Janubiy Oʻzbekiston tajriba stansiyasi
Janubiy Oʻzbekiston tajriba stansiyasi — bogʻdorchilik, uzumchilik va subtropik ekinlar boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boradigan muassasa. Soʻrxondaryo viloyatining Denov sh.da joylashgan. St-ya Butunittifoq seleksiya ilmiy tadqiqot institutining Denov tayanch punkti (1932) asosida 1945-yili tashkil etilgan. 1956-yildan R. R. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti tarkibida. Asosiy vazifasi bogʻdorchilik, uzumchilik va subtropik mevalar (anor, anjir, xurmo)ning agrotexnikasi uslublarini ishlab chiqish, eng yaxshi mahalliy va chetdan keltirilgan meva, uzum, subtropik ekinlar navlarini oʻrganish va ishlab chiqarishga joriy qilishdan iborat. St-yada uzumchilik va bogʻdorchilik, subtropik ekinlar boʻlimlari, agrokimyo lab. bor. St-ya hududida Davlat nav sinash tarmogʻining subtropik ekinlar nav uchastkasi, Oʻzbekistonda yaagona boʻlgan subtropik va oʻrmon daraxtlarining 200 dan ortiq turini oʻz ichiga olgan noyob dendrariy bor. Eksperimental bazasining umumiy maydoni 136 ga, shu jumladan bogʻ va uzumzorlarning eksperimental va kolleksion ekinlari mayd. 42,1 ga. St-ya kolleksiyasida anorning 140, anjirning 92, sharq xurmosining 62, urugʻli (olma, nok, behi va b.) mevalarning 46, danakli (oʻrik, olxoʻri, shaftoli va b.) mevalarning 55, uzumning 125 navi toʻplangan. St-ya koʻchatzorlarida har yili eng yaxshi subtropik mevali ekinlar va uzum navlarining 500 mingdan ortiq koʻchatlari yetishtiriladi. Yuqori hosildor anor (Desert), xurmo (Denov qandagi, Oʻzbekiston pioneri) navlari yaratilgan, anjirning istiqbolli navlari ajratib olingan.
Manbalar
uz.wikipedia.org