Jemen
Yaman (arabcha: اليمن) yoki
Yaman Respublikasi (arabcha: الجمهوريّة اليمنية)— Arabiston yarim orolning janubiy qismidagi davlat. Maydon 528 ming km². Aholisi 19,3 mln. kishi (2002). Poytaxti — Sanaa shahri. Maʼmuriy jihatdan 19 viloyat (muhofaza)ga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
Yaman — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 15— 16 mayda qabul qilingan; 1994 va 2001-yillarda oʻzgartirishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1990-yildan Ali Abdulloh Solih; 1978—90 yillarda Yaman Arab Respublikasi prezidenti), u umumiy yashirin ovoz berish yoʻli bilan 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni deputatlar palatasi (1 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati
Ya. aksariyat togʻli mamlakat; mamlakat gʻarbida Yaman togʻlari joylashgan (eng baland joyi 3600 m — AnNabi-Shoib togʻi). Qizil dengiz va Adan qoʻltigʻi sohili boʻylab Tixoma choʻli choʻzilgan.
Sharqida Rub ul Xoli choʻliga tutashib ketadigan uncha baland boʻlmagan yassitogʻlik va tepaliklar joylashgan. Qizil dengiz qirgoqlari kam parchalangan, ayrim joylarda marjon riflari bor. Ya.da osh tuzi, alebastr, neft, marganets rudasi, yarim qimmatbaho toshlar bor. Iqlimi tropik, hududining katta qismida quruq iqlim. O'rtacha harorat yanvarda 20—25°, iyunda 21—32°. Yillik yogʻin 40–1000 mm. Daryolari yilning koʻp qismida quriydi. Eng muhim daryosi — Masila. Tuproqlari qizil qoʻngʻir, ayrim joylarda shoʻrxoklar uchraydi. Togʻlarning koʻp qismida oʻsimlik oʻsmaydi; togʻ yon bagʻirlari akatsiya, mimoza, oleandr, aloe, fikus oʻsimliklari bilan qoplangan. Tekisliklarda choʻl va chala choʻl oʻsimliklari, vohalarda xurmo palmasi oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan gʻizol, yovvoyi eshak (onagr), yirtqichlardan sirtlon, boʻri, tulki, qoshtop bor; gamadril va pavian maymuni uchraydi. Qirgʻoqqa yaqin suvlarida baliq turi koʻp.
Aholisining koʻpchiligi arablar; shuningdek, efiop, hind, yahudiy, somalilar, pokistonliklar ham yashaydi. Rasmiy til — arab tili. Davlat dini — islom. Shahar aholisi 23,5%. Yirik shaharlari: Sano, Adan, Taiz.
Tarixi
Mil. av. 2-ming yillik oxiri va 1-ming yillik boshida Ya. hududida oʻziga xos janubiy arab madaniyati shakllandi. Shu davrda Xadramaut, Qatabon, Saba, keyinchalik Mani davlatlari paydo boʻldi. Mil. av. 1-ming yillik oʻrtalarida Saba davlatining mavqei oshib, qoʻshni davlatlar unga tobe boʻlib qoldi. Mil. 4-asr boshida Ya.ning barcha hududi Himyariylar podsholigiga birlashdi. 4—6-asrlarda Ya.da iudaizm va xristianlik tarqaddi. 6-asr boshida Ya.ni efioplar, 6-asr oxirida Sosoniylar bosib oldi. 629—630 yillarda Ya. Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olindi. Ya. hududida arabmusulmon madaniyati qaror topdi. Islom dini sekin asta hukmron dinga aylana bordi. 9-asrda Ya.da mustaqil Ziyodiylar davlati (poytaxti Zabid shahri), Yafuriylar davlati (poytaxti Sano shahri) vujudga keldi. 10-asrda Ya. hududining bir qismi shialarning Zaydiylar mazhabi tarafdorlari qoʻliga oʻtdi. Keyingi davrlarda Ya.da turli sulolalar hukmronlik qildi. 16asr boshida Ya. Usmonli turk imperiyasi tarkibiga kirdi. 17-asr boshida u yerda turklarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarilib, Zaydiy imomlari boshchiligida 1633-yil mustaqil davlat (imomatlik) tuzildi. 19-asr boshida Ya.ga vahhobiylar tez-tez hujum qilib turdi, keyinchalik Misr podshosi Muhammad Ash qoʻshinlari bostirib kirdi. 1840-yilgacha Ya. Misrga tobe boʻlib qoldi. 1839-yildan Janubiy Yaman (Adan mustamlakasi va Adan protektoratlari)da Buyuk Britaniya oʻz hukmronligini oʻrnata boshladi. 19-asrning 70-yillari boshida Shimoliy Yamanda Turkiya hukmronligi tiklandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshida Shimoliy Yamanda Turkiya hukmronligiga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtarildi. 1904— 11 yillarda boʻlib oʻtgan qoʻzgʻolonlar natijasida Shimoliy Yaman muxtoriyatga erishdi. 1918-yil mustaqil qirollik deb eʼlon qilindi. 1962-yil 26 sentyabrda Sanoda boʻlgan inqilob natijasida monarxiya tuzumi agʻdarib tashlandi va Shimoliy Yamanda Yaman Arab Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. Janubiy Yaman xalqining inglizlar hukmronligiga qarshi ozodlik kurashi Shimoliy Yamandagi ozodlik harakatlarining muvaffaqiyatlaridan soʻng avj olib ketdi. Buyuk Britaniya Adan shahri va Adan protektoratida oʻz mavqeini saqlab qolish maqsadida 1959-yil janubida Arab amirliklari federatsiyasi (1962-yildan Janubiy Arabiston Federatsiyasi, JAF)ni tuzdi. Xalq ommasi JAFga qarshi kurash olib bordi. Bu kurash Shimoliy Yamanda Ya. Arab Respublikasi tuzilganidan keyin yanada kuchayib ketdi. Mustaqillik uchun kurash natijasida Janubiy Yamanning katta hududi ozodlik kuchlari qoʻliga oʻtdi. Buyuk Britaniya Janubiy Yamanni mustaqil deb tan olishga majbur boʻldi va 1967-yil 30 noyabrda Adandan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketdi. Oʻsha kuni mustaqil Janubiy Yaman Xalq Respublikasi (1970-yildan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi) tuzilganligi eʼlon qilindi. 1990-yil Yaman Arab Respublikasi bilan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi birlashishi natijasida Ya. Respublikasi tashkil topdi. Ammo mamlakatda janublik va shimolliklarni ajratib tashlashga boʻlgan harakatlar saqlanib qoldi; bu 1994-yil shimolliklar gʻalabasi bilan tugagan yirik harbiy toʻqnashuvga ham olib keldi. Ya. — 1947-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 30 dekabrda tan olgan va 1996-yil 21 mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Midliy bayrami — 22 may — Milliy birlik kuni (1990).
Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari
Umumiy xalq kongressi, 1982-yil tuzilgan; Ya. sotsialistik partiyasi, 1978-yil asos solingan; Islohotlar uchun Ya. birligi, 1990-yil tashkil etilgan. Ya. Respublikasi ishchilari kasaba uyushmalari umumiy federatsiyasi, 1990-yil tuzilgan.
Xoʻjaligi
Ya. — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi 23,9%, kon sanoati 16,6%, qayta ishlash sanoati 10,1% ni tashkil etadi.
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi dehqonchilik. Faol aholining 70% dan ortigʻi qishloq xoʻjaligida band. Mahsuloti eksport qilinadigan asosiy oʻsimligi kofe; xurmo oʻstiriladi. Bogʻdorchilik (anjir, oʻrik, mango, anor va boshqalar) va tokchilik rivojlangan. Texnika va efir moyli oʻsimliklardan zanjabil, kunjut, paxta, tamaki, donli ekinlardan durra, tariq, arpa, bugʻdoy, makkajoʻxori, dukkaklilar, sabzavot ekinlari ekiladi. Mamlakatning janubiy va janubi-sharqidagi choʻl va chala choʻllarda voha dehqonchiligi rivojlangan (tariq, joʻxori, bugʻdoy, arpa, kunjut, paxta, kofe, tamaki, sabzavot, kokos va xurmo palmasi yetishtiriladi). Chorvachilikda qoramol (asosan, zebu), ʻ qoʻy, tuya, ot, eshak, parranda boqiladi. Mamlakat janubiy va janubi-sharqida koʻchmanchi chorvachilik rivojlangan. Asalarichilik bilan ham shugʻullaniladi. Baliq ovlanadi. Qizil dengizning qirgʻoqqa yaqin joylaridan marvarid olinadi.
