Jelatina




Jelatina (lot. gelatus — muzlagan, sovigan) — hayvon terisi, payi va suyaklarini suvda qaynatish yoʻli bilan olinadigan oqsil moddalar aralashmasi. Bunda toʻqimalar tarkibiga kiradigan kollagen glyutinga aylanadi. Olingan eritma haydaladi, tindiriladi, iviq hosil boʻlguncha sovitiladi, soʻngra boʻlak-boʻlak qilib kesiladi va quritiladi. Tayyor holdagi quruq J. — taʼmsiz, hidsiz, shaffof, rangsiz yoki och sargʻish boʻladi; sovuq suvda va suyultirilgan kislotalarda shishadi. Qizdirilgan kolloid eritma soviganda iviqqa aylanadi. J. qandolatchilikda (marmelad va b. tayyorlashda), fotoplyonkalar, plastinkalar, fotoqogʻoz va karton tayyorlashda, gemofiliya kasalligini davolashda hamda meʼda, ichak va oʻpkadan qon ketishini toʻxtatishda (5—10% li eritmasi, maz va shamchalar tarkibida) ishlatiladi, shuningdek, mikrobiologiyada (oziqli muhit olishda) qoʻllaniladi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz