Jamoa kelishuvi




Jamoa kelishuvi - muayyan kasb, tarmoq, xudud xodimlari uchun mehnat shartlari, ish bilan taʼminlash va ijtimoiy kafolatlar belgilash borasidagi majburiyatlarni oʻz ichiga oladigan meʼyoriy hujjat. Xodimlar bilan ish beruvchilarning mehnatga oid munosabatlarini tartibga solish, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muvofiqlashtirishga yordam berish maqsadida tuziladi. Har qaysi taraf J. k.ni tuzish va oʻzgartirish yuzasidan muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqishga haqlidir. Kasaba uyushmasi, xodimlarning boshqa vakillik organi oʻzlarini vakil qilgan xodimlar nomidan muzokara yuritish, J. k.ga oʻzlarini vakil qilgan xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi ilova kiritishni taklif etish va uni imzolashga haqlidir. J. k.ni tuzish, oʻzgartirish va toʻldirish uchun ish beruvchi, ish beruvchilar birlashmasi (ularning vakillari) bilan kacaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari oʻrtasida muzokara oʻtkaziladi. Zarur hollarda unda ijrochi hokimiyat organlari qatnashadi. Muzokara yuritish va J. k. loyihasini tayyorlash uchun taraflar teng huquqlilik asosida tegishli vakolatlarga ega boʻlgan vakillardan iborat komissiya tuzadi. J. k.ni ishlab chiqish va tuzish tartibi, muddatlari komissiya tomonidan belgilanadi va uning qarori bilan rasmiylashtiriladi, komissiya ishlab chiqqan loyiha kelishuv qatnashchilarining vakolat berilgan vakillari tomonidan imzolanadi va ilovalari bilan 7 kunlik muddat ichida kelishuv ishtirokchilariga, shuningdek, bildirish roʻyxatidan oʻtkazish uchun OʻzR Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tegishli organlariga yuboriladi.

J. k. mazmunini taraflar belgilaydi. J. k.da mehnatga haq toʻlash, mehnat shartlari, uni muhofaza qilish, mehnat va dam olish tartibi; xodimlarning ishga joylashishiga, ularni qayta oʻqitishga koʻmaklashish; xodimlar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha maxsus tadbirlar; davlat korxonalarini xususiylashtirish chogʻida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish; nogironlar va yoshlar (shu jumladan 18 yoshga toʻlmagan shaxslar) mehnatidan foydalanish maqsadida ular uchun qoʻshimcha ish joylari tashkil etuvchi korxonalarga beriladigan imtiyozlar va h. k. nazarda tutilishi mumkin. J. k.ga uning oʻzida belgilangan tartibda taraflarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi, u imzolangan paytdan yoki kelishuvda belgilangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi, uning amal qilish muddati taraflar tomonidan belgilanadi va uch yildan oshib ketmasligi lozim. Barcha pogʻonadagi jamoa kelishuvlarining bajarilishi bevosita taraflar yoki ular vakolat bergan vakillar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli organlari tomonidan tekshirib turiladi. Tartibga solinadigan munosabatlar sohasi, hal qilinadigan masalalarning xususiyatlariga qarab, bosh, tarmoq va hududiy (mintaqaviy) J. k. tuzilishi mumkin.

Manbalar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz