Jamiyat 5.0
Jamiyat 5.0 (inglizcha Society 5.0 yoki Super Smart Society) — hayotning barcha jabhalarida raqamli texnologiyalardan foydalanishga asoslangan jamiyatni rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy strategiyasi.
Bunday jamiyat gʻoyasi Yaponiyaning inson kapitalini rivojlantirish milliy strategiyasining bir qismidir. Jamiyat 5.0 strategiyasi Yaponiyaning yaqin kelajakdagi texnologik rivojlanishini bashorat qilishning yangi yondashuvidir. Yaponiya innovatsion rivojlanish prognozlarining birinchi tahlili (2000-yilgacha boʻlgan davrda) 1971-yilda nashr etilgan. Gorizonti 2050-yilgacha kengaytirilgan joriy 10-prognoz esa 2015-yil mart oyida taqdim etilgan.
„Jamiyat 5.0“ konsepsiyasining yaratilishi Yaponiyaning uzoq muddatli rivojlanish, jahon iqtisodiyotida yetakchi mavqeini saqlab qolish yoki egallash yuzasidan o‘z tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha boshqa davlatlarning strategiyalariga javobi bo‘ldi. Masalan, Germaniyaning High-Tech Strategy 2025 strategiyasi mohiyati eng yangi texnologiyalardan, jumladan, ishlab chiqarish sanoatida IoTdan foydalanishdan iborat; AQSH sanoat Interneti strategiyasi esa axborot jarayonlarini ishlab chiqarish bilan birlashtirgan keng qamrovli yechimni yaratishni oʻz ichiga oladi.
Strategiyaning mohiyati
"Jamiyat 5.0" strategiyasi Yaponiya hukumati tomonidan 2016-yilda mamlakatdagi yirik biznes federatsiyasi Keidanrenning faol ishtirokida qabul qilingan. Keidanren strategiyani ishlab chiqa turib, „Jamiyat 5.0“ yangi ijtimoiy ishlab chiqarish usulini anglatadi, deb hisoblashini qayt etadi:
„Jamiyat 5.0“ strategiyasining paydo boʻlishi Yaponiya, jahon iqtisodiyoti va umuman jamiyatning barqaror rivojlanishini cheklovchi masalalarni hal qilish bilan bogʻliq: mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi, jamiyatning qarishi, ijtimoiy rivojlanish koʻrsatkichlarining tushishi, global raqobatbardoshlik darajasining pasayishi, eskirgan infratuzilma, tabiiy ofatlar, terrorizm, ekologik muammolar, tabiiy resurslarning yetishmasligi, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokining yetarli emasligi shular jumlasidandir.
Barqaror iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy muammolarni hal qilish kabi ikki turlicha maqsadga bir vaqtning oʻzida erishish hozirgi ijtimoiy tizimda qiyin boʻlib qolyapti. Biroq, Yaponiya hukumatiga koʻra, buyumlar interneti (IoT), robototexnika, sunʼiy intellekt va "katta maʼlumotlar" (big data) kabi yangi texnologiyalarning rivojlanishi jamiyat hayoti rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin. „Jamiyat 5.0“da ushbu texnologiyalar barcha sohalarda: ijtimoiy va iqtisodiy jabhalarda oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun birlashtirilgan. Kompyuterlashtirish asosan ishlab chiqarish va biznes bilan bogʻliq hisoblangan toʻrtinchi sanoat inqilobidan keyingi bosqich sifatida „Jamiyat 5.0“ konsepsiyasi raqamli texnologiyalardan jamiyatning barcha sohalarida chuqurroq va kengroq foydalanishni taklif qiladi.
Strategiyaning asosiy gʻoyasi raqamli muhit va jismoniy makonni integratsiyalash orqali ijtimoiy muammolarni hal qilish, buning natijasida inson hayoti sifatini yaxshilashdir. Bunday jamiyatdagi innovatsiyalar qulay va xavfsiz boʻlib, ular odamlarning hayotini osonlashtiradi va maroqli qiladi. „Jamiyat 5.0“ strategiyasi mohiyatiga ko‘ra, ilg‘or texnologiyalar hayotning barcha jabhalariga kirib borgan holda biznesning yangi shakllari va turlarining paydo bo‘lishiga, bu esa butun mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi va sifat ko‘rsatkichlarining ortishi, har bir insonning individual hayot sifatlarining yaxshilanishga olib kelishi kerak.
„Jamiyat 5.0“ quyidagi dasturlarni amalga oshirish orqali mamlakat oʻsishi, Yaponiya iqtisodiyoti va umuman jamiyatning oʻzaro bogʻlangan va muvofiqlashtirilgan uygʻun rivojlanishining yangi modeliga aylanishi kutilmoqda:
Jamiyat 5.0 gʻoyasini amalga oshirish uchun Keidanren davlat, mahalliy hukumatlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va venchur kapital firmalarini oʻz ichiga olgan keng doiradagi hamkorlar bilan ishlab kelmoqda. Bunday hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad hozirgi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy vaziyat bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish va keyinchalik o‘zgarishlarning aniq dasturini yaratish va roʻyobga chiqarish, shuningdek, sarmoyalarni jalb etishdan iborat.
Vazifalar
Axborot jamiyati ilgari tarmoq orqali maʼlumot toʻplashni va shaxs tomonidan toʻplangan maʼlumotlarni keyingi tahlil qilish jarayonini ama;ga oshirishni oʻz zimmasiga olgan. Biroq Society 5.0 da odamlar, narsalar va tizimlar kiberfazoda oʻzaro bogʻlangan va sunʼiy intellekt yordamida olingan natijalar insonning imkoniyatlaridan oshib, jismoniy makonga „qaytadi“. Jamiyat 5.0 mintaqaviy, yosh, jins va til to‘siqlarini bartaraf etishga qaratilgan. Eng muhim maqsadlardan biri ijtimoiy muammolarni hal qilish bilan parallell ravishda yuzaga keladigan iqtisodiy rivojlanishdir. Ayni paytda rivojlanish strategiyasi 2030-yilgacha moʻljallangan.
Jamiyatning 5.0 ning asosiy xususiyatlari
Society 5.0 va Society 4.0 oʻrtasidagi farqlar
Texnologiya
Avtonom transport
Avtomatlashtirilgan boshqaruv g‘oyasi shundan iboratki, raqamli texnologiya tufayli avtomobil o‘zini o‘zi boshqaradi. Uchuvchisiz transport vositalarini yaratish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan. 2015-yilda Britaniyaning Delphi Automotive kompaniyasiga tegishli uchuvchisiz avtomobili San-Fransiskodan Nyu-Yorkgacha boʻlgan masofani 9 kunda muvaffaqiyatli bosib oʻtdi.
2016-yilda Moskvadagi Koltsevaya metro liniyasida avtopilotdagi birinchi poyezd harakatlana boshladi. 2017-yilning kuzida 45-Tokio avtosalonida Mitsubishi Electric avtomobilning oʻz sensorlari va tarmoq maʼlumotlaridan olingan axborotlarga asoslangan avtonom haydash texnologiyasidagi kompaniya yutuqlarini namoyish etgan xAUTO avtomobilini taqdim etdi.
Avtomatlashtirlgan poyezdlar Parij, Kopengagen, Dubay, Madrid, Atlanta, Karakas metrolarida ham ishlaydi. 2017-yilda Apple avtonom haydash texnologiyalari ishlanmalari, jumladan, obyektni identifikatsiyalash uchun kameralar, bir vaqtning oʻzida mahalliylashtirish va xaritalash uchun qurilmalar, sensorlar yordamida batafsil 3D xaritalar yaratish va favqulodda vaziyatlarda qaror qabul qilish mexanizmini taqdim qildi. Uber Pitsburgdagi yoʻllarda oʻzi boshqaradigan taksilarni ishga tushirdi.
Xususiy sensorga asoslangan boshqaruv texnologiyasining mohiyati tashqi muhitni keng burchakli old millimetrli toʻlqinli radar, old kuzatuv kamerasi va orqa yon radar yordamida kuzatishdan iborat.
Shuningdek, u Kvazi-Zenit sunʼiy yoʻldosh tizimi (QZSS) tomonidan uzatiladigan yuqori aniqlikka ega 3D xaritalar va CLAS (santimetrli darajadagi differentsial tuzatish tizimi) signallaridan foydalanadi. Shunday qilib, bu sensorlardan olingan maʼlumotlar tarmoq maʼlumotlari bilan birgalikda qayta ishlanadi, bu esa avtonom boshqaruvni xavfsizroq va qulayroq qiladi.
"Aqlli ishlab chiqarish"
"Aqlli ishlab chiqarish" — ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida tarmoqli axborot texnologiyalari va kiber-fizik tizimlardan kompleks intensiv foydalanish. Bunday ishlab chiqarish yaxshi mehnat sharoitlariga erishish, unumdorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va natijada mahsulotning raqobatbardoshligini oshirish imkonini yaratadi.
Shu turdagi texnologiyalardan foydalanishga misol qilib ultratovush yordamida tortlarni aniq kesishga qodir boʻlgan Newtech kompaniyasining RF13 robotini keltirish mumkin.
Ilgʻor texnologiyalardan foydalanishga tizimli yondashishning yana bir misoli 2003-yilda Mitsubishi Electric tomonidan ishlab chiqilgan e-F@ctory platformasidir. Rossiyada bu loyiha 2007-yilda taqdim etilgan. Platforma sensorlar yordamida ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida axborot oqimlarini to‘plash imkonini beradi. Yigʻilgan maʼlumotlar miqdori Edge Computing[en] texnologiyasi yordamida tahlil qilinadi. Butun tahlil ichidan faqat keyingi boshqaruv qarorini qabul qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar ERP tizimiga uzatiladi.
Oflayn moliya
Oflayn moliyalashtirishga misol sifatida Google Pay va Apple Pay kabi tizimlarni keltirish mumkin. Ular sizga savdo nuqtalarida kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Karta egasining maʼlumotlari tokenizatsiya texnologiyasidan foydalangan holda shifrlangan boʻladi.
Kelgusida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida to‘lov jarayonini soddalashtirish maqsadida avtomobillarda kontaktsiz to‘lov tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Avtomobil egasining bank hisobidagi maʼlumotlar yoqilgʻi quyish shoxobchalarida oʻrnatilgan sensorli datchiklar yordamida oʻqiladi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalari ustida ishlash
"Jamiyat 5.0" strategiyasi quyosh kabi qayta tiklanadigan manbalardan energiya toʻplaydigan qurilmalarni yaratishni ham oʻz ichiga oladi.
"Besh devor"[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yangi jamiyatga oʻtish uchun bir qator muammolarni bartaraf etish kerak. Yaponiyaning „Jamiyat 5.0“ strategiyasida bu muammolar „devorlar“ deb nomlanadi.
Vazirlik va idoralar devori
Davlatning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi va strategiyani amalga oshirish, byurokratiya darajasini pasaytirish. Aniq milliy strategiya va yangi hokimiyatlar tashkil etilgunga qadar davlat tomonidan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zarur.
Qonunchilik tizimi devori
Amaldagi qonunchilik taraqqiyotga toʻsqinlik qilishi mumkin. Masalan, Uber yoki Airbnb misolida olib qaraganda texnologiya, bir tomondan, odamlarga toʻgʻridan-toʻgʻri pul ishlash imkoniyatini beradi. Boshqa tomondan esa qonun ularga buni taqiqlashi mumkin.
Texnologiya devori
Bilimlar bazasini shakllantirish zarur, buning natijasida yangi raqamli texnologiyalardan foydalanish keng aholi uchun ochiq boʻladi.
Inson resurslari devori
Aholi bilim, ko‘nikma va malaka jihatidan hayotning turli sohalarida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishga tayyor bo‘lishi kerak. Bu muammoni hal qilish uchun taʼlimni isloh qilish va axborot savodxonligini oshirish zarur.
Ijtimoiy qabul devori
Yangi tip konsepsiyasiga oʻtish uchun jamoatchilik ongini oʻzgartirish zarur. Aholi ushbu konsepsiyani qabul qilishi va uning amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashi kerak.
Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qo‘shgan hissasi
Barqaror rivojlanish maqsadlari yoki Sustainable Development Goals (SDG) — xalqaro hamkorlik maqsadlari toʻplami. Ushbu loyiha, shuningdek, „Dunyomizni oʻzgartirish: Barqaror rivojlanish uchun 2030 kun tartibi“ deb nomlanadi. Bu cheklangan resurslar va ekologik toza — tabiat, energiya va moddiy tejamkor texnologiyalardan optimal foydalanishga, ijtimoiy va madaniy tizimlarning barqarorligini saqlashga, biologik va jismoniy tabiiy tizimlarning yaxlitligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
„Jamiyat 5.0“ strategiyasining qoidalari va g‘oyalari SDGga erishish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Ular orasida:
Eslatmalar
uz.wikipedia.org