Jeke Marinay




Gjekë Marinaj  (talaffuzi: Jeke Marinay); 1965-yil 26-may, Malësi e Madhe tumani (talaffuzi: Malesi e made), Albaniya) — alban-amerikalik shoir, yozuvchi, adabiy tanqidchi, noshir, falsafa fanlari doktori va tarjimon. Adib adabiy tanqidning bir shakli sifatida tinchlikni mustahkamlash va ijobiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan oʻz falsafasi — Protonizm nazariyasiga asos solgan. Bu nazariya beshta tamoyilga asoslangan.

Marinaj 2001-yilda tashkil etilgan Alban-Amerika yozuvchilari jamiyatining birinchi prezidenti boʻlgan. Bir nechta sheʼriy, nasriy va adabiy tanqidga oid kitoblari nashr etilgan.

Marinajning „Mos më ik larg“ (talaffuzi: Mos me ig lag — Mendan olis ketma), „Infinit“ (Cheksizlik), „Lutje në ditën e tetë të javës“ (talaffuzi: Luche ne diten e tete te yaves — Haftaning sakkizinchi kunidagi ibodat), „Ana tjetër e pasqyrës“ (talaffuzi: Ana tyeter e paschures — Koʻzguning aks tomoni), „Ca gjëra nuk mund të mbeten sekret“ (talaffuzi: Sanjere nuk mun te mbeten sekret — Sir tutib boʻlmaydigan baʼzi narsalar), „46 Sahifa“ nomli yigirmadan ortiq sheʼriy va nasriy kitoblari dunyoning oʻnlab davlatlarida, jumladan, alban, rumin, serb, nemis, italyan, rus, vyetnam, ozarbayjon, oʻzbek, fransuz, lao, bengal va ispan tillarida chop etilgan. U hozirda Amerika Qoʻshma Shtatlarida yashaydi.

2008-yilda Marinaj Albaniyaning Turizm, Madaniy aloqalar, Yoshlar va Sport vazirligi qoshidagi „Qendra Ndërkombëtare e Kulturës“ (talaffuzi: Chendra derkombetare e kultures) tashkiloti tomonidan adabiyot boʻyicha „The Pjeter Arbnori Prize“ga loyiq koʻrilgan. 2021-yilda u Janubiy Koreyaning „Changvon KC“ xalqaro adabiyot mukofotini qoʻlga kiritgan. Uning asarlari va tinchlikparvarlik harakatlari Albaniya va Yevropaning boshqa joylarida, shuningdek AQSh va Osiyoning turli davlatlarida eʼtirofga sazovor boʻlgan. U „Kuvendi“ jurnali tomonidan har yili oʻtkaziladigan „Adabiyot haftaligi“ nomli sheʼriyat va nasr tanlovlari, shuningdek, Albaniya-Amerika yozuvchilar assotsiatsiyasining „Golden Pen Award“ va amerikalik yoki xalqaro muallifga beriladigan „Gjenima“ adabiy mukofoti hayʼati tarkibida faoliyat yuritadi.

Gjekë Marinaj 1967-yilda asos solingan va hozirda AQShning Texas universiteti tarjima tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda ishlaydigan jahon adabiyoti nashriyoti — „Mundus Artium Press“ning direktori sifatida faoliyat yuritadi.

Hayoti va faoliyati




Gjekë Marinaj 1965-yilda Albaniya shimolidagi Malësi e Madhe hududida tugʻilgan. Marinaj yozuvchilik faoliyatini Albaniyaning bir qator ommaviy axborot vositalarida faoliyati cheklangan muxbir sifatida boshlagan. Dastlab Shkodërdagi mahalliy gazetalarda, keyin bir qator alban milliy nashrlarida, shu jumladan „Zëri i Rinisë“ (talaffuzi: Zeri i rinisa — Yoshlar ovozi), „Luftëtari“ (talaffuzi: Luftetari — Jangchi), „Vullnetari“ (talaffuzi: Vulnetari — Volontyor) va „Drita“ (Nur) kabilarda faoliyat olib borgan. 1990-yil avgustda Marinaj „Horses“ nomli antikommunistik satirik sheʼrini nashr etgan (asli albancha: Kuajt). 1990-yil 12-sentyabrda Kommunistik tuzum tomonidan Marinaj hibsga olinishi mumkinligini bilib qoladi. Shundan keyin u noqonuniy yoʻl bilan Yugoslaviyaga qochib oʻtadi. Undan keyin AQShdan boshpana topadi. Marinaj 1991-yil iyul oyida San Diegoga, keyin Texasning Richardson shahriga borgan. 2001-yilda adib Alban-Amerika Yozuvchilar Assotsatsiyasiga asos solgan va 2009-yilga qadar Assotsatsiya prezidenti lavozimida ishlagan. 2019-yilda Albaniya elchixonasida ishlagan. Hozirda „Mundus Artium Press“ jahon adabiyoti nashriyotining direktori boʻlib ishlaydi.

Intervyulari



Amerikada yangi hayotini davom ettirar ekan, Marinaj Albaniya ommaviy axborot vositalarining amerikadagi vakili sifatida jurnalistlik faoliyatini davom ettirgan. Uning jurnalistik faoliyati asosan Amerikaning sobiq prezidenti George H. W. Bush, Isroilning toʻqqizinchi prezidenti Shimon Peres, mashhur futbolchi Pele va boshqalar bilan boʻlgan intervyularni oʻz ichiga olgan. Marinajning „Ana tjetër e pasqyrës“ (talaffuzi: Ana tyeter e paschures — Koʻzguning aks tomoni) kolleksiyasida ushbu intervyularning aksariyati keltirib oʻtilgan.

„Horses“ sheʼri




„Horses“ sheʼri dastlab Albaniyaning „Drita“ gazetasida chop etilgan. Bu bir qarashda uy hayvoni haqidagi oddiy sheʼr boʻlib koʻrinsada, aslida alban xalqining kommunistik tuzum tomonidan ezilgani bayon etilgan satirik ijtimoiy va siyosiy sheʼrdir. Ushbu sheʼr 1990-yil 19-avgustda „Drita“ gazetasida eʼlon qilingan va gazetxonlar eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Bunday gʻoyadagi sheʼr alban nashriyotida ochiqchasiga eʼlon qilinishi albanlarni va keyinchalik xalqaro hamjamiyatni ham hayratda qoldirganligi aytilgan. Nashrdan chiqqanidan keyin bir necha soat ichida „Drita“ning barcha nusxalari butun mamlakat boʻylab sotilgan. Odamlar sheʼrni qogʻoz parchalariga yozib olib, metro va koʻchalarda bir-birlariga ulashishgan. Bir necha oy oʻtgach, odamlar hukumatga qarshi namoyishlar paytida megafonlar orqali ushbu sheʼrni aytishgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Marinajning soʻzlari Albaniyada kommunizmni magʻlub etishga va ozodlik uchun kurashishga qaratilgan. Shunga qaramay, erkinlik va ozodlik gʻoyalarini ilgari surgani uchun shahar markazida osishga mahkum etilgan boshqa shoirlarni koʻrgan Marinaj darhol mamlakatni tark etishga qaror qilgan. U bir nechta sevimli kitoblarini olib, doʻstlari va oilasiga taʼtilga ketayotganini aytgan va togʻli yoʻllar orqali Yugoslaviyaga joʻnab ketgan.

Amerikadagi taʼlimi



Albaniyadagi taʼlimdan keyin, 2001-yilda Marinaj Brookhaven kollejida fan boʻyicha dotsentlik darajasini olgan. U oʻqishini Dallasdagi Texas universitetida davom ettiradi va u yerda 2006-yil adabiyotshunoslikda Magna cum laude (lotin iboralari toʻplami) boʻyicha bakalavr darajasini, 2008-yilda xuddi shu yoʻnalish boʻyicha magistr darajasini oladi. Uch yil oʻtgach, Marinajga Ackerman Holocaust tadqiqotlari markazi tomonidan Holokost tadqiqotlari boʻyicha sertifikat topshirilgan.

Falsafa fanlari doktori



2012-yilda Marinaj Dallasdagi Texas universitetida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Uning Tarjima nazariyasi boʻyicha yozilgan dissertatsiyasi Bolqondagi ogʻzaki adabiyot falsafasi va tarixiga qaratilgan. Dissertatsiya mavzusi — „Alban va boshqa Bolqon mamlakatlari madaniyatida ogʻzaki adabiyot: ayrim soʻzlar tarjimasidagi murakkabliklar“ („Oral Poetry in Albanian and Other Balkan Cultures: Translating the Labyrinths of Untranslatability“).

Protonizm nazariyasi



The Dallas Morning News gazetasida yozilishicha Marinajning „Protonizm nazariya“si adabiy tanqid orqali „tinchlik va tiniq fikrlashni targʻib qiladi“. 2011-yilda Marinajning „Protonism Theory, in Protonism: Theory Into Practice“ (Protonizmda Protonizm nazariyasi: Nazariyadan amaliyotga) mavzusidagi ilk kitobi Albaniya poytaxti Tirananing Milliy Media Jamoasi tomonidan Adabiyot uchun „Albaniya BookerMan Mukofoti“ga sazovor boʻlgan.

Protonizm nazariyasiga koʻra, har bir tanqidchining shaxsiy manfaatlari va tarafkashliklari badiiy asardagi maʼlum bir kuchli va zaif tomonlarni tanqidiy baholashga qaratilgan eʼtibor darajasiga taʼsir qiladi. Marinaj protonizm nazariyasini 2005-yilda kommunizmning qulashi ortidan Sharqiy Yevropa akademiyasida kuzatilgan haddan tashqari salbiy tanqidlar oqimiga javob sifatida shakllantirgan. Protonizmda asosan adabiy tanqidning muqobil shakli sifatida tanqidchilarning adabiy asarlarga xolisona baho berishi uchun umumiy asos yaratish maqsad qilingan.

Protonizm nazariyasi beshta asosiy prinsipni oʻz ichiga oladi: protonizmiotika, restitutsiya (qayta tiklash), tadqiqot, haqiqat va axloq.

Protismiotika Protonizm va semiotikani birlashtirib, asarga salbiy baho berish, muallifga qarshi fikr bildirish yoki noprofessional tanqidni aniqlash vazifasini bajaradi. Marinajning plyuralistik madaniy qarashlarining asosini tashkil etuvchi protonizm nazariyasi Amerika, Yevropa, Lotin Amerikasi va Osiyodagi universitetlarning oʻquv dasturlariga ham kiritilgan. Protonizm nazariyasi professor Afrim A. Redzepi tomonidan Saint Cyril va Methodius (The University of Saint Cyril and Methodius) universitetida tanlov fani sifatida oʻqitiladi. Dars asosan uchta mavzuga qaratilgan: matn, kontekst va oʻzlashtirish. U madaniyatning turli jihatlarini, shu jumladan Gegelning ruh fenomenologiyasi, munosabat estetikasi va sanʼat asarlarini qamrab oladi. Bundan tashqari, John Dewey va Nicolas Rorty nazariyalarini, shuningdek Protonizm nazariyasini tatbiq qiladi. Asosiy darsliklar orasida Marinajning „Protonizm Theory“ (Protonizm nazariyasi), John McDermottning „The Philosophy of John Dewey“ (John Dewey falsafasi) va Kristen M. Walkerning „Hemisphere: Visual Culture of America, Protonism“ (Yarim shar: Amerikaning vizual madaniyati, protonizm) asarlari mavjud.

Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi protonizm nazariyasini oʻzining magistratura oʻquv dasturlariga kiritgan. Marinaj ilk marta 2021-yil oktyabr oyida Janubiy Koreyaning Dankook universitetida „Protonizm nazariyasi: Adabiyotning ijtimoiy funktsiyasini rivojlantirish uchun yordam“ mavzusidagi maʼruzasini oʻqigan va bu dastlab koreys tilida nashr etilgan, shundan keyin dunyoning bir qancha tillarida nashr qilingan.

Adabiy etnografiya



Marinajning „Sung Across the Shoulder: Heroic Poetry of Illyria“ (Mundus Artium Press, 2011; Frederick Turner bilan birgalikda tahrirlangan, tarjima qilingan va tatbiq qilingan) va dissertatsiyaga asoslangan „Oral Poetry in Albanian and Other Balkan Cultures: Translating the Labyrinths of Untranslatability“ (UMI, 2012; Pro Quest, Michigan, USA 2020) kabi asarlari oʻzining etnografik tadqiqotlari natijasida yozilgan. Ikkala asar ham ogʻzaki adabiyot vakillarini lingvistik, tarixiy, geografik, madaniy, ijtimoiy va estetik nuqtai nazardan oʻrganib chiqib, ogʻzaki adabiyotni tarjima qilish muammolarini tahlil qiladi. Ushbu kitoblar alban ogʻzaki adabiyotining ingliz tilidagi antologiyasi hisoblanadi.

Marinaj alban tilshunosligiga, xususan, yangi soʻzlar va neologizmlarni yaratishda ham oʻz hissasini qoʻshgan. Ularning bir qanchasi „Lexico-phraseological and ethnolinguistic dictionary of the Malësi e Madhe“ga (Malësi e Madhening Leksiko-frazeologik va etnolingvistik lugʻati, albancha — „Fjalor leksiko — frazeologjik dhe etnoliguistik i Malësisë së Madhe“) kiritilgan.

Madaniy aloqalar




2017-yildan boshlab, Marinaj Xalqaro Diplomatiya va Adliya Kengashida Madaniy va ilmiy aloqalar boʻyicha Oliy komissar lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu kengash Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va Ijtimoiy masalalar (DESA) departamenti NGO (nodavlat tashkilotlar) boʻlimida roʻyxatdan oʻtgan.

Marinaj shuningdek, Albaniyaning „Nation's Ambassador“ unvoniga ega. Albaniya va AQSh oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishdan tashqari u adabiyot va tinchlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻplab davlatlarda safarda boʻlgan. Sobiq Yugoslaviya va Yevropaning tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Sharqiy bloki (Serbiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Kosovo, Ruminiya), shuningdek, AQShdan mafkuraviy boʻlinishlar tufayli ajratilgan xalqlar (Vyetnam va Xitoy) yoki milliy, etnik va plyuralistik jihatdan oʻziga xosliklari bilan ajralib turadigan davlatlarga (Janubiy Koreya, Hindiston, Meksika, Irlandiya, Italiya, Buyuk Britaniya) alohida eʼtibor qaratgan.

Bugunga qadar ham Marinaj Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Laos, Rossiya, Efiopiya va dunyoning boshqa mamlakatlaridagi yozuvchilar va madaniyat arboblari bilan inklyuziv professional hamkorlikni davom ettirmoqda. Uning faoliyatini nashrlarda, tarjimalarida va Mundus Artium Press jurnali sahifalarida kuzatish mumkin.

2019-yilda Hindistonning Kalkutta shahrida „Sayyoraviy inqiroz va inson ozodligi“ mavzusida boʻlib oʻtgan Jahon mutafakkirlari va yozuvchilari tinchlik uchrashuvida Xalqaro madaniyatlararo tadqiqotlar va tashviqotlar jamiyati Marinajning adabiyot orqali tinchlikka boʻlgan intilishini va umuminsoniy qarashlarini eʼtirof etgan.

Hozirgi faoliyati



Hozirgi kunda Marinaj 1967-yilda Ogayo universitetida tashkil etilgan nodavlat notijorat „Mundus Artium Press“ jahon adabiyoti jurnalining direktori. Dallasdagi Texas universiteti Erik Jonsson akademik markazida va Claytonda ushbu matbuotning ofislari mavjud. Shu bilan birga u „Mundus Artium“ (xalqaro adabiyot va sanʼat jurnali) muharriri hamdir. Marinaj har yili oʻtkaziladigan adabiyot boʻyicha „Gjenima mukofoti“ hakamlari hayʼati raisi etib tayinlangan. „Gjenima mukofoti“ mukofot homiysi „Mundus Artium Press“ jurnalida keltirilganidek „…bugungi kun tarixida tan olingan haqiqiy badiiy asar yoki bitta yirik adabiy yutuqning egasini tan oladi…“.

U 2001-yildan beri Dallas kollejida ingliz tili, xalqaro aloqalar va jahon adabiyoti fanlaridan dars beradi. Professor sifatida doktor Marinaj dunyoning koʻplab universitetlarida doktorlik dissertatsiyalarining himoya qilinishini nazorat qiladi. Hozirda Oʻzbekiston Milliy universitetida ham faoliyat olib bormoqda.

