Iosif Kassirskiy




Iosif Abramovich Kassirskiy (1898-yil 16-aprel, Yangi Margʻilon, Turkiston general-gubernatorligi, Rossiya imperiyasi — 1971-yil 21-fevral, Moskva, RSFSR, SSSR) —sovet terapevti va gematologi, SSSR Tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi (1963), O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1960). Xalqaro gematologlar ittifoqi vitse-prezidenti (1961—1963), Polsha va Vengriya tibbiyot jamiyatlari, Shveytsariya gematologiya jamiyatining faxriy a’zosi.

Tarjimayi holi



Iosif Kassirskiy 1898-yil 16-aprel (yulian taqvimi boʻyicha 4-aprel) kuni Yangi Margʻilon shahrida tavallud topgan. Otasi Abram Iosifovich Kassirskiy (1875—1936) O‘rta Osiyoda sovet hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng Turkiston Respublikasi paxta sanoati xalq komissarligida ishlagan, onasi Dina Lvovna Kassirskaya (qizlik familyasi Sheskina, 1880—1917) Vilnyus shahridan, gimnaziya bitiruvchisi boʻlgan. Oilada 6 farzandning toʻngʻichi boʻlgan Kassirskiy besh yoshidanoq oʻqish va yozishni bilgan. 1906-yilda 8 yoshida Skobelev gimnaziyasiga oʻqishga kiradi, bu gimnaziyada asosan fransuz, lotin, nemis tillari kuchliroq oʻqitilgan. 1915-yilda gimnaziyani oltin medal bilan bitiradi. Gimnaziyani tugatgandan soʻng Sibirda birinchi marta 1888-yili ochilgan Tomsk imperator universitetiga (hozirgi Sibir davlat tibbiyot universiteti) oʻqishga topshiradi. 1920-yil iyulida hukumat qarori bilan oʻqishini Saratov davlat universitetiga koʻchiradi. 1921-yilda oʻqish tugatgan Kassirskiy Toshkentdagi Turkiston universitetining ichki kasalliklar klinikasiga ordinatorligiga qabul qilinadi. 1922-yilda birinchi ilmiy ishi nashr etilgan. 1930-yilda Kassirskiy Toshkent tibbiyot instituti tropik kasalliklar klinikasi dotsenti etib saylanadi, 1931-yilda esa kafedra mudiri, professor boʻladi. 1958-yilda SSSR Tibbiyot fanlari akademiyasi muxbir aʼzosi, 1963-yilda akademik etib saylanadi. Kassirskiy 1971-yil 21-fevralda ogʻir xastalikdan vafot etgan va 25-fevralda Novodevichye qabristoniga dafn etildi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz