Jahonotin Uvaysiy




Jahon otin Uvaysiy (taxallusi; ismi Jahon) (1779 – Margʻilon – 1845) — atoqli oʻzbek shoirasi, oʻzbek shoirlari murabbiysi, maʼrifatparvar.

Otasi Siddiq bobo ikki tilda sheʼrlar yozgan. Onasi Chinnibibi otinoyi boʻlib, akasi Oxunjon hofiz sifatida mashhur edi. Uvaysiy oilada xatsavodini chiqarib, avval xalfa, soʻngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan sheʼriyat ilmini oʻrgangan, tez orada shoira, otin sifatida tanilgan. U, ayniqsa, aruzni, muammo (sheʼrda fikrni yashirib ifodalash) sanʼatini mukammal egallagan. Qoʻqon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga sheʼriyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning maʼlumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xoʻjand, Oʻratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni egallagach, Margʻilonga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. 65 yoshida Margʻilonda vafot etagan.

Ijodi



Uvaysiy 4 devon tuzganligi maʼlum. Lekin bu devonlarning asl qoʻlyozmalari topilmagan. Uvaysiy mumtoz oʻzbek sheʼriyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy va boshqalarning asarlariga muxammaslar bogʻlagan. Shoiraning adabiy merosida 269 gʻazal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, chistoy, 3 doston, tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining gʻoyaviy mavzu doirasi teran va koʻp qirrali.

Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va maʼrifatparvarlik gʻoyalarida latif va dilkash asarlar yaratgan, asarlarida insonni eʼzozlash, odamlarni tabiat va xayot noz-neʼmatlaridan bahramand boʻlishga undash, doʻstlik, vafo va sadoqat haqidagi ulugʻvor niyatlarini Qurʼon oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishgan. Uning sheʼrlarida tariqatning talab va qoidalariga taalluqli boʻlgan talqinlar koʻp uchraydi: Fano mardumlarini sirridin hech kimsa yoʻq ogoh,Qabih guftor mardumdin koʻngul dogʻ oʻldi, dogʻ oʻldi.

Uvaysiy oʻz asarlarida yuksak odamiylikni, shu odamiylikni qalb toʻrida avaylovchi vafodor yorni ulugʻlaydi, uni Quyosh bilan qiyos qiladi. Quyosh xar tong ufqdan bosh koʻtarib, oʻzining otashin nuri bilan olamga, odamlarga oʻz mehr va shafqatini sochadi. Shoira yor va oftob tashbihlaridan qarshilantirish sanʼati orqali eng goʻzal tuygʻular silsilasini yaratadi. Uning lirik qahramoni mushohadakor donishmand, vafoli oshiq.

Uning anor haqidagi mashhur chistoni oʻzining muhim mazmuni va yuksak badiiyligi bilan shoira ijodining yorqin bir sahifasi sifatida koʻzga tashlanadi: Bu na gumbazdur, eshigi, tuynugidin yoʻq nishon,Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdur makon?Tuynugin ochib, alarning holidan olsam xabar,Yuparida parda tortugʻliq tururlar, bagʻri qon.

Liroepik asarlari



Uvaysiy hayotlik davridayoq nafis lirikasi bilan mashhur boʻlgan va zamondoshlarining eʼtiborini qozongan. Lirik sheʼrlaridan tashqari, uning „Shahzoda Hasan“, „Shahzoda Husan“ kabi liroepik asarlari va „Voqeoti Muhammad Alixon“ kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liroepik dostonlari islom tarixi bilan bogʻliq voqealar asosida yaratilgan.

Uvaysiy asarlari oʻzining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari yoʻlida kuylanib kelinadi. Uning xattotlar tomonidan koʻchirilgan 3 nusxa qoʻlyozma devoni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon universiteti kutubxonasida saqlanadi.

Uvaysiyning 15.000 misraga yaqin sheʼriy asarlari mavjud. Uning bir devoni OʻR Fanlar akademiyasi ShIda saqlanadi (inv.№ 1837). Unga shoiraning gʻazal, muxammas, musaddas, murabbaʼlari va „Shahzoda Hasan“ hamda „Voqeoti Muhammadalixon“ dostonlari kiritilgan. Shoira devonining 3 nusxasi topilgan. „Shahzoda Hasan“, „Shahzoda Husayn“ kabi dostonlari mavjud, „Voqeoti Muhammadalixon“ nomli tarixiy asari tugallanmagan.

Shoira ijodiga nazar



Uvaysiy hayoti va ijodi haqidagi maʼlumotlar uning asarida, ayrim tazkiralarda yetib kelgan. „Majmuai shoiron“ tazkirasida (1821) ham shoira ijodiga munosabat bildiriladi. Ijodini izchil ilmiy yoʻnalishda oʻrganish 30-yillarda boshlangan. Uvaysiy ijodi A.Qayumov, T.Jalolov, I.Haqqulov, E.Ibrohimova v.b. tomonidan oʻrganilgan.

Gʻazallari




Nashr qilingan asarlari




Adabiyot




Manbalar






uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz