Jamoa xo'jaligi




Jamoa xoʻjaligi - mulkiy pay va jamoaviy mehnat asosida ixtiyoriy uyushgan kishilarning shirkat (sheriklik) tashkiloti; xoʻjalik yuritish shakli. J. x.ning bir qancha turlari bor va ular turli mamlakatlarda turlicha nomlanadi. Shoʻrolar hukumatining dastlabki tiklanish davrida qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini kollektivlashtirish maqsadida (1-bosqich) 1918—20-yillarda yerlarni hamkorlikda ishlovchi sherikchilik maqomidagi xoʻjalik yuritish shakllari (shirkatlar) tashkil etilgan. Ularning aʼzolari oʻzlarining i. ch. buyum va vositalarini faqat u yoki bu mehnat jarayonini bajarish davrida jamoa ishiga qoʻshgan, boshqa paytda esa oʻz tasarruflarida saqlagan. Olingan daromad mahsulot holida i. ch. jarayoniga jalb etilgan vositalarga nisbatan taqsimlangan. Aʼzolarning bevosita mehnatda ishtiroki va ulushining hisobga olinmasligi kabi sabablar mazkur i. ch.ni tashkil etish shaklini takomillashtirishni taqozo etdi. Natijada kommuna shaklidagi xoʻjaliklar tuzildi (ularning mol-mulki aʼzolari ixtiyoridagi i. ch. vositalarining birlashtirilishi asosida paydo boʻldi). Har bir aʼzo ulushi qoʻshilgan buyum va vositalarning qiymatlarini aniqlash asosida har bir aʼzoga tegishli mulkiy pay bilan belgilangan hamda shunga muvofiq yil yakuni boʻyicha olingan daromad taqsimlangan. Keyingi bosqichda tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi artellarida mulkiy pay miqdorini aniqlashda aʼzolar mulki qiymatidan tashqari ularning mehnatdagi bevosita ishtiroklari ham eʼtiborga olinadigan boʻldi. Keyinchalik ichki i. ch. va iqtisodiy usul hamda tamoyillarga tegishli oʻzgartirishlar kiritish asosida qishloq xoʻjaligi artellari kolxozlarda aylantirildi.

J. x.ning keyingi rivojlanish bosqichlarida sobiq Ittifoqning nomukammal iqtisodiy siyosati tufayli kolxozlarda paychilik tamoyillariga barhamberildi va yaratilgan mol-mulklar umumjamoa mulki sifatida (oʻsha davr konunchilik hujjatlarida) belgilab qoʻyildi. Shunga asosan umumjamoa mulki J. x. yuritishning moddiy, Namunaviy ustav esa huquqiy asos boʻlib qoldi.

Oʻzbekistonda 1990-yillar boshidan sobiq kolxozlar oʻrnida faoliyat koʻrsatayotgan J. x.da aʼzolarning umumiy yigʻilishi boshqaruvning oliy organi hisoblangan. Biroq umumiy yigʻilish J. x. aʼzolarining ishtirokida oʻtkazilsada, aslida aloxida aʼzo xoʻjalik faoliyati yuzasidan qabul qilinadigan tegishli qarorlar boʻyicha hal etuvchi ovozga ega boʻlmagan. Umumiy yigʻilishlar oraligʻida xoʻjalikni yuritish bilan bogʻliq masalalarni hal etish Boshqaruv tomonidan amalga oshirilgan. Boshqaruvga va hamma ishga rais rahbarlik qilgan.

Bozor iqtisodiyotiga oʻtish bosqichida Oʻzbekistonda J. x. ham shaklan, ham mazmunan xoʻjalik yuritishning bozor usuli va tamoyillariga moye emasligi maʼlum boʻlib qoldi. 1998-yil 30 aprelda Oʻzbekiston Respublikasining "Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida" qonuni qabul qilindi. Respublika hukumatining 1998-yil 15 iyuldagi 299-sonli "Qishloq xoʻjaligini isloh qilishga oid qonun hujjatlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) tuzish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga asosan barcha J. x. shirkat xoʻjaliklariga aylantirila boshlandi. Oʻzbekistonda 1754 shirkat xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi (2000).

J. x.ni shirkat xoʻjaliklariga oʻzgartirish mulkiy pay va oila nydpamura asoslangan boʻlib, maqsad qishloqda mulkdorlar sinfini yaratish, ularning mulkiy huquqlarini qayta tiklash va himoya qilish, bozor iqtisodiyoti talab va usullariga javob beradigan xoʻjalik yuritish shaklini rivojlantirish maqsadlarini koʻzlaydi (yana q. Qishloq xoʻjaligi shirkati).

Qurbon Choriyev.

Manbalar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz