Jabborov Jumaniyoz




Jumaniyoz Jabborov (1930.25.10, Koson tumani 2010.12.13 Toshkent) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1997). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1980). ToshDU filologiya fakultetini tugatgan (1952). „Sharq yulduzi“ jurnalida boʻlim mudiri, masʼul kotib (1953—62), „Gulxan“ jurnalining bosh muharriri (1962—64), Respublika gaz. („Sovet Oʻzbekistoni“)da boʻlim mudiri (1964—67), bosh muharrir oʻrinbosari (1967—76), maʼmuriy tashkilotda shoʻba mudiri (1976—81), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida direktor (1981—85), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida tarjima kengashining maslahatchisi (1985— 90). Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasida Oʻzbekiston Davlat mukofotlari qoʻmitasida masʼul kotib (1990-2005).

Toʻplamlari




Uning toʻplamdan oʻrin olgan sheʼrlari va dostonlari yurtga muhabbat, inson qalbi va maʼnaviy olamini teranroq aks ettirishga intilish, hayot sevarlik gʻoyalari badiiy ifodalangan. Jumaniyoz Jabborovning sheʼrlari falsafiyligi, voqelikka faol munosabat bilan ajralib tursa, gʻazallari obrazlarning tiniqligi, oʻynoqiligi bilan oʻziga xosdir.

Jumaniyozning „Gulshan“ (1957) dostonida muhabbat va sadoqat mavzui asosiy oʻrin tutadi. „Togʻlar sadosi“ (1961) va „Yoʻldagi oʻylar“ (1968) dostonlari yaxshilik bilan yomonlik oʻrtasidagi azaliy kurash, adabiyot va sanʼatning inson hayotida tutgan oʻrni haqida. „Onayer qoʻshigʻi“ (1962), „20 kun daftari“ (1967), „Sohillar hikoyasi“ (1974) kabi nasriy asarlari nashr etilgan. „Tallimarjon dostoni“ (1976), „Quyosh yurti“ (1981) sheʼriy asarlari mazmunan oʻzaro bogʻliq boʻlib, Qarshi choʻli manzaralari, ona yurtga muhabbat tuygʻulari ulugʻlangan. „Oʻjarlar“ (1973), „Yillar oʻtib…“ (1977), „Toʻydan oldin tomosha“ (1979), „Mening oppoq kabutarlarim“ (1991) dramatik asarlarida inson erki, baxti, oilaviy turmush muammolari yoritilgan. R. Tagorning „Qurbonlik“ dramasini, Hofiz Sheroziy, Ubayd Zokoniy, Bayron, Yu. Lermontov, A. Blok va b.ning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Dramatik asarlari asosan Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqali teatrida va viloyat teatrlarida, shuningdek, tojik, qirgʻiz, qozoq teatrlarida ham sahnalashtirilgan. Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik teatrda sahnalashtirilgan.

„Al-Fargʻoniy“ operasi librettosi (1998) muallifi. Ac: Saylanma [2 jildli], T., 1980—81.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz