Januarius MacGahan
Januarius Aloysius MaCGahan talaffuzi: Yanuariy Aloiziy MakGaxan (inglizcha: Januarius Aloysius MacGahan /məˈɡæn/ mə-GAN;; 1844-yil 12-iyun, New Lexington, Ohio, AQSh – 1878-yil 9-iyun, Istanbul, Usmonlilar imperiyasi) amerikalik harbiy muxbir, New York Herald va London Daily News[en] gazetalarida ishlagan. 1876-yilda Bolgariyadagi Boshibuzuqlarning vahshiyliklari haqidagi maqolalari bilan tanilgan, bu Yevropada keng jamoatchilik eʼtiborini qozongan va Britaniya hukumatini 1877—1878-yillardagi rus-turk urushida Usmonlilar imperiyasini qoʻllab-quvvatlashdan voz kechishga majbur qilgan.
Biografiyasi
Januarius Aloysius MacGahan 1844-yil 12-iyunda Ohio shtati New Lexington shahrida irlandiyalik James MacGahan va Genriette Dampsinelar oilasida tugʻilgan. Amerikaga koʻchib ketishdan oldin James MacGahan 1815-yilda Napoleonni Avliyo Yelena oroliga olib kelgan „Nortumberland“ kemasida xizmat qilgan.
Januarius 7 yoshida otasidan ayrilgan. Oilasiga yordam berish uchun yaqin atrofdagi fermalarda ishlay boshlagan. 17 yoshida Indiana shtatining Huntington shahriga koʻchib oʻtgan va shu yerda sotuvchi va oʻqituvchi boʻlib ishlagan.
1864-yil boshida Januarius Saint Louisga koʻchib oʻtgan va bu yerda bir muddat Union Pacific temir yoʻl kompaniyasida hisobchi boʻlib ishlagan. Saint Louisda u Fuqarolar urushi qahramoni, asli irlandiyalik general Philiph Sheridan bilan uchrashadi. Yigitning keyingi rivojlanishiga foydali taʼsir koʻrsatgan general Sheridan uni Yevropaga huquq fakultetiga borishga koʻndirgan.
1868-yil dekabrda Januarius Brusselga borgan. MacGahan advokat boʻla olmagan, lekin qisqa vaqt ichida nemis va frantsuz tillarini puxta egallab, oʻzining chet tillarini oʻrganish qobiliyatini kashf etgan. 1870-yilda Fransiya-Prussiya urushi boshlanib, general Sheridan MacGahanga „New York Herald“ gazetasining Londondagi ofisida urush muxbiri sifatida ishga kirishga yordam bergan.
Jurnalistik faoliyati
MacGahanning fransuz armiyasining magʻlubiyatini tasvirlagan yorqin maqolalari yosh jurnalistga shuhrat keltirgan. „New York Herald“ gazetasidagi maqolalari koʻplab Yevropa gazetalari tomonidan qayta nashr etilgan. Urush oxirida fransuz rahbari Léon Mishel Gambetta va Victor Hugodan intervyu olgan. 1871-yil mart oyida Parij kommunasi qoʻzgʻoloni haqida birinchilardan boʻlib xabar bergan. Oʻsha yili MacGahan fransuz harbiylari tomonidan hibsga olingan, ammo AQShning Fransiyadagi elchisining aralashuvi tufayli ozod qilingan.
1871-yilda Januarius MacGahan Sankt-Peterburgdagi „New York Herald“ gazetasida muxbir boʻlib ishboshlangan. Rus tilini tezda oʻzlashtirib olgan va rus zodagonlari bilan aloqa oʻrnatgan. 1873-yilda eski zodagonlar oilasidan chiqqan boʻlajak rafiqasi Varvara Nikolayevna Yelagina bilan uchrashgan.
Januarius MacGahan amerikalik general Willam Shermanning Sankt-Peterburgga tashrifini yoritib bergan.
Rus qoʻshinlarining Xiva xonligiga bostirib kirishi rejalashtirilganidan xabar topgan MacGaxan taqiqqa zid ravishda Qizilqumni otda kesib oʻtadi va 1873-yilda Xiva shahrining taslim boʻlganiga guvoh boʻladi. Bu yerda polkovnik Mixail Skobelev bilan uchrashgan, ularning doʻstligi umrining oxirigacha davom etgan. Kampaniya natijalariga koʻra, MacGahan 1874-yilda Londonda va 1875-yilda Moskvada nashr etilgan „Campaigning on the Oxus and the fall of Khiva“ asarini nashr etgan.
1874-yilda toʻqqiz oy Ispaniyada boʻlib, Uchinchi Karlist urushini kuzatgan va tasvirlab bergan.
1875-yilda ingliz tadqiqotchisi ser Allan William Young bilan „HMS Pandora“ bug yaxtasida Atlantikadan Tinch okeaniga shimoli-gʻarbiy oʻtish yoʻlini izlash uchun ekspeditsiyaga chiqqan. Ekspeditsiya Kanada Arktikasidagi Peel Sound oroliga yetib borishga muvaffaq boʻlgan, biroq muz toʻplami tufayli qaytishga majbur boʻlgan.
Rus-turk urushi va MacGahanning oʻlimi
1877-yil 24-aprel Rossiya imperiyasi Turkiyaga urush eʼlon qilgan. Turk sultoni Abdulhamid II Rossiyaga qarshi urushda anʼanaviy ittifoqchisi boʻlgan Britaniyadan yordam soʻragan, ammo Britaniya hukumati „jamoatchilik kayfiyati tufayli“ aralasha olmasligini aytgan.
MacGahan Rossiya armiyasidagi Daily News[en] urush muxbiri etib tayinlangan. General Skobelev bilan doʻstligi tufayli doimo birinchi saflarda boʻlgan. Uning hisobotlarida rus-turk urushining barcha asosiy janglari yoritilgan. Turk armiyasining yakuniy magʻlubiyati haqida xabar bergan va San-Stefanoda tinchlik shartnomasini tuzishda ishtirok etgan.
Istanbulda, Berlin Kongressiga borishga tayyorgarlik koʻrayotganda, MacGahan tif isitmasi bilan kasallangan va 1878-yil 9-iyunda 33 yoshida vafot etgan. Diplomatlar, urush muxbirlari va general Skobelev ishtirokida yunon qabristoniga dafn qilingan.
Besh yil oʻtgach, oʻsha paytda AQSh armiyasining bosh qoʻmondoni lavozimini egallagan general Sheridanning buyrugʻi bilan Januarius MacGahanning jasadi Amerika Qoʻshma Shtatlarga olib kelingan va New Lexingtonda qayta dafn etilgan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org