Iyshan qal’a majmuasi
Iyshan qalʼa majmuasi (yoki Iyshan kala kompleksi) — Qoraqalpogʻiston Respublikasining Kegeyli tumanidagi tarixiy va arxitektura yodgorligi. Tarixiy obyekt XVIII—XIX hamda XX asrlarga oid boʻlib, bugungi kunda „Juzim bogʻ“ ovul fuqarolar yigʻini hududida joylashgan.
Iyshan qalʼa majmuasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulkiga tegishli hisoblanadi. Shuningdek, Iyshan qalʼa majmuasi boshqa 98 ta tarixiy manzillar bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Qoraqalpogʻistonning diqqatga sazovor joylari roʻyxatiga ham kiritilgan.
Tarixi
Iyshan qalʼa majmuasi XVIII—XIX hamda XX asrlarga tegishli boʻlib, u mahalliy aholi orasida shuhrat qozongan ziyoratgoh hisoblanadi. Iyshan qalʼaning qurilish tarixi XVIII—XIX asrda yashab oʻtgan Imom Eshon nomi bilan bogʻliq. Imom Eshon 1806—1825-yillarda Xiva xonligini boshqargan Muhammmad Rahimxon davrida Xiva xonligida diniy ishlar boʻyicha xon maslahatchisi lavozimigacha koʻtarilgan ulugʻ shaxs boʻlgan. Iyshan qalʼani Imom Eshonning katta oʻgʻli Atagʻulla bunyod qildirgan. Oʻz davrida Iyshan qalʼaga qish faslini oʻtkazish maqsadida kelgan oilalar soni 40 (qirq) mingtadan ortib ketganligi aytiladi. Qalʼa qurilishi boshlangan vaqtda qishloq nomi „Kenjeli“ (oilaning eng kichik farzandi bilan bogʻliq) deb atalgan. Keyinchalik bu hudud nomi Imom Eshon nomi bilan bogʻlanib (Iyshan — qoraqalpoq tilida) „Iyshan qalʼa“ deb atala boshlangan.
Yana qarang
Sulton Uvays bobo maqbarasi
Shibliy ota maqbarasi
Toqmaq ota maqbarasi
Murat shayx maqbarasi
Tugʻon Turk maqbarasi
Kechirmas bobo maqbarasi
Manbalar
uz.wikipedia.org