Isteza madrasasi
Istehzo madrasasi (Pushaymon madrasasi; Muhammad Nabi madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti. Markaziy Osiyodagi eng kichik madrasa. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
Madrasa 1909-yilda Buxoro amirligi poytaxtining Oybibi inoq (Oybinok) guzarida, oʻzbek hukmdori Abdulahadxon (1885–1910) hukmronligi davrida, Muhammad Nabi mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Muhammad Nabi asosan dehqonchik bilan shugʻullangan va gilam bilan tadbirkorlik qilgan. Buxoroga Denovdan kelib qolgan. Madrasaning yillik vaqf mulki 22 ming tangaga teng boʻlgan.
Sovetlar hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.
2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2011-yilda restavratsiyalash, zamonaviy foydalanishga moslashtirish ishlari rejalashtirildi va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 5 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, hozirda turistik xizmat koʻrsatish obʼekti sifatida zamonaviy foydalanishga topshirilgan.
Buxoro shahridagi Koʻkaldosh MFYga qarashli , Xoja Porso nomdagi koʻchada joylashgan.
Meʼmorchiligi
Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan, 15 ta hujradan iborat. XIX asrda Oybinok masjidi va Ibrohim ohund madrasalari bilan birga mustaqil meʼmoriy ansamblni tashkil etgan.
Rivoyatlar
Naql qilinishicha, Muhammad Nabi farzandlari bilan janjallashib qolganidan soʻng uyini madrasaga aylantirishga ahd qiladi va buni vaqf tarzida rasmiylashtiradi. Biroq keyinchalik oʻgʻillari bilan yarashib, qaroridan qaytmoqchi boʻladi. Lekin vaqf mulkiga aylangan mol-davlat birovning mulki boʻla olmasligi sababli u maqsadiga yetisholmaydi va bundan qattiq afsuslanadi. Shuning uchun xalq orasida bu madrasa Pushaymon madrasasi yoki Istehzo (Isteza) madrasasi deya atala boshlaydi.
Manbalar
Havolalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org