navi taʼriflangan (Qizil J., Raʼno, Urganch, Xurmoy, Toshkent deserti, Choʻli qandak, Kizil qandak va b.). Hoz. davrga kelib sanoat ahamiyatini yoʻqotdi. Oʻzbekiston, Tojikiston va koʻpgina mamlakatlarda ayrim tomorqa bogʻlarida havaskorlar ekadi. Koʻproq yoʻl yoqalari, kanal boʻylari, dala-ihota oʻrmon mintaqalari, tashlandiq yerlarga ekiladi. Tuproqni azot bilan boyitadi.

Azimov E., Non jiyda, T., 1967.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz