Jaloliddin Amiranshoh
Mironshoh Mirzo — Amir Temurning uchinchi oʻgʻli. 1366-yilda tugʻilgan. Uning onasi — Menglibek Og‘oyi Jon Qurbonidir. Mironshoh 1380-yilda 14 yoshidayoq Temurning Xuroson yurishida qatnashgan. Temur ana shu yurish oldidan hali qoʻlga kiritilmagan Xurosonga Mironshohni hukmdor qilib tayinlagan edi. Binobarin, Xuroson Temur tomonidan zabt etilgach, Mironshoh Hirotga kelib oʻrnashadi. 1393-yilda esa Temur Shimoliy Eron, Iroq va Kavkazortidek ulkan mamlakatni (sobiq Hulaguxonga qarashli) idora qilishni Mironshohga topshiradi.
Mironshoh yoshligidanoq harbiy sanʼatdan maʼlum darajada xabardor, jasur va yovga nisbatan shafqatsiz jangchi sifatida nom taratgan edi. Shuningdek, oʻta makkor, mayxoʻrlik va maishatga berilgan kishi edi. Tarixiy manbalarda naql qilinishicha: Samarqandda bir ziyofat asnosida Hirotning sobiq hukmdorining oʻgʻli Pirmuhammadning kallasini kulib turib, qilich bilan uzib tashlagan. Keyinchalik oʻzining bu qilmishini „mastlik“ka yoʻygan.
1376-yilda Jahongir Mirzo vafot etgach, uning katta bevasi Xonzoda (Sevin beka) begimni 1382-yilda Temur tarafidan Mironshohga nikohlab berilgan. Mironshoh Oʻzbekxonning nabirasi Xonzoda begimga uylangach, otasi Temur kabi „Koʻragon“ degan laqabga musharraf boʻlgan.
Mironshoh Mirzo oʻz poytaxti sifatida Ozarbayjonning Sultoniya shahri tanlagan edi. U keyingi paytlarda maishatga berilib, tez-tez ovga chiqardi. 1396-yil kuzida navbatdagi ovda otdan yiqilib shikastlanadi. Ana shu jarohatdan soʻng unda bir oz miyaning chalgʻish alomatlari vujudga kelgan, ammo Klavixoning yozishicha, u Mironshohda hech qanday savdoyilik alomatini koʻrmagan. Aksincha, Mironshoh kastiliyalik elchilarni oʻz zamonasining qonun-qoidalariga muvofiq tarzda qabul qilgan va qirolning sogʻligini soʻragan.
U shar’iy va noshar’iy xotinlar olishni koʻpaytiradi. Uzluksiz davom etgan bazmlar va har xil koʻngilochar oʻyinlar xazinaga sezilarli ravishda zarba beradi. Bundan tashqari, Sultoniya shahrida eng chiroyli va hashamatli binolardan birini buzdiradi. Shuningdek, Tabriz shahridagi mashhur tarixchi Rashididdinning maqbarasini buzdirib, marhumning suyaklarini yigʻdirib, shahardagi yahudiylar qabristoniga olib koʻmishni buyuradi. Oʻzining bunday xatti-harakatiga tarixchi Rashididdinning yahudiy mazhabiga mansub ekanligini asosiy sabab qilib koʻrsatdi.
Mironshoh oʻz haramidagi xotinlariga ham har xil tuhmat va boʻhtonlar qilib, jabr-zulmni haddan oshiradi. Nihoyat, 1399-yilda Mironshohning katta xotini Xonzoda begim eridan yashiriqcha Samarqandga-qaynotasi Temurning huzuriga borib, Mironshohning kirdikorlaridan shikoyat qiladi. Temur sevikli kelinidan bu ahvolni eshitib, qattik iztirobga tushadi. Usha davr tarixchilarining yozishicha, Temur bir hafta davomida yigʻlab, hech kimga koʻrinish hech bermagan. Nihoyat, Temur mashhur yetti yillik yurishga bel bogʻlab, yoʻl-yoʻlakay, qoqqisdan Ozarbayjonga bostirib kiradi. Temur Sultoniyaga kirgach, darxol Mironshoh va uning hamtovoqlari — arkoni davlatini tutdirib, zindonga tashlatadi.
Ertasi kun Temur oʻzining eng nufuzli kishilarini toʻplab, Mironshox masalasini oʻrtaga tashlaydi. Ulugʻ devonga yigʻilgan amaldorlardan Mironshoh va uning hamtovoqlariga berilajak jazo nimadan iborat boʻlishi kerakligini aytishlarini talab qiladi. Biroq yigʻilganlardan sado chiqmaydi. Nihoyat Temurning oʻzi Mironshoh va uning arkoni davlatiga oʻlim jazosini eʼlon qiladi. Temurning diniy rahnamosi, piri Sayid Baraka va ayrim amaldorlar bu hukmga qatʼiyan qarshi turadilar. Lekin Temur oʻz soʻzida mahkam turavergach, amir Shoh Malik oʻrnidan turib, „Oʻz oʻgʻlingiz-ku, davlatpanoh“-deydi. Temur tortishib utirishni yoktirmasdi binobarin, gʻazabi qaynab ketadi va oʻrnidan turib, amir Shox Malikka gʻazab bilan tikiladi. Shoh Malik esa yana „shahzoda sizning farzandi arjumandingiz erur, davlatpanox, qatl qildirsangiz Islom qilichiga farzandkushlik isnodi dogʻ bolib tushmogʻi muqarrardur“,- deydi. Temurning yanada gʻazabi avjga chiqarkan, „Men ahkomi shariatda emas, oʻz saltanatimda tartib oʻrnatmogʻim lozim!“ — deydi. Shunda Sayid Baraka oʻrnidan turib. — „Baribir, har bir ishdan Allox-taolo voqifdur, hukmdor“,- deydi. Shundan soʻng Temur oʻzi bir qarorga keladi-da, gʻazabdan tushib oʻz oʻrniga oʻtirgach, kengash tugaganligini maʼlum qiladi.
Ertasi shahar fuqarosini katta maydonga yigʻib, Mironshoh boshlik uning barcha amir va amaldorlarini qoʻllari bogʻliq holda zindondan chiqarib, shahar maydoniga olib keladilar. Maydon oʻrtasida turgan jallod Temurning soʻnggi buyrugʻini kutardi. Nihoyat, Temur qatlni boshlashga ijozat beradi. Jallod Mironshohning oʻnga yaqin bek va amaldorlarini birin ketin qatl qilgach, navbat Mironshohga keladi. Shu asnoda Sayid Baraka boshliq barcha amir va beklar hamda shahzodalar oʻrtaga tushib, Mironshohning gunohidan otishni Temurdan iltijo qilib, yolboradilar. Shundan soʻnggina, Mironshox banddan ozod qilinib, gunohi kechiriladi. Qatl qilingan bek va amaldorlarning toʻplagan mol-mulki musodara qilinib, xazinaga qaytariladi.
Mironshohning haramidagi xotinlari va kanizaklaridan faqat bolaliklarinigina qoldirilib, bolasizlari esa haramdan chiqarilib, haydaladi. Mironshohni esa hokimiyatdan azl qilib oʻrniga uning ikkinchi oʻgʻli Umar Mirzoni tayinlaydi. Mironshohning katta oʻgʻli Abubakr Mirzo otasi Mironshohni bundan buyon o:zi bilan birga qolishini bobosi Temurdan iltimos qiladi. Abubakr Mirzoning iltimosi qondirilgach, u otasi Mironshohni olib, oʻz hukmida bolgan Bagʻdodga joʻnaydi. 1408 yil 21 aprelda Mironshoh Ozarbayjonning Sardrud mavzesida turkman Qora Yusuf bilan bolgan jangda oʻldiriladi va Surhob tumaniga dafn qilinadi. Bir necha muddat oʻtgach, Shams Gʻuriy nomli shaxs darvesh kiyimida Surxobga borib, yashirincha Mironshohning
suyaklarini olib. Movarounnahrga keltiradi va Shaxrisabzda temuriylar maqbarasiga dafn qilinadi. Keyinchalik, kimningdur tashabbusi bilan Mironshoxning xoki Shaxrisabzdan Samarqandga keltirilib, Guri Amirda Temurning yoniga dafn ettiriladi. M. E. Masson, har holda Mironshoxning xoki Shahrisabzdan Samarqandga keltirilib, Goʻri Amirga dafn qilinishi Sulton Abusayid Mirzoning hukmronlik davrida amalga oshgan boʻlsa kerak, deb taxmin qiladi.
Mironshoxdan olti oʻgʻil va bir necha qiz qolgan. Eng katta oʻgʻli Abubakr Mirzo, ikkinchisi Umar Mirzo, uchinchisi Xalil Sulton Mirzo, toʻrtinchisi Suyurgʻatmish Mirzo, beshinchisi Iyjal Mirzo va oltinchisi Sulton Muhammad Mirzodir.
Manbalar
Turgʻun Fayziyev.
uz.wikipedia.org