Jag'
Jagʻ — 1) hayvonlarda oziqni tutib turish va maydalash funksiyasini bajaradigan aʼzo. Boʻgʻimoyoqlilarda J. funksiyasini shaklan oʻzgargan bosh oʻsimtalari: oyoqjagʻlar, mandibulalar, maksillalar, xemitseralar, pedipalpalar (oyoqpaypaslagichlar) bajaradi. 2) Jagʻogʻizli hayvonlar va odamda — yuz skeletining bir qismi. J. evolyusiya jarayonida dastlab baliqlarda hosil boʻlgan. Togʻayli baliqlarning togʻaydan iborat birlamchi J.i plakoid tangachalardan vujudga keladi. Suyakli balikdar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar hamda qushlarda yuqori va pastki J.ning keyingi qismida ikkilamchi J. hosil boʻladi. Suyakli baliqlardan boshlab yuqori J. ikkilamchi hisoblanadi. Birlamchi yuqori J. bosh skeletining tanglay qismiga siljiydi; sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilarda tishlarini yoʻqotadi. Ayrim hayvonlar J.ida tishlar boʻlmaydi; ular oʻrniga muguz tumshuq hosil boʻladi (qushlar). Odamda yuz skeletidagi eng yirik suyak. Yuqori va pastki J.larga boʻlinadi. Yuqori J.ning alveolyar oʻsigʻida va pastki J. tanasining tepa qirralarida tishlar turadigan katakchalar bor. Yuqori J. (bir juft) murakkab tuzilgan burun, koʻz kosasi va ogʻiz boʻshliqlarini hosil qilishda faol qatnashadi. Uning tanasi va 4 ta oʻsigʻi bor, chakka osti va qanottanglay chuqurlarining tuzilishida ishtirok etib, yuzning hamma suyaklari bilan birlashadi.
Pastki J. (toq) — juda qattiq va yoʻgʻon suyak. U chakka suyagi bilan boʻgʻim tuzib birlashadi, ogʻizni ochib-yumish va yon tomonga harakat shu boʻgʻimda bajariladi. Pastki J. suyagi bagʻrida kanal boʻlib, undan tomir va nervlar oʻtadi. Yuqori J. kasalliklaridan gaymorit, pastki J.da esa osteomiyelit va suyak sinishi koʻproq uchraydi (yana q. Tish).
Manbalar
uz.wikipedia.org