Jahongir maqbarasi (Pokiston)




Jahongir maqbarasi (urdu: مقبرۂ جہانگیر) — XVII asrda Boburiy hukmdor Jahongir uchun qurilgan maqbara hisoblanadi. Maqbara 1637-yilda qurilgan boʻlib, Pokistonning Lahor shahri yaqinidagi Shohdara Bogʻda, Ravi daryosi boʻyida joylashgan. Maqbara qurilishi imperator vafotidan keyin 1627-yilda boshlangan va Boburiylar imperiyasi butun Hindiston yarimoroli ustidan hukmronlik qilayotgan bir paytda, 1637-yilda Shoh Jahon davrida qurib bitkazilgan. Majmua freskalar va marmar bilan bezatilgan interyeri va parchinlar bilan bezatilgan tashqi koʻrinishi bilan mashhur. Maqbara, Akbari Saroy va Osaf Xon maqbarasi bilan birga, hozirda UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan ansamblning bir qismidir.

Joylashuv



Maqbara Lahor shahrining shimoli-g‘arbidagi Shohdara bog‘ida joylashgan. Qabr Lahorga qarama-qarshi, Ravi daryosining narigi tomonida, oʻzining koʻplab bogʻlari bilan mashhur boʻlgan qishloq hududida joylashgan. 1645-yilda qurilgan Osafxon maqbarasi va 1637-yilda qurilgan Akbari saroy Jahongir maqbarasidan gʻarbda joylashgan boʻlib, uchchalasi sharq-gʻarb oʻqi boʻylab yoʻnaltirilgan ansamblni tashkil qiladi. Shohdara bog‘ yodgorliklarining oxirgisi bo‘lmish Osafxon maqbarasidan biroz janubi-g‘arbda joylashgan.

Hikoya




Maqbara 1605-yildan 1627-yilgacha Boburiylar imperiyasini boshqargan imperator Jahongir uchun qurilgan. Imperator 1627-yil 28-oktyabrda Rajauri shahri yaqinida Kashmir etaklarida vafot etdi. Imperator jasadi 12-noyabr juma kunida Lahorga olib kelindi va oʻsha kuni dafn etildi. U dafn etilgan Dilkusho bog‘i Jahongir Lahorda yashagan paytda uning eng sevimli joyi bo‘lgan. Uning oʻgʻli, yangi imperator Shoh Jahon otasining sharafiga „imperatorga mos maqbara“ qurishni buyurdi.

Tarix




Baʼzi zamonaviy tarixchilar maqbaraning qurilishini Jahongirning o‘g‘li Shoh Jahonga bog‘lashadi. Qurilish 1627-yilda boshlangan, tugallanishi uchun oʻn yil kerak boʻlgan va 10 lakh rupiyga (1 million rupiy) tushgan.
Sikx manbalariga koʻra, 1814-yilda qabrda taʼmirlash ishlari olib borilgan. Ammo maqbara majmuasi sikxlardan bo'lgan Ranjit Singx armiyasi tomonidan Amritsardagi Oltin Maʼbadni bezash uchun talon-taroj qilingan. Keyin talon-taroj qilingan yerlar Muso Sohib nomi bilan ham tanilgan Ranjit Singxning qoʻmondoni Senyor Omsning shaxsiy qarorgohiga aylantirilgan. Ranjit Singx 1828-yilda vabodan vafot etgan Muso Sohibni ushbu maqbara maydoniga dafn qilishni buyurdi. Bu maqbara egalari uchun yana bir bor tahqirdek edi. 1880-yilga kelib, qabr tepasida bir vaqtlar gumbaz yoki ikkinchi qavat boʻlganligi haqidagi mish-mishlar tarqala boshladi. Uni Ranjit Singx qoʻshini talon-taroj qilgan deyiladi, ammo bu yerda gumbaz yoki ikkinchi qavat borligi haqida hech qanday dalil topilmagan.

Shohdara yodgorlik ansambli Britaniya hukmronligi davrida, Osafxon va Nur Jahon maqbaralari oʻrtasida temir yoʻl liniyasi qurilgach, yanada koʻproq zarar koʻrdi. Keyinchalik bu joy inglizlar tomonidan 1889-1890-yillarda taʼmirlangan.

