Jayhoniy




Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Jayhoniy (taxminan 870-yillar — 942-yil) — olim, Somoniylar amiri Nasr ibn Ahmadning vaziri. Falsafa, astrologiya, astronomiyani qunt bilan oʻrgangan, geografiyaga oid bir qancha asarlar yozgan. Jayhoniy IX asr oxirida tug‘ilgan bo‘lsa, 914-yildan to vafotiga qadar vazirlik qilgan. U 942-yilda zilzila vaqtida halok bo‘lgan.

Hayoti va faoliyati



X asrda Buxoro somoniylar davlatining poytaxti edi. 914-yili Ahmad bin Ismoilning vafotidan so‘ng, go‘dak o‘g‘li shahzoda Nasr bin Ahmad taxtga o‘tirdi, ammo u davlatni boshqarishga hali yoshlik qilardi. Shu davrda butun ishni ulug‘ vazir Jayhoniy bajardi. U, ayni vaqtda buyuk geograf olim hamdir. Al-Maqdisiyning yozib qoldirishicha, Jayhoniy falsafa, ilmi nujum va hay’at fanlaridan xabardor bo‘lgan.

Jayhoniy o‘zining yuksak lavozimidan ilm-fan manfaatlari uchun foydalangan. Xususan, geografik mashg‘ulotlarga va sayohatlarga homiylik qilib, mashhur Abu Zayd Balxiyga ko‘mak bergan, Abu Dulofni sayohatga yo‘llagan, arab sayyohi Ibn Fadlonni 921-yil sentyabrda Buxoroda qabul qilgan. Ibn Fadlonning Volga va Bulg‘ordan keltirgan ma’lumotlaridan o‘zi ham foydalangan.

Asarlari



Jayhoniy fanning bir necha sohalariga oid ko‘pgina asarlar yozdi. Arab geografi Maqdisiy kutubxonada Jayhoniyning yetti jildlik geografiya kitobini ko‘rganini yozgan. Kitobning nomi „Kitob ul-Masolik val mamolik“ („Masofalar va mamlakatlar kitobi“) bo‘lganini Abu Rayhon Beruniy o‘zining „Osor al-boqiya“ asarida qayd etib o‘tgan. Kitob yana „Kitob ul-Masolik fi ma’rifat ul-mamolik“ („Mamlakatlarni bilishda masofalar kitobi“) deb atalgani ham ma’lum.

Kitob taxminan 907—922-yillar orasida yozilgan. Asar X—XII asrlarda juda mashhur bo‘lgan. Jayhoniyning asl asari topilmagan bo‘lsa-da, undan ko‘chirilgan parchalar ko‘pgina kitoblarda, turli olimlarning asarlarida keltirilgan. Ushbu kitobdan Beruniy, „Hudud ul-olam“ asarining noma’lum muallifi, ibn Rusta, al-Bakriy, Gardiziy, Avfiy, Xaraqiy, Idrisiy va boshqalar ham foydalanganlar.

Al-Mas’udiyning ma’lumot berishicha, Jayhoniy yozgan kitobda dunyoning tasviri, undagi ajoyibotlar, shaharlar, poytaxtlar, dengizlar, daryolar, xalqlar va ularning makonlari haqida va boshqa turli qiziqarli hikoyalar mavjud. Beruniyning „Osor al-boqiya“ va „Mineralogiya“ kitoblarida ham Jayhoniy va uning asari bir necha marta tilga olingan.

Jayhoniy yozma manbalardan, jumladan Ibn Hurdodbeh asaridan foydalanish bilan birga, talay geografik ma’lumotlarni bevosita turli mamlakat odamlari bilan suhbatlashib yig‘gan. Maqdisiyning aytishicha, Jayhoniy chet ellik sayyohlar va mehmonlarni suhbatga chaqirib, ulardan mamlakatlari, boradigan yo‘llari, daromadlari, yulduzlarning balandligi va soya tushishi, falakning aylanishi to‘g‘risida surishtirib turgan. Hatto Rus, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlarga xatlar yuborib, u mamlakatlarning holati, saroy va devon tartibi va urf-odatlarini so‘rab bilgan. Jumladan, Tunkatdan to Xitoyning poytaxtigacha 140 kunlik masofa ekanligini elchilardan surishtirib bilgan. Jayhoniy o‘z asarida Sharq mamlakatlariga ancha o‘rin bergan. Unda Markaziy Osiyo va O‘rta Osiyo, Hind vodiysi, turk qabilalari, Uzoq Sharq to‘g‘risida yangi ma’lumotlar ko‘p.

O‘zidan keyingi asarlarga ta’siri



Tarixiy geografiya fanida Jayhoniy asarining umumiy mazmunini tiklashga ko‘p urunildi. Chunki Jayhoniy o‘zidan keyingi geografik adabiyotga juda katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Bu ta’sirning yo‘llari I. Markvart tuzgan sxemada ayniqsa yaqqol ko‘rinadi. Bu sxemaga ko‘ra, Ibn Rusta va Bakriy — Jayhoniy asaridan bevosita ko‘chirib olganlar, Avfiy esa „Hudud ul-olam“dan, Gardiziy — Jayhoniyga bevosita bog‘liq bo‘lgan noma’lum mualliflar orqali material olgan.

Jayhoniyning Sharqiy Yevropa va Kaspiy viloyatlari to‘g‘risida yozgan ma’lumotlari keyinchalik butun O‘rta Osiyo — Xuroson olimlarining shu yerlar to‘g‘risidagi tasavvuriga asos bo‘ldi, chunki boshqa olimlar Jayhoniy so‘zlariga tayanib, uni sal kengaytirib yozdilar.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz