Istiqlol koʻchasi (Toshkent)
Ushbu maqola koʻcha haqidadir. Istiqlol soʻzining boshqa maʼnolari uchun bu yerga qarang.
Koordinatalari: 41°18′57.5″N 69°16′37″E / 41.315972°N 69.27694°E / 41.315972; 69.27694 G O
Istiqlol koʻchasi (1917-yilgacha – Vorontsov shoh koʻchasi, 1961-yilgacha – Stalin koʻchasi, 1965-yilgacha – Bratskaya koʻchasi, 2013-yilgacha – Hadicha Sulaymonova koʻchasi, koʻchaning bir qismi Xorazm koʻchasi deb atalgan) – Toshkent shahri markazidagi koʻcha, Buyuk Turon va Istibol koʻchalari oraligʻida joylashgan.
Tarixi
Istiqlol koʻchasi shaharning eng qadimiy koʻchalaridan biri boʻlib, 1865-yilda eski Oʻrdaning janubiy devori boʻyidagi ariq oʻrnida paydo boʻlgan. Oʻsha vaqtda uzunligi 1,7 km boʻlgan. Oktyabr inqilobigacha bu koʻchada yirik maʼmuriy, madaniy-maʼrifiy muassasalar joylashgan edi. 1873-yilda bu koʻchada Turkiston general-gubernatorligi idorasi binosi qurilgan (Sovet davrida Respublika ilmiy-texnika kutubxonasi joylashgan, 18-uy).
Koʻchaning qarama-qarshi burchagida 1870-yildan Turkiston xalq kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona) va kimyo laboratoriyasi joylashgan. 1876-yilda Oʻrta Osiyoda birinchi Turkiston oʻlkashunoslik muzeyi laboratoriya qoshida alohida xonalarda joylashgan (1948-yilda bu yerda Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning yangi 2 qavatli binosi qurilgan).
1899-yilda kutubxona roʻparasida shahar dumasi binosi klassik arxitektura uslubida qurilgan (meʼmor Gamburger). Koʻcha rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan Duma binosi buzib, oʻrniga Oʻzbekiston Davlat rejalashtirish qoʻmitasi binosi qurilgan.
1885-yilda Vorontsov shoh koʻchasi boʻylab bogʻ tashkil etilgan. Sulaymonova va Ikan koʻchalari burchagida meʼmor Svarichevskiy loyihasi boʻyicha qurilgan bir qavatli bino saqlanib qolgan. Oʻtgan asrning 90-yillari boshida bu binoda Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy aloqalar jamiyati joylashgan edi. Undan oldin esa OʻzSSR Tashqi ishlar vazirligi binosi boʻlgan.
1889—1899-yillarda Rossiyaning mashhur siyosiy va jamoat arbobi, 1917-yilda Rossiya Muvaqqat hukumatining vaziri-raisi boʻlgan A. F. Kerenskiy Vorontsov shoh koʻchasidagi 47-uyda ota-onasi bilan hukumat kvartirasida yashagan.
Diqqatga sazovor joylari
Istiqlol koʻchasida bir qavatli va koʻp qavatli yakka tartibdagi binolar, shuningdek, noturar joy binolari joylashgan [6]. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, 50-sonli maktab, „Bon“ qahvavaxonalar tarmogʻi filiali, „Credo“ restorani.
Jamoat transporti
Koʻchaga yaqinida „Mustaqillik maydoni“ metro bekati joylashgan.
Fotogalereya
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org