Kitoblari




Marinajning sheʼriy, jurnalistika va adabiy tanqidga oid kitoblari koʻplab mamlakatlarda, turli tillarda nashr etilgan. Uning „Mos më ik larg“ (talaffuzi: Mos me ig lag — Mendan olis ketma), „Infinit“ (Cheksizlik), „Lutje në ditën e tetë të javës“ (talaffuzi: Luche ne diten e tete te yaves — Haftaning sakkizinchi kunidagi ibodat), „Prizonierul Absentei“ (talaffuzi: Prizonerul Absentey — Yoʻqlik asiri), „Dolazim da pozelenim“ (talaffuzi: Dolazim da pozelenim — Men yaproq toʻkishga keldim), „Nhung hy Vong Trong suot“ (talaffuzi: Nung ji vong jong souot — Shaffof umidlar), „Nhung Cay Lieu Ri Mau“ (talaffuzi: Nung say Lyu ri mau — Qonayotgan tollar), „Sevginin 24 Saati“ (Sevgining 24 soati), „46 Sahifa“, „Schizzi Dʼimmaginazione“ (talaffuzi: Sizi dimajinazione —Tasavvurdagi chizmalar), „ການສາລະພາບຂອງທະເລ“ (Dengiz olqishlari), „Humanizing Venus“, „대서양 연안에서 네루다와 함께“ (Atlantika sohilida Neruda bilan), „An Ell Above the Clouds“ kabi sheʼriy toʻplamlari bor. Bundan tashqari, „Ana tjetër e pasqyrës“ (talaffuzi: Ana tyeter e paschures — Koʻzguning aks tomoni) nomli intervyular toʻplami, „Ca gjëra nuk mund të mbeten sekret“ (Sir tutib boʻlmaydigan baʼzi narsalar) nomli tanlangan maqolalar va esselar toʻplami, „Protonizmi: nga teoria në praktikë“ (Protonizm: nazariyadan amaliyotga) nomli adabiy tanqidga oid kitobi, „Inkshed: A poetʼs view on the Vietnam War“ nomli bir toʻplam ichidagi esse va sheʼriy kitoblari ham mavjud.

Tarjimalari



Gjekë Marinaj „Translation Review“ jurnalining muharriri boʻlib ishlagan. Shu bilan birga bir qancha kitoblarni ingliz tilidan alban tiliga va alban tilidan ingliz tiliga tarjima qilgan. Ular orasida alban ogʻzaki dostonlari toʻplami hamda „Frederick Turner“ nomli dostoni alohida ajralib turadi. U ingliz va alban tillarida oʻndan ortiq kitoblarni tahrir qilgan. Vyetnam tilidan alban tiliga Mai Văn Phấnning „Vowels in the Dew“ nomli tanlangan sheʼrlar toʻplamini va Ho Chi Minhning „Chess Lessons: Poetry from the Prison Diary“ kabi kitoblarini tarjima qilgan.

Eʼtiroflar va tanqidlar



Marinaj 2008-yilda Albaniya Turizm, Madaniyat, Yoshlar ishlari va sport vazirligi qoshidagi Xalqaro madaniyat markazi tomonidan „Pjetër Arbnori“ mukofoti bilan taqdirlangan. Bundan tashqari yana koʻplab mukofotlarni qoʻlga kiritgan. Post-Kommunistik tuzumdagi Albaniya va uning diasporasida qoʻlga kiritilgan Albaniya-Amerika yozuvchilari jamiyatining „The Golden Pen Award“ (2003), adabiyot yoʻnalishi boʻyicha „Albanian Booker Man“ (2011), Tirana Milliy Media jamoasi tomonidan „Protonism: Theory Into Practice“ nomli adabiy tanqidga oid kitobi uchun mukofot va „Malësi e Madhe's Honorary Citizen Award“ (2021) (Malësi e Madhening faxriy fuqarosi) kabilar shular jumlasidandir.

Shuningdek, Amerikada avval „Reunion“ deb nomlangan va keyinchalik „The Sojourn“ nomiga oʻzgargan mukofot (2006) bilan taqdirlangan. Janubiy Koreyaning „Suvon KS“ xalqaro adabiyot mukofoti (2020), „Changwon KS“ xalqaro adabiyot mukofoti (2021), Italiyada „The International Author Prize“ (2019), Oʻzbekistonda „Jahon shoiri“ mukofoti (2020), Hindistonning Gʻarbiy Bengaliya shtatida „World Poet Prize“ (2019), madaniyatlararo tadqiqotlar va tashviqotlari uchun topshirilgan mukofot (2019), „Underground Literature“ (Mahfiy adabiyot) harakati va adabiy jurnal platformasi tomonidan taʼsis etilgan „Salutation to the World Poet“ (Jahon shoiriga salom) (2020) kabilar Marinajning mukofotlar kolleksiyasidan oʻrin olgan. Vyetnam Yozuvchilar assotsiatsiyasi tomonidan ikki karra „National Insignia Prize“ bilan taqdirlangan (2015, 2019). Mukofotga „for the cause of Vietnamʼs Literature and Arts“ (Vyetnam adabiyoti va sanʼati uchun) deb maxsus jumla tushirilgan. U bir necha marta adabiyot yoʻnalishi boʻyicha Nobel mukofoti nominantlari roʻyxatiga kiritilgan.

Marinajning ijodiy faoliyati yuzasidan ilmiy ishlar ham olib borilgan. Senada Demushining „Shtigjeve letrare të Gjekë Marinaj“ (Gjeke Marinajning ijod yoʻli. Tirana: Botimet Nacional. 2016), Adnan Mehmetining „Gjekë Marinaj, me shume se poet“ (Gjekë Marinaj, shoir emas, dengiz. New York, London: Adriatic Press. 2007), fan doktori Ramesh Mukhopadhyayaning „Hidden in the Light of Thought: 22 of Gjeke Marinajʼs Poems Decoded“ (Oklahoma: Orpheus Texts, 2019) nomli ilmiy ishlari shular jumlasidandir.

Marinaj sheʼriyati va adabiy nazariyalari bir qancha tadqiqotchilar tomonidan tadqiq qilingan. Shefqet Dibranining „Libra dhe mbresa“ (Kitoblar va taassurotlar. Switzerland: Albanisches Institut. 2005), Mikel Gojanining „Traditë dhe bashkëkohësi“ (Milliylik va zamonaviylik. Kosovo. 2007), fan doktori Afrim A. Rexhepining „Aisthesis: studime nga estetika“ (Estetika: estetika boʻyicha izlanishlar. Shkup. 2013), Mimoza Rexhvelajning „Vështrim mbi Poezinë e Diasporës“ (Diaspora sheʼriyati tahlili. Shkoder. 2013), Anton Gojçajning „Biblioteka e hirushes“ (Zolushka kutubxonasi. USA: Art Club. 2011), Mai Văn Phấnning „Không Gian Khâc“ (Boʻshliqlar. Hanoi, Vyetnam: Yozuvchilar assotsiatsiyasi nashriyot uyi. 2016), Besim Muhadrining „Esencat e mendimit letrar“ (Badiiy fikr mohiyati. New York, London: Adriatic Press, 2020) va Giovanni Romanoning „Poesia: Lʼivincibile Presente“ (Sheʼriyat: Yengilmas. Bari. Italiya: SECOP Edizioni. 2020) kabilar shular jumlasidandir.

Alban yozuvchisi Ismail Kadare (Xalqaro Booker mukofoti sohibi, 2005.) Marinajni „…zamonamizning eng taniqli alban shoirlaridan biri…“ va „…Yevropaning eng yaxshi shoirlaridan biri…“ deb eʼtirof etgan.

Italiyalik adabiyotshunoslardan biri „Marinaj Protonizm nazariyasining siyosatga, ijtimoiy hayotga, yosh avlod tarbiyasiga tatbiq etilishi favqulodda yangicha va muhim inqilobni yaratishi mumkin. Chunki hayot bor joyda goʻzallik, goʻzallik bor joyda sheʼriyat, sheʼriyat bor joyda erkinlik boʻladi. Erkinlik esa inson qatʼiyatining asosidir“, deb fikr bildirgan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz