Imomqulixon ibn Dinmuhammadxon
Imomqulixon ibn Dinmuhammadxon (1589-yil, Buxoro xonligi –1650-yil, Buxoro xonligi) – Buxoro xonligi hukmdori va Ashtarxoniylar sulolasining vakili (1611–1642). Davlat arbobi va sarkarda.
Imomqulixon hukmronligi davrida Buxoro xonligida ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy munosabatlar rivojlangan. U xonlikni markazlashtirib, mamlakat mudofasini mustahkamlashga harakat qilgan. Imomqulixon Buxoro xonligi hududiga shimol tomondan xavf solgan qalmoqlar, jungʻorlarga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib borgan. Xonlik hududidagi bir qancha oʻzboshimcha amaldorlar va hokimlar harakatini bostirgan.
Imomqulixon hukmronligi davrida Rossiya, Turkiya, Hindiston va boshqa mamlakatlar bilan faol tashqi siyosat olib borgan. Jumladan Turkiyada hukmronlik qilayotgan Usmonli imperiyasi hukmdori Ahmad I va Murod IV, Hindistonda Boburiylar sulolasi vakillari Jahongir va Shoh Jahon, Rossiyada Romanovlar sulolasi hukmdori Mixail Fyodorovich bilan faol diplomatik munosabatlarni oʻrnatgan.
Imomqulixon davrida mamlakatda koʻplab obodonchilik ishlari olib borilgan. Jumladan: Buxoroda Poyandabiy masjidi, Mavlona Miskin madrasasi, Nodir devonbegi xonaqohi, Nodir devonbegi madrasasi, Magʻoki Koʻrpa masjidi, Mehtar Orif madrasasi bunyod etilgan;
Samarqandda esa Qozi Soqi madrasasi, Sherdor madrasasi, Sayyid Ahmadxoja madrasasi, Tillakori madrasasi qurilgan.
Imomqulixon 31 yillik hukmronlik faoliyati davomida xonlik hokimiyati mavqeyi koʻtarilib, mamlakatda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik yaxshilangan. Manbalarda Imomqulixon hukmronlik davri Husayn Boyqaro hukmronlik qilgan davr bilan qiyoslangan.
Kelib chiqishi
Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining vakillaridan biri boʻlmish Imomquli 1589-yilda tavvalud topgan. Otasi Din Muhammad boʻlib, oʻzbek hukmdori Abdullaxon II (1556–1598) davrida Nishopur viloyati hokimi boʻlgan.
Imomqulixon nasabining tarmogʻi Chingizxonga yetadi va Joʻjixonning 13-oʻgʻli Toʻqay Temurga borib taqaladi. Tarixdan maʼlumki, Toʻqay Temurga 14 ulus mulk qilib berilgan. Uning ulusi tarkibiga Mangʻishloq, Hoji Tarxon va Shimoliy Kavkazdagi aslar yeri kirgan. „Imomqulinoma“ asarida muallif Imomqulixonning nasabini Amir Temur nasabiga borib bogʻlagan.
Quyida Imomqulixon nasabining kelib chiqishi Muhammad Tolibning „Matlab ut-tolibin“, Hofiz Tanish Buxoriyning „Imomqulinoma“ asarida keltirilgan. Bundan tashqari Akbar Zamonov tadqiqotlarida manbalar bilan qiyoslab borilib aniqlangan nasabnoma halqasi ham keltirilgan.
Taxtga kelishigacha boʻlgan davr
Imomquli otasi Din Muhammad 1598-yilda vafot etgach, sodiq xizmatkorlaridan biri Haq Yasovul tomonidan Uning xotini va ikki oʻgʻli Imomquli va Nadr Muhammadlar jang maydonidan olib ketilgan. Imomquli va Nadr Muhamamd ot ustidagi ikki xurjunga olib qochilayotgan paytda, dushman tomonidan oʻqning biri Nadr Muhammad oyogʻiga borib tekgan. Nadr Muhammad shunday keyin oqsoqlanib yuradigan boʻlgan. Vali Muhammadxon taxtga oʻtirganidan soʻng, Imomqulini Samarqand hokimi qilib tayinlagan. Chunki Vali Muhammadxon Balxni oʻz nazoratida saqlab qolib, Imomqulixonni valiahd boʻlishini istamagan.
1606-yilda Imomquli va Nadr Muhammad Chagʻoniyon, Balx va Hisorda boʻlib oʻtgan amirlarning harakatini bostiradi. Asta-sekin mamlakatda Imomqulining nufuzi oshib borgan. Vali Muhammadxon jiyani Imomquliga qarshi fitna uyushtira boshlaydi. Bu fitnaga Doʻstimbiy argʻun otaliq va qatagʻon qabilasining boshliqlari boshchilik qilgan. Ammo Imomquli bundan xabar topib, ishonchsiz amirlarga qarshi choralar koʻrgan. Aynan shu hodisalardan soʻng, Vali Muhammadxon va jiyani Imomquli oʻrtasida munosabatlar yomonlashgan.
Saroy amaldorlari Vali Muhamadxon Qarshiga shikorga ketgan paytda unga qarshi fitna uyushtirishadi, Imomquli taxtga koʻtariladi. 1611-yil avgustda boʻlib oʻtgan jangda Vali Muhammadxonni Imomquli yengadi va u asirga olinib, qatl etiladi.
Buxoro xonligi hukmdori
1611-yil Vali Muhammadxon vafot etgach, Imomqulixon Buxoro xoni sifatida taxtni egallagan. Dastlab ukasi Nadr Muhammadni Balx hokimi sifatida tayinlagan.
Imomqulixon davrida mamlakatda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy munosablar taraqqiy etgan. Arminiy Vamberi Imomqulixon davri haqida shunday yozadi:
"Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi, uning davrida na kambagʻal, na bechora qolgandi. Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlarga qattiq turardi, qorungʻu tushishi bilan oddiy kiyim kiyib, vaziri va qoʻriqchi bilan bozor aylanib, oddiy xalqning haqiqiy turmush ahvolidan boxabar boʻlib turardi. U ulamo va abado hamda shoirlar bilan suhbatdan lazzat topib, koʻp vaqtini hukmdor libosini yechib, darveshlik hirqasini kiyib yurib oʻtkazar, har narsani oʻzi darhol bilishi uchun vaziri Nodir devonbegi va yaqin mahrami Abdulvoseʼ bilan shahar aylanar edi. Uning qiyofasini oʻzgartirib yurishiga oid koʻplab voqealar va hikoyalar mavjud[22]".
Imomqulixon hukmronligi davrida Buxoro xonligida biror marotaba ham isyon koʻtarilmagan. U muhtojlarga yordam bergan va shikoyat qilganlarni mushkulini oson qilgan. Imomqulixon davrida mamlakatda tilanchi va kambagʻal boʻlmagan.
Muhammad Yusuf Munshiy oʻz asarida Imomqulixon haqida shunday yozgan: "Imomqulixon oyoqlari davlat uzanggisida boʻlgan paytda, na Balxda na Buxoroda qoʻzgʻolon va tartibsizliklar boʻlmadi[25]". U asarida Imomqulixonni Husayn Boyqaro bilan bogʻlagan.
Mamlakat mudofaasi uchun olib borgan yurishlari
Imomqulixon xon sifatida koʻtarilgach, dastlab mamlakat mudofasini mustahkamlashga kirishgan. Bu davrda Buxoro xonligining shimoliy tomoniga qozoqlar va qalmoqlar tahdid solayotgan edi. Imomqulixon Buxoro xonligining shimoli-sharqiy chegaralari uchun qozoqlar, qalmoqlar va jungʻorlarga qarshi kurashlar olib borgan. Bu davrida Mamlakatda oʻzboshimcha hokimlar harakati kuchaygan va Imomqulixon ular harakatini bostiradi. U Xuroson va Xorazmni qayta egallab olmagan boʻlsada Andijon, Turkiston va Toshkent hududlariga xavf solgan qalmoqlar va qozoqlarga qarshi kurash olib borgan. 1613-yilda Imomqulixon Turkiston chegaralaridan to Ashpara va Qoratovning chekka hududlarigacha qoraqalpoqlar, qozoqlar va qalmoqlarga qarshi jang qilib, ularni yengadi.
Toshkentning xonlik hududiga qoʻshib olinishi
Toshkent mamlakat hududiga qoʻshib olingach, oʻgʻli Iskandar Sultonni hokim qilib tayinlagan. Iskandar Sulton Toshkentda Buxoro xonligi boshqaruvini joriy qilgan va qattiqqoʻl siyosat yuritgan. U shahardagi ijtimoiy hayotni yaxshilash maqsadida xiroj va boshqa turdagi soliqlarni joriy qilgan. Bundan gʻazablangan Toshkent aholisi qoʻzgʻolon koʻtargan va Iskandar Sulton oʻldirilgan. Ushbu xabarni eshitgan Imomqulixon ukasi Nadr Muhammadga xat yozib, qoʻshin bilan Toshkentga borishini bildiradi va oʻzi ham katta qoʻshin bilan Toshkent tomon yoʻl oladi. Nadr Muhammad Balx va Badaxshondagi qoʻshinlari bilan Toshkentga yordamga borishga shoshilgan. Imomqulixon va Nadr Muhammad qoʻshinlari bir joyga toʻplanib, bir oy davomida Toshkentni qamal qiladilar. Imomqulixon shunday qasam ichgan edi: "Qasam ichamanki, shaharni olgach, uning aholisini qilichdan oʻtkazaman, toki dushmanning qoni otimning uzangisigacha yetmaguncha, qirishni toʻxtatmayman"[27].
Toshkent shahar aholisi ogʻir ahvolga tushgan va shahar darvozalari portlatilib, aholi qilichdan oʻtkazilgan. Buxoro qoʻshinlarining boshliqlari xonga begunoh aholini qirib tashlashni toʻxtashini aytgan. Ammo Imomqulixon shunday deydi: „Men qasam ichdim va odamlarning qoni mening uzangimga yetmaguncha, qatlni toʻxtatmayman“. Ushbu qirgʻinni toʻxtatish uchun imomlar shunday fatvo bergan: „Janobi oliylari oʻz otini suvi uning uzangisiga yetadigan hovuzga tushirsin, undan keyin suv bilan oʻldirilganlarning qonini arashtirsinlar, shul zafarli oʻzangigacha yetib boradi“. Amirlar Imomqulixonga fatvoni yetkazgan va u xuddi shunday qilib, qasamini ado etgan.
Harbiy yurishlari
1621-yilda Imomqulixon qozoq xoni Tursun Sultonga qarshi qoʻmondon Yalangtoʻsh Bahodir boshchiligidagi katta qoʻshinni yuborgan. 1623-yilda Tursun Sulton Movarounnahrga qarshi yurish boshlab, Shoxruxiyani zabt etgan. Miyonqol va Samarqand hududlari qozoqlar tomonidan talon-taroj qilingan. Imomqulixon vaziyatdan kelib chiqib, sulh tuzishni maʼqul koʻrgan. Imomqulixon joʻyboriylardan Hoshim Xoja Joʻyboriyni Tursun Sulton huzuriga yuborgan. Shartnomaga koʻra Buxoro xonligi chegarasi Shoxruxiyadan oʻtishi belgilangan. Ushbu shartnomadan keyin Buxoro xonligi shimoldagi hududlarga daʼvo qila olmas edi. 1626–1627-yillarda Eshimxon va Tursun Sulton oʻrtasidagi jang natijasida Tursun Sulton oʻldirilgan, Buxoro xonligi hududi oldingi chegarasigacha kengaygan. 1628-yilda Imomqulixon Yalangtoʻsh Bahodirni qozoq xoni Abulay Sulton bilan jang qilib, Toshkentda magʻlub etgan.
Yalangtoʻsh Bahodir boshchiligidagi qoʻshin Sayramga yurish qilgan. Harbiy yurishlar Dashti Qipchoq hududlarigacha davom etgan.
