Jalolov Bahodir Fazliddinovich
Jalolov Bahodir Fazliddinovich (1948.27.5, Toshkent) — rangtasvir ustasi, Oʻzbekiston xalq rassomi (1992), Oʻzbekiston (1997) va Qirgʻiziston (1998) BAakad. I. Repin nomidagi rassomlik, haykaltaroshlik va meʼmorlik institutini tugatgan (1974). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida oʻqituvchi (1974—80); 1997-yildan Milliy rassomlik va dizayn institutida mahobatli rangtasvir ustaxonasi rahbari, prof. (2000). Oʻzbekiston rassomlari uyushmasi boshqaruvi raisi (1987—92). Ijodini portretlar yaratish bilan boshlagan. Portretlarida kishilarning kasbi haqida tasavvur beruvchi holatlar aks ettirilgan, ijodiy mehnat jarayoni, chuqur psixologik holat mahorat bilan koʻrsatilgan ("Meʼmor", 1972; "Masharaboz Akrom Yusupov", 1974; "Avtoportret", 1975; "Kulol ayol. Xalq ustasi Hamro Rahimova", 1975; "Soniya va mangulik. Oʻrol Tansiqboyev xotirasiga", 1977; "Porloqerta. Rassom Sh. Abdurashidov xotirasi", 1980; "Tiklash. Xalq ustasi Muhiddin Rahimov", 1980). 70-yillarning oxiri — 80-yillarning boshlaridan mahobatli rassomlik sohasida samarali ijod qiladi: Qarshi musiqali drama teatri binosiga, "Chimyon" sanatoriysi oshxonasi foyesiga (1981), Toshkentdagi Kinochilar uyiga (1982) ishlagan devoriy rasmlari rassomni betinim izlanayotgan, oʻziga xos uslub yaratgan rassom sifatida tanitdi. "Bahor" konsert zali foyesiga ishlangan "Raqsning tugʻilishi" (1982), Qashqadaryo viloyati Tallimarjon nasos stansiyasi klubi devoriga (1983), Qoʻqon teatri foyelariga (1987), Tojikistonning Xoʻjand sh.dagi maktab binosiga (1988), Belgiyaning Kortreyk sh.dagi "Kortreyk 200" (1990), Toshkentdagi Turkiston saroyiga ("Umar Xayyom tushlari", 1993) va b.ga ishlangan devoriy rasmlar, manzaralar ("Isfarada bahor", "Togʻ qishlogʻi. Soʻqmoq", "Eski Gurzuf koʻchasi" va b.), kitoblarga yaratilgan illyustratsiyalar (Navoiy, T. Tula, U. Nosir va b. asarlari), dastgoh kartinalari ("Afgʻoniston — 83", "Afgʻoniston tongi" va b.) muallifidir.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1991).
Manbalar
uz.wikipedia.org