Janubiy Qozog`iston viloyati
Turkiston viloyati (qozoqcha: Түркістан облысы, Türkıstan oblysy) — Qozogʻiston Respublikasi janubidadagi viloyat. 2018-yildan buyon Turkiston viloyati deb qayta nomlandi. 1932-yil 10-martda tashkil etilgan (1962—64 y-yilarda Janubiy Qozogʻiston oʻlkasining bir qismi, 1964-yildan 1992-yil 6-maygacha Chimkent viloyati). Maydoni 117,3 ming km. Aholisi 2 621 523 kishi (2012), asosan qozoqlar va oʻzbeklar, shuningdek, rus, ukrain, tatar, ozarbayjon, tojik va boshqa millat vakillari yashaydi. Markazi 19-iyun 2018-yildan buyon turkiston shahri. Viloyat tarkibida 13 ta tuman, 4 ta shaharcha, 7 ta shahar, 13 ta kent, 171 ta qishloq okrugi, 932 ta qishloqlari bor. Toshkent — Aris — Orenburg , Almati — Oris — Orenburg temir yoʻl magistralining bir qismi oʻtgan. Muhim avtomobil yoʻllari: Chimkent — Toshkent, Chimkent — Taraz, Chimkent — Turkiston — Qiziloʻrda, Avialiniyalar Chimkentni Toshkent, Moskva, Bishkek, Almati, shuningdek, viloyat tumanlari bilan bogʻlaydi. Janubiy qozogʻiston viloyatida oliy oʻquv yurtlari, 2-teatr, oʻlkashunoslik muzeyi, Sariogʻoch balneologik kurorta bor.
Hududiy boʻlinishi
Aholisi
Janubiy Qozogʻiston viloyatida respublika aholisining 15 %-i yashashadi (2011). Aholining oʻrtacha zichligi 1 km-ga 22,36 kishidan toʻgʻri keladi. Respublika boʻyicha tabiiy oʻsish boʻyicha (1000 kishiga 22,6 chaqaloqdan keladi) va aholi sonining tabiiy oʻsishining eng yuqori koʻrsatkichiga (32,5-ming kishidan oshdi) yetdi.
Geografiyasi
Hududi Shimoliy tarafidan Qaragʻandi, Sharqiy tarafida Jambil, gʻarbiy tarafidan Qiziloʻrda viloyatlari bilan chegaradosh, janubida Oʻzbekiston Respublikasi bilan chegaradosh. Janubiy Qozogʻiston viloyati Turon past-tekisligining sharqiy qismi va Tyan-Shanning gʻarbiy tarmoqlarida joylashgan. Hududining koʻp qismi tekislik (balalandligi 200– 300 m). Chekka janubda Mirzachoʻlning shimoliy qismi, shimolda Betpaqdala choʻli bor. Viloyatning markaziy qismida Qoratov tizmasi (eng baland joyi 2176 m), janubi-sharqida Talas Olatovining gʻarbiy chekkalari, Qorjontov (2824 m) va Ugom (4238 m) tizmalari qad koʻtargan.
Transporti
Viloyat iqtisodining rivojlanishiga temir yoʻl xizmatining ulushi katta. Asosiy temir yoʻl tarmoqlari: Orenburg — Toshkent, Turkiston — Sibir temir yoʻli. Temir yoʻlning umumiy uzunligi 443 km.dan oshadi, xizmat koʻrsatish postlari Shengeldi — Oris va Turkiston — Oris — Tulkibosh stansiyalarning oraliqlari. Avtomabil yoʻlining umumiy uzunligi 5200 km, unung 800 km.dan ortigʻi respublikalik, 4470 km asosiy ahamiyatga ega yoʻllar. Viloyatdagi katta avtomagistrallar: Almati — Toshkent, Chimkent — Qiziloʻrda, Chimkent — Juantoʻbe. Havo yoʻllarida „Chimkent auejayi“ AAQ xalqarolik jonli va tranzitlik aviareyslari foydalanishga qulay. Viloyatdan Buxoro — Chimkent — Almati gaz quvuri, Omsk — Pavlodar — Chimkent neft quvuri oʻtadi.
Tabiati
Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq va quruq, qishi qisqa, iliq, qor kam yogʻadi. Iyulning oʻrtacha harorati shimol va janubi-gʻarbida 28 °C, janubi-sharqida 16— 24 °C. Yanvarning oʻrtacha harorati shimolda — 9 °C, janubda — 2 °C. Yiliga 100–400 mm dan 1000 mm gacha yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 230—290 kun. Yirik daryosi — Sirdaryo va uning irmoqlari Keles, Quruqkeles, Aris. Shimolda Chu daryosi oqib oʻtadi. Sirdaryoda Chordara suv ombori qurilgan. Doʻstlik, Aris va Turkiston magistral irrigatsiya kanallari mavjud. Sirdaryo qayirida chuchuk suvli koʻllar, Chu daryosi quyi oqimida shoʻr koʻl koʻp. Tekisliklarda qumli va qumoq-qoʻngʻir va boʻz-qoʻngʻir tuproqlarda boshoqli shuvoq hamda shoʻra, qora va oq saksovul, yulgʻun oʻsadi. Sirdaryo va Chu daryolari qayirida oʻtloq, shoʻrlangan tuproqlarda qamish oʻsadi. Togʻlarda vertikal mintaqalar — choʻl zonasidan alp oʻtloqlari va muzliklargacha uchraydi. Choʻlda kemiruvchilar (yumronqoziq, qumsichqon, qoʻshoyoq), togʻlarda togʻ takasi va togʻ qoʻyi (arhar), qoplon, ayiq, qushlardan tasqara, toʻqaylarda boʻri, tulki, oq sichqon, sassiqkoʻzan, qobon, qirgʻovul, koʻllarda gʻoz, oʻrdak, choʻlda sudraluvchilardan ilon, toshbaqa, kaltakesak yashaydi.
Sanoati
Viloyat iqtisodida kon sanoati va qishloq xoʻjaligi xom ashyolarini qayta ishlash sanoati bilan birga intensiv obikor dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan. Energetikasi asosan tabiiy gaz (Oʻzbekiston), toshkoʻmir (Qaragʻanda), mahalliy qoʻngʻir koʻmir (Langar) va mazutda ishlaydi. Kon sanoati (Kentov shahri va Achisoy hamda Bayjonsoy shaharchalarida polimetall konlari va boyitish fabrikalari), rangli metallurgiya (Chimkentda qoʻrgʻoshin eritish fabrikasi), mashinasozlik (pressavtomatlar, kardan vallari, avtotraktor detallari ishlab chiqarish, ekskavator zavodlari), kimyo va farmatsevtika (chorva mollariga beriladigan antibiotiklar, fosforli tuzlar zavodlari), yengil (ip gazlama kombinati, paxta tozalash va qorakoʻl teri zavodlari, paypoq-trikotaj, tikuvchilik, poyabzal fabrikalari), oziq-ovqat (moy ekstraksiya, sut va meva konserva, vino zavodlari) sanoati tarmoqlari rivojlangan. Sement, gʻisht, keramzit, neftni qayta ishlash zavodlari bor. Janubiy Qozogʻiston viloyati obikor dehqonchilik, paxtachilik, tokchilik va bogʻdorchilik regioni. Qishloq xoʻjaligida galla ekinlari, texnika ekinlari, yem-xashak ekinlari, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. Tokchilik va bogʻdorchilik rivojlangan. Chorvachilikda yaylov qorakoʻlchiligi, mayin junli va goʻsht-moy qoʻychiligi, goʻsht-sut qoramolchiligi rivojlangan. Qoʻy, echki, qoramol, yilqi, tuya va parranda boqiladi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org