Jamoati islomiy
Jamoati islomiy (urdu: جماعت اسلامی "Islom jamoati") — Hindistonda 1941 y. barpo boʻlgan umumhindiston partiyasi. 1948 y. uning asosida mustaqil "Jamoati islomii hind" ("Hindiston musulmonlari jamoati") tarkib topdi. Soʻl islom oqimlarining umumiy gʻoyaviy uyushmasi sifatida Pokiston, Hindiston va Bangladeshda (1971 y.dan) faoliyat olib boradi. "J. i."ning nazariy dasturini pokistonlik Abul Aʼlo Mavdudiy (1981 y. v. e.) ishlab chiqqan. Partiyaning nizomiga koʻra, rahbariyat tarkibi islomiy tamoyil — mushovara (maslahat) asosida tuziladi. Tashkilotni barcha aʼzolar tomonidan saylangan amir boshqaradi. Partiyaga aʼzolik cheklangan. Unga shaxciy va ijtimoiy hayotda shariat qonunlariga qatʼiy rioya qiladigan, sinov muddatini oʻtagan hamda qasamyod qilgan shaxslar qabul etiladi. Abul Aʼlo Mavdudiy Pokistonning atigi 4—5% aholisinigina haqiqiy musulmon deb hisoblaydi. Shu boisdan partiyaning toʻla huquqli aʼzolari soni uncha katta emas (2500—3000), ammo uning asosiy kuchini behisob "tarafdorlar" va "xayrixohlar" tashkil etadi. "J. i." ijtimoiy jihatdan ziyolilar, talabalar, kichik mulkdorlar va shahar quyi tabaqalari hamda harbiylarning konservativ toifalaridan tarkib topgan. Partiyaning asosiy maqsadi — islom davlatini tuzishdir. Bunday davlat tuzumini Mavdudiy "teodemokratiya" deb atadi va u "yangi tipdagi (yaʼni oʻziga oʻxshagan) ulamolar tomonidan boshqarilishi kerak". A. Mavdudiy vafot etgach, partiyaga Mian Mohammad, Gʻafur Ahmad va Mavdudiyning oʻgʻli — Mavlono Faruqiy Mavdudiylar rahbarlik qilmokdalar.
Ahadjon Hasanov.
Manbalar
uz.wikipedia.org