Jarkent masjidi
Jarkent masjidi (qozoqcha: Жаркент мешіті) Qozogʻistonning Jarkent shahridagi markaziy masjididir. Masjid 1895-yilda xitoylik meʼmor Hon Piket loyihasi boʻyicha muhojirlarning yigʻilgan mablagʻlari hisobiga qurilgan. Masjid 1982-yildan buyon respublikadagi ahamiyatga molik arxitektura va tarix yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan.
Tarixi
Yangi masjid qurish taklifi 1887-yilda Jarkent musulmon jamoasi yigʻilishida birinchi gildiya savdogari Vali Oxun Yoʻldoshevdan chiqqan. U dastlabki toʻlovni amalga oshiradi va musulmonlardan ehson yigʻishni tashkil etadi. Bosh meʼmor xitoylik usta Hon Pike (Mukan) boʻlib, unga uygʻur ustalari Hasan Imanov, Ushurbaki, Tair Ismoilov, Nasretdin Kara, Zaynutdin, Abduqodir va boshqalar yordam bergan. 1892-1895-yillarda masjid va minorali asosiy peshtoqqa ega kirish qismiqurilgan. 1903–1905-yillarda kichik masjid, madrasa, panjaralar qurilgan. 1910-yildagi zilzila sabali, bino katta zarar koʻradi – ikkala bezak minorasi, gumbazlarning tepalari qulab tushdi, gumbazlarda yoriqlar paydo boʻladi. Masjid Sovet davrida turli maqsadlarda foydalanilgan: jumladan, omborxona (asosan don ombori), chegarachilar uchun kazarma, kinoteatr va choyxona. Qayta tiklash ishlari 1975-1978-yillarda amalga oshiriladi. Rekonstruksiya ishlaridan soʻng Qozogʻiston SSR Vazirlar Kengashining 1978-yil 24-martdagi buyrugʻiga binoan masjidda arxitektura va sanʼat muzeyi ochildi, bu hujjatga Vazirlar Kengashi Raisi Bayken Ashimov imzo chekkan. Tom va asosiy peshtoq 2001-2004-yillarda rekonstruksiya qilingan.
Arxitekturasi
Masjid Xitoy islom meʼmorchiligi uslubida qurilgan. Masjidning umumiy maydoni 28×54 metrni tashkil qiladi. Tuzilishiga koʻra, balandligi 14.5 metr (48 ft) boʻlib, minorasining uzunligi 19 metr (62 ft) ga teng. Minora Tyan-Shan archasidan yasalgan 52 ta ustun bilan oʻralgan. Antablement yogʻoch oʻymakorligi bilan bezatilgan. Masjidning devorlari toʻsinlardan, tomi esa tunukadan qilingan. Ustunlar va boshqa yogʻoch qismlarni oʻzaro birlashtirishda mixlar ishlatilmagan. Masjid majmuasi tosh devor bilan oʻralgan boʻlib, uning balandligi 2.3 m (7.5 ft) ni tashkil etadi. Janub va shimol tomonda darvozalar bor. Masjid hovlisida shimoli-sharqiy tomondan kichik hovli, janub tomonida madrasa joylashgan. Koʻtarilgan tom Xitoy meʼmorchiligi anʼanalari mos tarzda bunyod etilgan. Tomning qiyalik uchlari tepaga egilib, binoga nafislik va yorqinlikni beradi. Masjid ikki qavatli. Markaziy qismsiz va katta karnizli silindrsimon ustunlar binoni oʻrab turgan galereyani tashkil qiladi. Masjid binosining skeleti 122 ta yogʻoch ustunlardan iborat boʻlib, ustunlar va quvurlar tizimi bilan mahkamlangan. Masjidning diqqatga sazovor joyi dekoratsiyalarning koʻpligi – yogʻoch oʻymakorligi, boy ranglardagi polixrom rasmlaridir. Ular masjidning bosh zali arklari va devorlari yuzasiga goʻzallik baxsh etadi. Ichki bezakda oʻsimlik shaklidagi naqshlar, arab yozuvlari, uygʻur bezaklarining elementlari ustunlik qiladi. Bundan tashqari, qushlar, baliqlar va hayvonlarning tasvirlari, shu jumladan hayoliy jonzotlar tasvirlari ham mavjud.
Manbalar
uz.wikipedia.org