Jahon tarixi
Jahon tarixi deganda odamzod tarixi tushunilib, paleolit erasidan boshlangan tarix nazarda tutiladi. Oʻz ichiga geologik tarix va odamlargacha biologik eralarni oluvchi Yer sayyorasi tarixidan farq qilib, jahon tarixi odamlarga aloqador arxeologik va yozma manbalarni oʻrganadi. Qadimgi yozma tarix yozuv ixtiro etilishidan boshlanadi. Biroq tamaddun ildizlari yozuv ixtirosigacha davrlarga borib taqaladi. Ibtidoiy jamiyat paleolit (tosh) davrida boshlanib, neolit (yangi tosh) va Barakatli Hilol (EA 8000—5000) davrlaridagi ziroat inqilobi bilan davom etadi. Neolit inqilobi oʻsimlik va hayvonlarni tizimli xonakilashtirish bilan xarakterlanib, insoniyat tarixiga katta oʻzgarish olib kirgan.
Ziroat rivoji bilan odamlar koʻchmanchilikdan oʻtroq turmush tarziga oʻta boshlashgan. Bunda koʻchmanchilik umuman yoʻqolib ketmagan, balki oʻsimliklari kam mintaqalarda tarqoq yashovchi jamiyatlarda saqlanib qolgan; lekin nisbatan xavfsizlik va dehqonchilik tufayli koʻpaygan unumdorlik transport vositalarining rivojlanishi bilan birgalikda odamlarga keng koʻlamli tarqalish imkonini berdi.
Dehqonchilik rivojlangani sari gʻallachilik murakkablashib bordi va oziq-ovqatni oʻsish davrlari orasida saqlash uchun mehnat taqsimlanishiga turtki boʻldi. Mehnat taqsimoti keyinchalik boʻsh vaqti koʻp yuqori sinf paydo boʻlishiga va shaharlar kelib chiqishiga olib keldi. Odam jamiyatlari murakkablashishi yozuv va hisob-kitob tizimlarining paydo boʻlishini muqarrar qildi. Aksariyat shaharlar koʻl va daryolar yoqasida yuzaga keldi. EA 3000-yillarga kelib Mesopotamiyada, qadimgi Misrdagi Nil yoqasida va Ind daryosi atroflarida ilk koʻzga koʻringan va taraqqiy etgan manzilgohlar paydo boʻla boshladi. Oʻxshash tamaddunlar ehtimol Xitoydagi katta daryolar atrofida ham mavjud boʻlgan, biroq bu mintaqada oʻsha davrga oid katta shaharlar qurilganini tasdiqlovchi arxeologik dalillar nisbatan ishonchsiz.
Koʻhna Dunyo (qisman Yevropa, shuningdek Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) tarixi odatda quyidagilarga ajratiladi: antik davr (476-yilgacha); Oʻrta Asrlar (5-asrdan 15-asrgacha), jumladan Islom oltin davri (750–1258) va Uygʻonish davri (1300-yillardan); Yangi davr (15-asrdan 18-asrgacha), jumladan Oqartuv davri; Eng yangi davr (Sanoat inqilobidan bugungacha). Gʻarb tarixida 476-yildagi Rim imperiyasi qulashi antik davrni yakunlab, oʻrta asrlarni boshlagan, deb hisoblansa, Sharqiy Yevropa mamlakatlarida bu davr Vizantiya imperiyasi bilan bogʻlanadi. 15-asr oʻrtalarida Johannes Gutenberg ixtiro etgan matbaa kitob tarqatish va aloqada inqilob yaratib, oʻrta asrlarni tugatishga va ilmiy inqilobni boshlashga yordam berdi. 18-asr oxiriga kelib Yevropada bilim va texnologiya yigʻilishi kritik massaga yetdi va sanoat inqilobiga olib keldi.
Boshqa yerlarda, jumladan qadimgi Yaqin Sharq, qadimgi Xitoy, va qadimgi Hindistonda tarixiy silsilalar oʻzgacha kechdi, bunga Xitoyning Toʻrt Buyuk Ixtirosi, islom oltin davri va hind matematikasi misol boʻladi. Biroq 18-asr oxiriga kelib xalqaro savdo va mustamlakachilik jamiyatlar globallashuviga olib keldi. Oxirgi chorak mingyillikda aholi, bilim, texnologiya, tijorat, qurol-aslahalar kuchi oʻsishi va atrof-muhit buzilishi keskinlashdi, natijada insoniyat hozirda yangi imkoniyat va xatarlarga roʻbaroʻ kelmoqda.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org