1867, 1947, 1950, 1954, 1955, 1957, 1958, 1959, 1962, 1966, 1973, 1976, 1981, 1950, 1954, 1947, 1950-yillarda yaqin atrofdagi Ravi daryosidan kelib chiqqan suv toshqinlari maqbaraga zarar etkazdi. Majmua 1988-yilda suv toshqini paytida eng koʻp zarar koʻrgan, majmuaning katta qismi 5 kun davomida 10 fut suv ostida qolgan.

Arxitektura




Maqbara Erondagi Safaviylar uslubida va Boburiy meʼmorchiligi aralashmalari uslubida qurilgan. Akbar qabriga oʻxshab Jahongir qabrida markaziy gumbaz yoʻq, chunki imperator uning qabri ustiga gumbaz qurishni taqiqlagani haqida aniq maʼlumotlar mavjud. Boburiylar maqbaralarining meʼmorchiligida gumbazlardan foydalanish birinchi marta Humoyun maqbarasida qoʻllanilgan va Shoh Jahon ham bu usulni qoʻllagan.

Tashqi koʻrinish




Jahongirning buyuk bobosi Bobur sunniylik anʼanalariga ko‘ra, shifti ochiq, yaʼni ortiqcha bezaklarsiz va gumbazlarsiz maqbaraga dafn qilishni maʼqul ko‘rgan. Jahongir maqbarasida ham bunga amal qilingan. Jahongir sunniy urf-odatlariga amal qilish maqsadida maqbarasiga gumbaz qurishni man qilgan, shuning uchun tom oddiy va keyinchalik Toj Mahalda koʻzga tashlanadigan meʼmoriy bezaklardan holi boʻldi. Maqbara tashqi koʻrinishi marmar naqshlar va qizil qumtoshlar bilan bezatilgan.

Ichki koʻrinish




Maqbara binosi bir qator kichik gumbazli boʻlimlarga boʻlingan boʻlib, ular Boburiy freskalari bilan bezatilgan.

Qabr usti bezaklari



Maqbaraning markazida devorlari naqshinkor marmar bilan qoplangan sakkiz qirrali xona boʻlib, unda Boburiylar imperatorining hoki qabrtosh ostidagi qabrda joylashgan. Qabr ustida turli xil gullar tasvirlari bilan bezatilgan oq marmar qabrtosh (kenotaf) mavjud hamda unda islom tasavvufidagi umumiy mavzu bo‘lgan Allohning 99 ismi tasvirlangan.

Bogʻlar




Qabrni oʻrab turgan bogʻlar juda keng boʻlib, ular Forscha Chahar Bogʻi yoki Jannat bogʻlari deb ataladi. Bogʻ toʻrt maydonga gʻishtin yoʻlaklar (xiyobonlar) va ikkiga boʻlingan markaziy suv ariqlari bilan ajratilgan boʻlib, ular jannatda oqadigan toʻrtta daryoni aks ettiradi.

Joylashuv tartibi



Maqbara katta toʻrtburchak maydonda joylashgan boʻlib, eshiklari toʻrt yoʻnalishga qaragan. Maydonga gʻarbiy tarafdagi Akbari Saroy orqali kiriladi. Akbari saroyning toʻgʻridan-toʻgʻri gʻarbida Jahongirning qaynisi Osafxon maqbarasi joylashgan.

Maqbarani asrash



Majmua 1975-yilgi Federal antikvarlar qonuni bilan himoyalangan. Ammo qonun-qoidalar koʻpincha eʼtibordan chetda qoladi, bu majmua va uning atrofidagi hududga zarar yetkazadi. Qonun majmuadan 200 fut masofada barcha qurilishni taqiqlaydi, ammo xususiy qurilishlar majmuadan atigi bir necha metr uzoqlikda joylashgan. Majmua 1993-yilda YuNESKOning Jahon merosi ob’ekti maqomining taxminiy roʻyxatiga kiritilgan.

Tanga va banknotalarda



Maqbara 2005-yilgacha 1000 rupilik banknotada tasvirlangan. Pokiston 1954-yilda imperator Jahongir maqbarasi xotirasiga pochta markasini chiqargan.

Galareya




Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz