Jazba




Jazba – solikning azaliy inoyat tufayli ortiqcha saʼy-harakatsiz Haq taologa yetkazadigan ruhiy manzil va maqomlarni bosib oʼtishi.

Jazba – tortish, Allohning bandasini huzuriga jalb etishi, vajd holi. «Allohdan yetgan bir jazba  barcha jin va insonlarning amaliga barobardir». Majzub – Jazbaga tutilgan, jazbali, vajd va istig`roq holatida bo`lgan, bir onda butun hol va maqomlarni oshib o`tib mashaqqatsiz vuslatg`a erishgan ilohiy   huzurga  jazb  va  jalb  etilgan.

Jazba – paygʼambarlar va majzub avliyolarning yoʼli hisoblangan. Roʼzbehon Baqliy Sheroziyning fikricha, Jazba haqiqati – ruhda tajalliy nurlarining zuhuridir. Xoja Аbdulloh Аnsoriy ilohiy Jazbani jamiyki ins-u jinlarning amaliga teng, deb hisoblagan.

Jazba – Haq taolo tomonidan, banda tomonidan esa mo­yillik, iroda, muhabbat va ishq sodir boʼladi. Jazbaning asosiy sharti – Аlloh taolo tomonidan beriladigan isteʼdod. Solikda isteʼdod va qobiliyat boʼlmasa, faqat riyozat va intilish bilan Haqqa yetisha olmaydi. Sayri sulukning ibtidosi Jazbaning nihoyasi hisoblanadi. Jazba tugʼma boʼlishi yoki saʼy-harakat jarayonida solik qalbiga nuzul qilishi mumkin. Tugʼma faqirligi koʼringan solikni “majzubi solik”, saʼy-harakat davomida jazba paydo qilgan solikni “soliki majzub” deb nomlaganlar.

Navoiy Sayid Hasan Аrdasherga yozgan maktub-masnaviysida Jazbaga oʻziga xos ta'rif beradi:

Biri buki, bir jazba Haqdin yetib,

Koʼngulni yaqin jomidin mast etib,

Haqiqat sari turktoz aylagay,

Jahon shugʼlidin beniyoz aylagay.

("Gʻaroyib us-sigʻar", "Masnaviy")[3]

Zamondosh oʻzbek shoiri Jontemir Jondorning "Jazba" nomli kitobi ham mavjud.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz