Jahon banki guruhi
Jahon banki guruhi (
WBG ) rivojlanayotgan mamlakatlarga leveraj kreditlarini beradigan beshta xalqaro tashkilotning umumiy oilasidir. U dunyodagi eng yirik hamda eng mashhur taraqqiyot banki va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish guruhida kuzatuvchi hisoblanadi. Bankning bosh qarorgohi AQShning Vashington shahrida joylashgan. U 2021-moliya yilida „rivojlanayotgan“ va rivojlanish bosqichiga oʻtish davrida boʻlgan mamlakatlarga qariyb 98,83 milliard dollarlik kredit hamda yordam koʻrsatdi. Bankning vazifasi oʻta qashshoqlikka barham berish va umumiy farovonlikni taʼminlash boʻyicha mushtarak maqsadlarga erishishdir. 2015-yil holatiga koʻra, soʻnggi 10 yil davomida bank tomonidan „Rivojlanish siyosatini“ moliyalashtirishga qaratilgan umumiy kreditlash miqdori taxminan 117 milliard dollarni tashkil etdi. Uning ichiga beshta tashkilot Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (IBRD), Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Koʻp tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA) va Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markaz (ICSID) kiradi. Ulardan birinchi ikkitasi (IBRD va IDA) baʼzan birgalikda Jahon banki deb ataladi.
Jahon bankining (IBRD va IDA) faoliyati rivojlanayotgan mamlakatlardagi inson rivojlanishi (masalan, taʼlim, sogʻliqni saqlash), qishloq xoʻjaligi va qishloqlarni rivojlantirish (masalan, irrigatsiya va qishloq xizmatlari), atrof-muhitni muhofaza qilish (masalan, ifloslanishni kamaytirish, qoidalar ishlab chiqish va qoʻllash), infratuzilma (masalan, yoʻllar, shaharni qayta tiklash va elektr energiyasi), yirik sanoat qurilish loyihalari va boshqaruv (masalan, korrupsiyaga qarshi kurash, huquqiy institutlarni rivojlantirish) kabi sohalarga qaratilgan. IBRD va IDA Jahon bankiga aʼzo mamlakatlarga imtiyozli stavkalarda kreditlar, shuningdek, eng kambagʻal mamlakatlarga grantlar beradi. Muayyan loyihalar uchun kreditlar va grantlar koʻpincha sektor yoki mamlakatning umumiy iqtisodiyotidagi olib borilayotgan kattaroq siyosat oʻzgarishlari bilan bogʻliq holda ajratiladi. Masalan, qirgʻoq atrof-muhitini boshqarishni yaxshilash uchun ajratiladigan kredit milliy hamda mahalliy darajada yangi ekologik institutlarni rivojlantirish va ifloslanishni cheklash uchun yangi qoidalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan harakatlarni amalga oshirishga imkon beradi.
Tarixi
Tashkil etilishi
Jahon banki guruhi 1946-yil 27-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Valyuta va moliya konferensiyasidagi (1944-yil 1-22-iyul) Brettonvuds bitimlarini xalqaro ratifikatsiya qilishdan keyin rasmiy ravishda vujudga keldi. Shuningdek, u 1951-yilda Jahon taraqqiyoti hisobotini tayyorlash va baholash uchun masʼul Osiander qoʻmitasining asosini yaratdi. 1946-yil 25-iyunda oʻz faoliyatini boshlagan holda, Jahon banki guruhi 1947-yil 9-mayda birinchi kreditini berganini tasdiqladi (urushdan keyingi rekonstruksiya uchun Fransiyaga 250 million dollar ajratgan, bu real koʻrinishda bank bugungi kungacha bergan eng yirik kredit hisoblanadi).
Aʼzolik
BMTning 188 ta aʼzosi va Jahon banki guruhi aʼzosi boʻlgan Kosovo eng kamida IBRDga aʼzo mamlakatlardir. 2016-yil may holatiga koʻra, ularning barchasi boshqa toʻrtta tashkilotda (IDA, IFC, MIGA va ICSID) ishtirok etadi.
WBG aʼzolari ular ishtirok etadigan tashkilotlar soni boʻyicha:
Aʼzo boʻlmagan mamlakatlar Andorra, Kuba, Lixtenshteyn, Monako, Falastin, Muqaddas Taxt (Vatikan shahri), Tayvan va Shimoliy Koreya boʻlib, ulardan Andorra IMFga aʼzo boʻlgan lekin WBGga qoʻshilmagan yagona davlatdir.
Xitoy Respublikasi Jahon bankiga 1945-yil 27-dekabrda aʼzo boʻldi. Xitoy fuqarolar urushidan soʻng, hukumat Tayvanga qochib ketdi va 1980-yil 16-aprelgacha Xitoy Xalq Respublikasi ROC oʻrnini egallagunga qadar WBGga aʼzoligini davom ettirdi. Oʻshandan beri u „Tayvan, Xitoy“ nomini ishlatadi.
Aʼzo davatlar roʻyxatidan quyidagi amaldagi davlatlar chiqarib tashlangan: Abxaziya, Artsax, Shimoliy Kipr, Sahroi Arab Demokratik Respublikasi, Somalilend, Janubiy Osetiya va Dnestr oʻlkasi.
Tashkiliy tuzilmasi
1957-yildan 1988-yilgacha tuzilgan toʻrtta filiali bilan birgalikda IBRD Jahon banki guruhining bir qismini tashkil etadi. Guruhning shtab-kvartirasi Vashingtonda joylashgan. Bu xalqaro tashkilot unga aʼzo hukumatlarga tegishli va mamlakatlarga foyda keltirsa-da, oingan daromadlar qashshoqlikni qisqartirish boʻyicha davomli saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ishlatilib kelinadi.
Texnik jihatdan Jahon banki Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimining bir qismidir, lekin uning boshqaruv tuzilmasi boshqacha: Jahon banki guruhidagi har bir muassasa aʼzo hukumatlarga tegishli boʻlib, mamlakatlarning asosiy ustav kapitaliga obuna boʻladi, qarorlarni qabul qilishda beriladigan ovozlar aksiya ulushiga mutanosib ravishda yuritiladi. Aʼzolik barcha mamlakatlar uchun bir xil boʻlgan maʼlum ovoz berish huquqlarini beradi, ammo tashkilotlarda moliyaviy hissalarga bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha ovozlar ham mavjud boʻladi. Jahon banki prezidenti Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti tomonidan taklif etiladi va bank Boshqaruvchilar kengashi tomonidan saylanadi. 2009-yil 15-noyabr holatiga koʻra, Qoʻshma Shtatlar umumiy ovozlarning 16,4%, Yaponiya 7,9%, Germaniya 4,5%, Buyuk Britaniya 4,3% va Fransiya 4,3% qismiga egalik qiladi. Bank nizomiga kiritiladigan oʻzgartirishlar 85% qismni tashkil etishi talab qilinganligi sababli, AQSh bank boshqaruv tuzilmasidagi har qanday katta oʻzgarishlarni bloklashi mumkin. AQSh bankka rasmiy va norasmiy taʼsir koʻrsatadi, chunki ovozlar ulushi, prezidentlik ustidan nazorat va bankning Vashingtonda joylashgan shtab-kvartirasi sababli AQSh doʻstlari hamda ittifoqchilariga nisbatan yumshoqroq shartlar bilan koʻproq loyihalar uchun yordam bera oladi.
Jahon banki guruhi agentliklari
Jahon banki guruhi quyidagilardan iborat:
„Jahon banki“ atamasi odatda faqat IBRD va IDAga ishora qiladi, „Jahon banki guruhi“ yoki „WBG“ atamasi esa barcha beshta institutga umumiy murojaat qilish uchun ishlatiladi.
Jahon banki instituti Jahon bankining salohiyatni rivojlantirish boʻlimi boʻlib, unga aʼzo mamlakatlarga taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda salohiyatni oshirish dasturlarini taqdim etadi.
IBRDga 189 ta hukumat aʼzodir, boshqa institutlarda esa 153 tadan 184 tagacha aʼzolar bor. Jahon banki guruhining barcha institutlari har yili bir marta yigʻiladigan Boshqaruvchilar kengashi tomonidan boshqariladi. Har bir aʼzo davlat gubernatorni, odatda uning moliya vazirini tayinlaydi. Jahon banki guruhini 25 nafar ijrochi direktorlar kengashi boshqaradi, ularga gubernatorlar maʼlum vakolatlarni topshirgan. Har bir direktor bir mamlakatga (eng yirik davlatlar uchun) yoki bir guruh mamlakatlarga maʼsul etib tayinlangan. Ijrochi direktorlar tegishli hukumatlar yoki saylov okruglari tomonidan tayinlanadi.
Jahon bankining agentliklarining har biri barcha ishlari uchun huquqiy va institutsional asos boʻlib xizmat qiluvchi Bitim moddalari bilan tartibga solinadi.
IFC va MIGAning faoliyat doirasi xususiy sektorga beriladigan investitsiyalar va sugʻurta taʼminotini oʻz ichiga oladi.
Prezidentlik
Anʼanaga koʻra, bank prezidenti Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti tomonidan tavsiya etilgan AQSh fuqarosi boʻlib, bankning eng yirik aksiyadori hisoblanadi. Nomzod ijrochi direktorlar tomonidan tasdiqlanishi kerak va u besh yillik, yangilanadigan muddat davomida faoliyat olib boradi.
Hozirgi prezident 2023-yil 3-mayda Ajay Banga Jahon banki guruhining 14-prezidenti etib saylandi. Uning vakolati 2023-yil 2-iyundan boshlangan.
Boshqaruvchi direktor
Jahon bankining boshqaruvchi direktori tashkiliy strategiya uchun javobgardir. Bular qatoriga byudjet va strategik rejalashtirish, axborot texnologiyalari, alohida xizmatlar, korporativ xaridlar, umumiy xizmatlar va korporativ xavfsizlik, sanksiyalar tizimi, nizolarni hal qilish va ichki adolat tizimi kiradi. Sri Mulya Indoneziya moliya vaziri boʻlish uchun isteʼfoga chiqqanidan soʻng, boshqaruvchi direktor lavozimini Shaolin Yang egallagan. 2019-yil 7-oktyabrdan beri Jahon banki guruhining boshqaruvchi direktori va bosh moliyaviy direktori Anshula Kant hisoblanadi.
Qazib olish sanoati sharhi
Fuqarolik jamiyatining bankning neft, gaz va togʻ-kon sanoatidagi ishtiroki haqidagi uzoq muddatli tanqidlaridan soʻng, 2001-yil iyul oyida Jahon banki Qazib olish sanoati sharhi (EIR — atrof-muhitga taʼsir hisoboti bilan adashtirmaslik kerak) deb nomlangan mustaqil tahlilni boshladi. Bu mustaqil tahlilni „taniqli shaxs“, Emil Salim (Indoneziyaning sobiq atrof-muhit vaziri) boshqargan. Salim 2002- va 2003-yillarda manfaatdor tomonlarning keng doirasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. EIR tavsiyalari 2004-yil yanvar oyida „Yaxshiroq muvozanatga erishish“ nomi yakuniy hisobotda nashr etilgan. Hisobotda qazib olinadigan yoqilgʻi hamda togʻ-kon loyihalariga ajratiladigan kreditlar qashshoqlikni yengillashtirmaydi, degan xulosaga kelindi va Jahon bankining 2008-yilga borib bu sohalardagi ishtirokini qayta tiklanadigan energiya hamda toza energiyaga qilinadigan investitsiyalar bilan almashtirishni tavsiya qildi. Jahon banki 2004-yil sentyabr oyida direktorlar kengashi bilan keng koʻlamli muhokamalardan soʻng, EIRga nisbatan rahbariyatning javobini eʼlon qildi. Boshqaruvning javobi EIR hisobotining koʻpgina xulosalarini qabul qilmadi, biroq Jahon bankining yaqinda eʼlon qilgan navbatdagi hisobotida EIR Jahon bankining neft, gaz va togʻ-kon sanoati boʻyicha siyosatini muhim yoʻllar bilan oʻzgartirishga xizmat qilgani keltirilgan. Ayniqsa, munozarali sohalardan biri boʻlgan mahalliy xalqlarning huquqlari bilan bogʻliq loyihalarga eʼtibor qaratilgan edi. EIR jarayonidan soʻng Jahon banki tub aholiga nisbatan qayta koʻrib chiqilgan siyosatini eʼlon qildi.
Tanqid
Jahon banki uzoq vaqtdan beri bir qator nodavlat tashkilotlar va akademiyalar, xususan sobiq bosh iqtisodchisi Joseph Stiglitz tomonidan tanqid qilingan, u Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, AQSh gʻaznachilik departamenti, AQSh va boshqa rivojlangan mamlakatlar savdosini ham teng darajada tanqid qiladi. Tanqidchilar bank koʻp hollarda qoʻllab-quvvatlaydigan erkin bozor islohoti deb ataladigan siyosat amalda yomon, juda tez („shok terapiyasi“), notoʻgʻri ketma-ketlikda yoki juda zaif tarzda amalga oshirilsa, koʻpincha iqtisodiy rivojlanishga zarar olib kelishi mumkin ekanligini taʼkidlaydi. Jahon bankining kredit shartnomalari ham raqobatbardosh, erkin bozor siyosatidagidek boʻlmagan narxlarda tovar va xizmatlarni xarid qilishga majbur qilishi mumkin. John Perkins kabi boshqa tanqidiy yozuvchilar xalqaro moliya institutlarini „noqonuniy va moliyaviy terrorizmni amalga oshirishga majburlovchi Amerika diplomatiyasining tishi“ deb atashadi.
Catherine Caufield "Illyuziya ustalari: Jahon banki va xalqlarning qashshoqligi" (1996) asarida Jahon banki faoliyatining taxminlari va tuzilishi pirovard natijada rivojlanayotgan davlatlarni targʻib qilish oʻrniga ularga zarar yetkazishi mumkinligni taʼkidlaydi. Caufield birinchi navbatda bank „rivojlanish“ni juda tizimlashtirganligini va Gʻarb retseptlarini tanqid qiladi. Jahon banki nazarida turli xalqlar va mintaqalar bir-biridan farq qilmaydi va ular uchun „taraqqiyotning yagona vositasi“ni birdek qoʻllash mumkin. Bu farazning xavfli tomoni shundaki, muvaffaqiyatning kichik qismlariga ham erishish uchun hayotga Gʻarb yondashuvlari qabul qilinadi va anʼanaviy iqtisodiy tuzilmalar hamda qadriyatlardan voz kechiladi. Ikkinchi taxmin shuki, kambagʻal mamlakatlar xorijdan olinadigan pul va maslahatlarsiz turmush tarzini modernizatsiya qila olmaydi.
Jahon banki himoyachilarining taʼkidlashicha, hech bir davlat qarzga pul olishga majbur emas. Bank kreditlar ham, grantlar ham beradi. Hatto kreditlar ham imtiyozli hisoblanadi, chunki ular xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlarga beriladi. Bundan tashqari, kambagʻal va oʻrtacha daromadli mamlakatlarga beriladigan kreditlar foizi bozor qiymatidan pastroqdir. Jahon bankining taʼkidlashicha, u grantlardan koʻra koʻproq kreditlar orqali rivojlanishga yordam berishi mumkin, chunki kreditlar boʻyicha toʻlangan pul keyinchalik boshqa loyihalar uchun qarzga berilishi mumkin.
Shu bilan bir qatorda, IFC, MIGA va ular amalga oshirayotgan loyihalarining ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsirini baholash usullari tanqid qilindi. Tanqidchilarning taʼkidlashicha, IFC va MIGA Jahon bankiga qaraganda koʻproq bu standartlarga ega boʻlsa-da, ular asosan xususiy sektor mijozlariga xizmat qilishni nazorat qiladi. Shuning uchun institutlarning ijtimoiy va ekologik standartlarni amalga oshirish strategiyasini keng koʻlamda koʻrib chiqish talab etiladi.
Jahon banki 2007-yilda oʻsha paytdagi prezidenti Paul Wolfowitz va uning yordamchisi Shaha Riza bilan janjal mavzusi boʻlgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilda boʻlib oʻtgan xodimlar yigʻilishida maʼlumot tarqatuvchi tomonidan baham koʻrilgan yozuvga asoslanib, Jahon banki xodimlariga Cornell universitetini iqtisod boʻyicha yaqinda bitirgan va David Malpassning oʻgʻli boʻlgan Robert Malpass Jahon banki guruhining prezidenti etib tayinlangani maʼlum qilingan, u shu yilning iyul oyida tahlilchi sifatida ishga olingan edi. Yozuvda xodimlarga Robert Malpassning „shahzoda“ va „dadasining ortidan yuguradigan“ „muhim kichkina odam“ ekanligi aytilgan. Bank rasmiylari David Malpassning oʻsha paytdagi AQSh gʻaznachilik vaziri Steven Mnuchindan koʻra koʻproq taʼsirga ega ekanligiga ishonishgan. 2018-yil aprel oyida AQSh gʻaznachiligi bankka 13 milliard dollarlik kapital qoʻyish uchun oʻz pozitsiyasini oʻzgartirdi.
Korrupsiyaga oid daʼvolar
Jahon Bankining integratsiyalashgan vitse-prezidentligi (INT) ichki firibgarlik va korrupsiya, jumladan, shikoyatlarni qabul qilish, tekshirish va tergov hisobotlarini tekshirish bilan shugʻullanadi.
Investitsiyalar
Jahon banki guruhi inson huquqlariga oid loyihalarga sarmoya kiritgani uchun tanqid qilingan.
Muvofiqlik boʻyicha maslahatchi/ombudsman (CAO) 2009-yilda Gondurasdagi davlat toʻntarishidan keyin bankning palma yogʻi ishlab chiqaruvchi Dinant kompaniyasiga bergan kreditini tanqid qildi. Dinant faoliyat yuritgan mintaqada koʻplab fermerlarning oʻldirilish holatlari sodir boʻlgan.
Boshqa shu kabi muzokarali investitsiyalar qatoriga harbiy diktatura davrida Chixoy gidroelektr toʻgʻonini qurish uchun Gvatemalaga berilgan va Goldcorpga (oʻsha paytda Glamis Gold) Marlin konini qurish uchun berilgan kreditlar kiradi.
2019-yilda Xitoy kongress-ijroiya komissiyasi Jahon bankini Shinjonga (Xitoy) berilgan kredit boʻyicha soʻroq qildi, u yuqori darajadagi xavfsizlik vositalarini, jumladan, kuzatuv uskunalarini sotib olish uchun ishlatilgan. Ushbu daʼvoga javoban bank ichki tekshiruv boshladi. 2020-yil avgust oyida AQSh qonun chiqaruvchilari kreditning davom ettirilishini shubha ostiga olishdi.
Prezidentlari roʻyxati
Bosh iqtisodchilari roʻyxati
Jahon bankining baholash boʻyicha bosh direktorlari roʻyxati
Yana qarang
Manbalar
uz.wikipedia.org