Sanoatida neft, osh tuzi, temir rudasi, yarim qimmatbaho toshlar qazib olinadi. Neftni qayta ishlash, energetika, toʻqimachilik, paxta tozalash, oziq-ovqat (tamaki, kofeni qayta ishlash korxonalari) sanoati mavjud. Yiliga oʻrtacha 1,96 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Hunarmandchilikda uyroʻzgʻor anjomlari, mato, koʻnpoyabzal, kulolchilik va zargarlik butomlari, tigʻli qurollar ishlab chiqariladi.
Yamabda temir yoʻl yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz. 64,6 ming km. Dengiz savdo floti tonnaji 13,6 ming t dedveyt. Dengiz portlari: Adan, Hudayda, Moxa, Salif, Muqalla. Ya. chetga neft va neft mahsulotlari, kofe, baliq va dengiz mahsulotlari, paxta, teri, tamaki chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat, jihozlar, sanoat buyumlari oladi. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSH, Saudiya Arabistoni, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqalar davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yaman riali.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari
Davlat maktablarida oʻqish bepul. Xususiy maktablar ham bor. Boshlangʻich maktablarda oʻqish muddati 6 yil, oʻrta maktablarda ham 6 yil Oliy oʻquv yurtlari: Adandagi oliy ped. kolleji (1970-yil tashkil etilgan), universitet (1975), Musiqa instituti, Sano shahridagi universitet (1974). Ilmiy tadqiqotlar Adandagi universitetda olib boriladi. Sano shahrida kutubxona (1925), Adan shahrida "Misvat" va universitet kutubxonalari, arxeologiya muzeyi bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Ya.da bir qancha gaz. va jurnal nashr etiladi. Asosiylari: "Arbaatashar oktobr" ("14 oktyabr", arab tilidagi kundalik gazeta, 1968-yildan), "AlJumhuriya" ("Respublika", arab tilidagi kundalik gazeta, 1948-yildan), "AsSakafa alJadida" ("Yangi madaniyat", arab tilidagi oylik jurnal, 1970-yildan), "AsSaura" ("Inqilob", arab tilidagi kundalik hukumat gazeta, 1948-yildan), "AsSauri" ("Inqilobchi", kundalik gazeta, 1967-yildan), "Saut alUmmal" ("Ishchilar ovozi", arab tilidagi kundalik gaz.). Adan axborot agentligi, hukumat agentligi, 1970-yil tuzilgan; Saba axborot agentligi, hukumat agentligi, 1970-yil tashkil etilgan. Ya. radiotelevideniye xizmati, davlat tomonidan nazorat qilinadi, Adan shahrida joylashgan.
Adabiyoti
Oʻrta asr yaman adabiyoti umumarab adabiyoti oqimida rivojlandi va asosan diniy mavzudagi sheʼriyat keng tarqaldi. 12-asrda Nashvan alHimyariy tomonidan yaratilgan "Himyariy qasidasi" dostoni, alHamadoniyning "Sheʼrlar devoni" bundan mustasno. 19-asrda milliy ozodlik harakatining avj olishi realistik adabiyotning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Yahyo bin Muhammad alAryoniy, Abdul Karim Mazxar va boshqalar qasida janrida ijod qildilar. Yozuvchilardan Ahmad alFeys, Shauki Abdulla, Jafar Abdo, shoirlardan Farid Barakat, Abdurahmon Faxri, Ali Mahdi ashShinvax, Abadan Muhammad Duxays realistik yoʻnalishdagi adiblar guruhiga kiradi. Jafar Lutfi Aman romantik yoʻnalishda asarlar yaratdi. Muhammad Said Misvat, Muhammad Abdul Vali, Ahmad Mahfuz Omar, Ali Baazib, Muhammad Abdurahmon Ahmad, Muhammad Solih Haydariy kabilar oʻz novella va kichik dramatik asarlari bilan mashhur.
Meʼmorligi va tasviriy sanʼati
Ya. hududida Mariba, Karnovu va boshqalar qadimgi shahar qoldiqlari topilgan (mil. av. 2-ming yillikka oid), ularning aksariyati toʻrtburchak shaklida qurilib, atroflari baland (10–12 m) devorlar bilan oʻralgan; irrigatsiya inshootlari (Maribadagi toʻgʻon, mil. av. 7-asr) va tosh ibodatxonalarning qoldiqlari, tosh va bronzadan ishlangan haykalchalar ham topilgan. Qatabon podsholigi (mil. av. 9—1-asrlar)ning poytaxti — Timna shahri xarobalari: tosh istehkomlarning qismlari, toshdan qurilgan binolarning devoriy yozuvlari, boʻrtma tasvirli stelalar, Xadramautda mil. av. 4—3-asrlarga oid shahar vayronalari (istehkom devorlari, minora tipidagi uylar, qabrtoshlar), suv havzalari (Adanda) saqlanib qolgan. Mamlakatning turli rayonlaridan mil. av. 1-ming yillikka oid odam va hayvonlarning bronza va oltindan ishlangan tasvirlari, geometrik naqshli sopol buyumlar, Timnada devoriy bronza boʻrtmalar va ellini tusidagi haykalchalar (mil. av. 1-asr) topilgan. Ya.da islom dini tarqalishi bilan masjidlar qurila boshladi. 7—16-asrlarda minorali masjidlar (Sano shahridagi al-Jomiy al-Kabir masjidi, 670-yillar, 8, 10 va 12-asrlarda kengaytirildi; Taiz shahridagi alAshrafiya masjidi, 13asr), "qubba" — avliyolar maqbaralari qurildi. 20-asrda shaharlarda milliy meʼmoriy anʼanalar saqlangan holda zamonaviy tipda sanoat va irrigatsiya korxonalari, turar joy va maʼmuriy binolar barpo etildi. Ya.da qadimdan amaliy bezak sanʼati turlari (kumush, toshdan buyumlar yasash, gilamchilik, zargarlik, kiyimga gul tikish) keng tarqalgan.
Musiqasi
Ya. musiqasida Vizantiya, Bobil, Misr madaniyati taʼsiri seziladi, boshqa arab mamlakatlari (Saudiya Arabistoni, Iroq va boshqalar) musiqa anʼanalariga yaqinlik mavjud. Arxiak musiqa namunalari saqlanib qolgan (folklar sheʼriyatini badiiy oʻqish); qoʻshiq va cholgʻu uslubini belgilovchi lad (maqam), ritmik formulalar tizimi shakllangan. Musiqa asboblari:: ud (lyutna), qonut (sitra), mizmar (surnay turi), zarbli — tabl, def, mirvas, xager va boshqalar Qadimda shoirdostonchilar, roviylar (rivoyat, nasihat aytimlarini ijro etuvchilar) sanʼati rivojlangan. Islom davridan boshlab diniy shakllar bilan birga dunyoviy mazmundagi maual, muvashshax, takasim va boshqalar janrlar keng oʻrin olgan. Shuningdek, Ya.da erkaklarning jangovar davra qoʻshiqlari (albara), toʻy raqslari (zeffa, murakkax va boshqalar), ayollarning yakka va jamoa qoʻshiqlari tarqalgan. Musiqaning zamonaviy shakllari ham rivojlangan. Musiqa boʻyicha kadrlar Adan shahridagi Musiqa institutida tayyorlanadi. Milliy qoʻshiq va raqs ansambli bor.
uz.wikipedia.org