Isoxon Shirinxoʻjayev




Isoxon Shirinxoʻjayev (toʻliq ismi Sayyid Muhammad Isoxonxoʻja Sayyid Shirinxoʻja oʻgʻli ; 1840-yil yoki 1846-yil, Samarqand shahri, Buxoro amirligi — 1932-yil yoki 1934-yil, Samarqand shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek qozikaloni, sayyid, sadr us-sudur, faqih, mudarris, davlat va jamoat arbobi, Turkiston ozodligi va mustaqilligi kurashining gʻoyaviy yetakchilaridan biri. Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining faol ishtirokchisi.

Tarjimayi holi



Isoxon Shirinxoʻjayev 1840-yil yoki 1846-yilda Samarqand shahridagi Qozi Kalon mahallasida tavallud topgan. Otasi Sayyid Shirinxoʻja Sayyid Nosixoʻja oʻgʻli qozi va faqih hamda Mir Arab madrasasida bosh mudarris boʻlgan. Sayyid Shirinxoʻjaning 4 nafar oʻgʻli (Sayyid Musoxonxoʻja, Sayyid Xodixoʻja, Sayyid Abdulxayxoʻja) boʻlgan boʻlib, Shirinxoʻjayev eng kichigi edi. Otasidan erta yosh qolgan Shirinxoʻjayev boshlangʻich taʼlimni uy sharoitida akasi Sayyid Musoxonxoʻjadan olgan, soʻngra madrasada taʼlim oladi. Uch tilni turkiy, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Shirinxoʻjayev dastlab Mir Arab madrasasida fiqh mudarrisi, keyinchalik Sherdor madrasasida bosh mudarris boʻlib faoliyat yuritgan. Sherdor madrasasida bosh mudarrislikdan tashqari, bir vaqtning oʻzida Samarqand viloyati qozikaloni boʻlib ham ishlagan. Shu tufayli xalq orasida „qozi mudarris“ nomi bilan tanilgan.
1896-yilda Shirinxoʻjayev Buxoro amiri Abdulahadxon va vorisi Olimxon bilan birgalikda imperator Nikolay II ga toj kiyidirish marosimida ishtirok etadi va Moskvada imperator tomonidan bir qancha medallar bilan taqdirlanadi. 1910—1917-yillarda Shirinxoʻjayev Samarqand viloyatini hokimligini boshqarishdan tashqari, oliy diniy idora „Devon al-Sadorat“ ning raisi — sadr us-sudur lavozimida ham faoliyat yuritadi hamda devonbegi tomonidan nazorat qilingan fuqarolik sudlarida ishtirok etadi. Sadr us-sudur lavozimi orqali Shirinxoʻjayev butun viloyatlarda shayx ul-islom, qozi, mudarris, mutavallilarni tayinlash huquqiga ega boʻlgan.
1917-yil bahoridan Shirinxoʻjayev „Shoʻroi Islomiya“ tashkilotining Samarqand shoʻbasini boshqara boshlagan. Shuningdek, Samarqandda jadid maktabiga ham asos soladi.
Shirinxoʻjayev Oktyabr toʻntarishi va fuqarolar urushi yillarida kuch-gʻayratini Samarqanddagi muammo va bahsli masalalarni tinch yoʻl bilan hal etishga, qon toʻkilishini oldini olishga bor eʼtiborini qaratadi. Oʻsha davrda koʻzga koʻringan siyosiy va diniy arboblar murakkab, jiddiy masalalarni hal qilishda, qoida tariqasida, Shirinxoʻjayevga murojaat qilishib, qozi bilan maslahatlashardilar. Shirinxoʻjayev nafaqat Samarqandda, balki butun Turkistonda ulamolar va odamlarga katta taʼsir koʻrsatgan. Shirinxoʻjayev Rossiyadagi toʻntarishni ehtiyotkorlik bilan qabul qilgan, lekin jadidchilik tarafdori boʻlgan holda, ulamolarning odamlarni shariatdan tashqari ishlardan tiyilishga, yangi sharoitlarga moslashishga daʼvat etuvchi fikrlarini qoʻllab-quvvatlagan.

1908-yilda Shirinxoʻjayev jiyani mulla Avliyo Musoxoʻja oʻgʻli bilan birgalikda moturidiya taʼlimotining buyuk namoyondasi Abu Shakur as-Solimiy al-Keshiy qalamiga mansub „at-Tamhid fi bayon at-tavhid“ asarini (Shirinxoʻjayevning izoh v tavsiflari bilan) Samarqand shahridagi „Demurf“ bosmaxonasida nashr ettirishadi.
Shirinxoʻjayev umrining oxirgi yillarini qiyinchiliklar bilan oʻtkazgan boʻlib, 1934-yilda (boshqa manbada 1932-yilda) Samarqandda vafot etadi va Shohizinda majmuasidagi yuqori yoʻlakning oʻng tarafidagi mozorot qismida, yaʼni Shohizinda qabrlarining janub tomonida dafn etiladi.

Oilasi



Isoxon Shirinxoʻjayevning birinchi rafiqasining ismi Salomatbibi boʻlib, undan oʻgʻli Rahmatullaxon, qizlari Davronxon, Hokimxon, Qamarxonlar tugʻilishgan. Ikkinchi rafiqasi Haqiqatposhsha Maxdumi Aʼzam avlodidan boʻlgan mashhur qori Sayyid Akromxonxoʻja Avliyoxoʻja oʻgʻli Dahbediyning qizi boʻlgan. Haqiqatposhshadan qizlari Sabohatxon va Sadoratxon Isayevalar tugʻilishgan.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz