Jahonni o‘ylantirayotgan jumboq
Bugun dunyo iqtisodiyoti jiddi y imtihon davrini boshdan kechirmoqda. Sinov ko‘lami va murakkabligi shu qadarki, xalqaro moliya bozori Ikkinchi jahon urushidan keyin bunday og‘ir holatga tushmagandi. Bunga esa ayni paytda juda ko‘p va xo‘b muhokama etilayotgan jahon moliyaviy inqirozi sabab bo‘lmoqda. Xalqaro inqiroz AQShda katta miqdordagi ipoteka kreditlarining o‘z vaqtida qaytarilmasligidan kelib chiqdi. Uy-joy kreditlari berish bilan shug‘ullanuvchi agentlik va tashkilotlarning bozorni to‘la o‘rganmasdan, iqtisodiy talablarni inobatga olmasdan harakat qilgani oqibatida ulkan miqdorda kamomad yuzaga keldi. Imtiyozli kredit evaziga uy-joy xarid qilgan minglab shaxslarning pullarni o‘z vaqtida qaytara olmagani natijasida moliya tashkilotlari ulkan yo‘qotishga uchradi. AQShda Fannie Mae va Freddie Mac deb nomlangan ikki yirik ipoteka agentligi mavjud. Ayni shu ikki tashkilotning bankrot holatiga yaqin kelib qolgani jahon moliyaviy inqirozini boshlab berdi deyish mumkin. Moliya gigantlarining jiddiy talafot ko‘rishi bozorni izdan chiqarib yubordi. Savdolarda aktsiyalar bahosi keskin tushib ketdi, uy-joy narxi pasaydi. Ikki agentlikning Amerika va jahon bozorida qanchalik ta’sirga ega ekanini tasavvur qilish uchun birgina raqamni keltirish kifoya: zikr etilgan ipoteka tashkilotlari xalqaro miqyosda 5,3 trillion dollarlik kreditlarga kafolat beradi. Tabiiyki, ana shunday moliyaviy qudratga ega agentliklarning inqirozga uchrashi qanday natijalariga olib kelishini tasavvur qilish mumkin... Shu tariqa jahon ishlab chiqarishining ellik foiziga egalik qilayotgan va moliyaviy poytaxt vazifasini bajarayotgan davlatdagi holat tez muddatda butun dunyo iqtisodiyotini muvozanatdan chiqardi. Moliyaviy inqiroz dastlab xalqaro bozorning faol “o‘yinchilari” – taraqqiy etgan davlatlar, keyin esa iqtisodiyoti xorij kapitaliga bog‘liq bo‘lgan rivojlanayotgan davlatlarni o‘z domiga tortdi. Amerikada boshlangan inqirozning bunday tez muddatda tarqashiga bir tomondan dunyo davlatlarining ishlab chiqarishi ko‘p jihatdan okean orti davlati bilan chambarchas bog‘liq ekani sabab bo‘ldi. Ikkinchi tomondan, sayyoramizdagi deyarli barcha davlatlarning Amerika dollariga muqobil valyuta zaxirasiga ega ekani muammoni yanada chuqurlashtirdi. So‘nggi iqtisodiy talafotlar oqibatida Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Ispaniya, Italiya kabi rivojlangan davlatlarning yalpi ishlab chiqarishi darajasi 2001 yildan beri birinchi marta pasaydi. “Osiyo yo‘lbarslari” – Yaponiya, Singapur va Gongkong iqtisodiyoti esa retsessiya, ya’ni iqtisodiy tushkunlik bosqichiga kirdi.Dunyoning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lishga harakat qilayotgan Rossiya moliyaviy inqiroz tufayli 10-15 milliard dollar mablag‘ yo‘qotdi. “Qora oltin”ning tobora tushib borayotgani (Rossiya federal byudjetining yarmini energiya resurslari eksportidan tushayotgan mablag‘ tashkil etadi), katta miqdordagi xorij sarmoyasining chiqib ketayotgani Kremlni jiddiy choralar ko‘rishga undamoqda.So‘nggi yillarda shiddatli o‘sish ko‘rsatkichlari bilan hammani o‘ziga rom etayotgan Xitoydagi holat xususida. Ko‘pchilik moliyaviy inqiroz qo‘l kelib, Xitoy dunyo moliya poytaxti bo‘lish uchun imkoniyatga ega bo‘ladi degan fikrda edi. Biroq so‘nggi tahlillar inqiroz Chin mamlakatida ham tuzukkina iz qoldirayotganini ko‘rsatmoqda. So‘nggi uch oy ichida mamlakat yalpi ishlab chiqarish darajasi deyarli uch foizga qisqargan. G‘arbda iste’mol qobiliyatining pasayishi tufayli Xitoyning bozori chaqqon mollariga ham talab susaygan.Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi rivojlangan davlatlar yaqin besh yilda ana shunday murakkab holatdan chiqa olmasligini ma’lum qilgan. Bunday xavotirlar esa aktsiya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar bahosining tobora tushib borishiga olib kelmoqda. Masalan, o‘tgan hafta Nyu-Yorkdagi Dow Jones aktsiyalari indeksi so‘nggi besh yil mobaynidagi eng past nuqtaga tushdi. Yaponiyaning Nikkei indeksi pasayishi qariyb 7 foizni tashkil etgan, Gongkong aktsiyalarining arzonlashishi 4 foizdan ziyod bo‘ldi. London birjasining FTSE ko‘rsatkichi bo‘yicha ham 1,6 % pasayish kuzatildi. Germaniya va Frantsiyadagi aktsiya bozorlari ham ijobiy holatda emas. Strategik energiya resursi sanalgan neftning bir barreli 50 dollarga tushib ketdi. Bu holat yaqin yillarda neft bahosi 200 dollarga qadar ko‘tariladi degan bashoratlarga ishonib yurgan davlatlarni deyarli sarosima holatiga solib qo‘ydi.Oy yakunlari ham iqtisodiy inqiroz chuqurlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Amerikadagi yirik bank va moliya tashkilotlari hamon oshib borayotgan moliyaviy zararlarni hisoblash bilan band. So‘nggi uch oy ichida Wachovia banki 23,89 milliard, Merrill Lynch 5,15 milliard dollar zarar ko‘rdi. 3,9 milliard dollar mablag‘idan ayrilgan Lehman Brothers banki esa bankrot bo‘lib ulgurdi.Moliya tashkilotlari ayni paytda og‘ir iqtisodiy holatdan chiqish uchun ish o‘rinlarini qisqartirmoqda. Hozirgacha dunyoning yirik banklarida 160 ming ish o‘rni tugatildi, bu jarayon hali ham davom etmoqda. Yil oxiriga borib ishidan ayrilgan bank mutaxassislari soni 200 mingdan oshishi kutilayotir. Deylik, xalqaro miqyosda tanilgan Citigroup banki birdaniga 74 mingga yaqin xodimi bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Goldman Sachs banki esa 12 ming xodim xizmatidan voz kechdi. Moliyaviy inqiroz sharoitida ishdan bo‘shatilgan xodimlarga tovon puli (kompensatsiya) ham kamdan kam holatda to‘lanayotir. Ish haqining kamayishi, mukofot pullarining bekor qilinishi esa odatiy holga aylanib ulgurdi. Biroq yetakchi tahlilchilar ta’kidlayotganidek, ish o‘rinlarini qisqartirish bilan muammoni yechish amri mahol. Negaki, ushbu majburiy choralar bilan millionlab dollar tejalishi mumkin, xolos. Iqtisodiy yo‘qotish esa milliardlarni tashkil etadi. Xo‘sh, mazkur og‘ir iqtisodiy vaziyatdan chiqishning oqilona va samarali yo‘li bormi?Ayni paytda dunyo miqyosida moliyaviy inqirozdan chiqish uchun hukumatlar tomonidan katta miqdorda mablag‘ ajratilmoqda. Masalan, inqiroz “vatani” Amerikada davlat tomonidan shu maqsadda 700 milliard dollar mablag‘ ajratildi. Mamlakat moliya vaziri nomi bilan atalayotgan “Polson rejasi”ga ko‘ra, ushbu mablag‘ inqirozga uchrayotgan bank va moliya tashkilotlari zararlarini qoplash va shu orqali muammoning chuqurlashib ketishi oldini olish uchun sarflanadi. Aniqroq aytganda, davlat bu o‘rinda ko‘rilgan zararlarni o‘z zimmasiga olish orqali moliya tashkilotlari faoliyatini nazorat qilishga urinmoqda. Yevropa Ittifoqi davlatlari ham AQSh kabi moliya idoralari zararlarini qoplash uchun mablag‘ ajratmoqda. Soha mutaxassislari, siyosatdonlar inqirozdan chiqish borasida turli taklif-mulohazalarni ko‘rib chiqmoqda. Ko‘pchilik ushbu vaziyatda moliya tashkilotlari faoliyati bo‘yicha nazorat va kuzatuvni kuchaytirish kerakligini yoqlab chiqmoqda. 15 noyabr kuni Vashington shahrida o‘tgan katta yigirmalik davlatlari (G20) majlisida ham moliyaviy amaliyotlarni nazorat qilishni takomillashtirish uchun milliy tizimlar ustidan qo‘shimcha xalqaro hay’atlar tashkil etish g‘oyasi muhokama etildi. Aksariyat siyosatdonlar xalqaro nazoratni kuchaytirish inqirozni to‘xtatish uchun samarali vosita bo‘lishiga ishonch bildirmoqdalar. Shu bilan birga mazkur taklifga mutlaqo qarshi bo‘lgan guruhlar ham mavjud. Ular moliyaviy tizimni nazorat qilishga urinish asrlar davomida shakllangan erkin iqtisodiy munosabatlarga zid degan fikrdalar. AQSh poytaxtida o‘tgan mazkur yig‘inda moliya vazirlariga inqirozni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar mexanizmini ishlab chiqish ham topshirilgan. Xullas, iqtisodiy qudratda yetakchi bo‘lgan yigirma davlat o‘zaro mashvarat qilib ham hozircha inqirozni batamom bartaraf etish borasida jo‘yali chora topa olganicha yo‘q. Har bir davlat o‘z imkoniyati doirasida ko‘rayotgan tadbirlar esa ushbu global muammoni yechish uchun yetarli emas. Darvoqe, xalqaro moliya bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mutaxassislar moliyaviy inqiroz hali to‘xtamagani, yana bir yilga yaqin davom etishi mumkinligini aytmoqdalar. Bu esa muammo yechimi borasida tezroq va samaraliroq harakat qilishni taqozo etadi.
Uzpedia.uz