Jilvon (qishloq)
Jilvon yoki
Jilvon-2 (xalq orasida
Oltinchi Jilvon ) — Oʻzbekistonning Buxoro viloyati Shofirkon tumani tarkibiga kiruvchi qishloq. Tuman markazi — Shofirkon shahridan 8—10 km uzoqlikda joylashgan.
Etimologiyasi
Shofirkon tumanida ushbu nom bilan ataluvchi nomlar koʻp uchraydi. Qizilqum choʻlining quyi qismidagi Jilvon choʻlining oʻzlashtirilishi bunga sabab boʻlgan. Uning tub oʻzagi qadimda harbiy mansablardan boʻlgan jilbonlar nomi bilan bogʻliq. Ushbu soʻz keyinchalik oʻzgarishlar natijasida jilvon koʻrinishiga kelgan. Ushbu nomda koʻplab qishloqlar nomlangan.
Tarixi
Qishloq hududi katta maydonlarni egallagan. Shu sababli bu yerdagi aholi toʻp-toʻp boʻlib yashagan va ular alohida nomlangan. Qishloq ilk bora 1930-yillarda Egron ismli shaxs tomonidan oʻzlashtirib boshlangan. U bu yerda ikki yil daromad olgan, ammo keyingi yil qurgʻoqchilik kelib hosil ololmagan. Shu sababli bu yerni tashlab ketgan. 1930—1970-yillar davomida bu yerga tumanning Regishoyi, Talija kabi qishloqlaridan aholi kelib oʻrnasha boshlagan. Bu yerni oʻzlashtirish ishlari olib borilgan.
1980-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab esa aholisi zich boʻlgan Kotiyon, Regishoyi, Talija, Savrak, Kelachi, Bogʻiafzal qishloqlaridan boʻlgan yosh oilalarga reja asosida uy-joy qurib topshirilgan.
Qisloqni ikkiga ajratuvchi yoʻl oʻtgan, bu esa qishloqni ikki xil nomlanishiga sabab boʻlgan. Yoʻlning sharqi „Iskandarobod“ va gʻargi „Fayziobod“ deb nomlangan. Ammo aholi orasida bu nomlardan tashqari Talija-Jilvon va Alla Holiq nomlari qoʻllaniladi.
Xoʻjaligi
Qishloq ilgari yulgʻunzor va qum barxanlaridan iborat boʻlgan. Oʻzlashtirish natijasida yerlar madaniylashgan, ammo hozirda ham shoʻrxok, shagʻalli va qumloq yerlari koʻp. Asosan dehqonchilik qilinib, ekin maydonlarida bugʻdoy, paxta, beda ekiladi.
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org