Nadr Muhammad bilan munosabatlari
Imomqulixon taxtga koʻtarilganidan keyin, Nadr Muhammadni Balx hokimi qilib tayinlagan. Nadr Muhammadxon akasi Imomqulixon taxtni boshqarguniga qadar Balx viloyatini 1642-yilgacha hokim sifatida boshqargan.
Aka-ukalarning ikkalasi ham xon hisoblanib, Imomqulixon „katta xon“, Nadr Muhammad „kichik xon“ deb eʼtirof etilgan.
Nadr Muhammadxon 30 yildan ortiq Balxni boshqarib, akasi Imomqulixon bilan birgalikda bir nechta yurishlarda ishtirok etgan.
Imomqulixon va Nadr Muhammad oʻrtasida oqibat va samimiyat boʻlib, bir-biriga qurol koʻtarmagan.
Imomqulixon boburiy hukmdor Shoh Jahonning Balxga yurishini oldini olish maqsadida askarlari bilan birga Balx viloyatiga tashrif buyurganida, Nadr Muhammadxon 12 oʻgʻli bilan shahardan yarim chaqirim piyoda yurib, uni kutib olgan. Imomqulixon bundan taʼsirlanib „Siz sayyidsiz ulovingizga miningiz“ deb otiga mindirgan. Balxga Imomqulixon kirgach, qabul marosimi tashkil etilgan. Nadr Muhammadxon akasiga turkiy odatlar boʻyicha toʻqqizta sovgʻa bergan. Toʻqqizinchi hadya sifatida sakkiz nafar quldan keyin Nadr Muhammadxon oʻzi turgan.
Tashqi siyosati
Usmonli imperiyasi bilan diplomatik aloqalari
Usmonli sultoni Ahmad I va Imomqulixon oʻrtasida Safaviylar davlatiga qarshi kurashish maqsadida 1616–1617-yillarda elchilik aloqalari olib borilgan. Imomqulixon Eronga qarshi olib borayotgan harakatlarga otasining Gʻijduvondagi Puli Salor qishlogʻida oʻlimini sabab qilib koʻrsatgan. Lekin ushbu harakat Usmonli sultoni Ahmad IIning vafot etishi bilan toʻxtab qolgan.
Usmonli sultonligi Eron bilan munosabatlar buzilishini istamagan boʻlsada, Murod IV (1623–1640) Bagʻdod va Revonga yurish qiladi.
Usmonli sultoni Murod IV Imomqulixonga Safaviylar davlatiga qarshi birgalikda kurashish maqsadida maktub yuboradi. Imomqulixonning bu maktubga javob yoʻllagani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchramaydi. Bu davrda Imomqulixon va Eron shohi Abbos I oʻrtasida doʻstona munosabatlar oʻrnatilgan. Usmonli imperiyasi elchilari 1624–1625-yillarda Buxoroga kelgan. Ushbu elchilikdan asosiy maqsad Safaviylardan Bagʻdod shahrini qaytarib olish boʻlgan. Usmonli imeriyasi moʻgʻul va safaviylarga qarshi kurashishda Imomqulixonni davat qilgan.
Boburiylar sulolasi bilan tashqi aloqalari
Imomqulixon 1614-yilda oʻz elchilarini boburiy hukmdor Jahongir saroyiga yuboragan. Imomqulixon maktubida shayboniy hukmdor Abdullaxon II va boburiy Akbarshoh davrida Buxoro xonligi va Hindiston mamlakati oʻrtasida ittifoq tuzilganini, bu ittifoq natijasida Eronning bir qismi va Iroq, Xurosonning bosib olingani haqida yozgan.
„Tarixi Muqimxoniy“ asarida yozilishicha, oradan bir qancha vaqt oʻtgach Imomqulixon huzuriga Jahongir podshoh Hakim Hoziqni elchi sifatida yuborgan. 1624–1625-yilllarda Hakim Hoziqni Buxoroga borgan. Muhammad Yusuf Munshiy asarida Hakim Hoziqni boburiy Jahongirshoh tomonidan yuborilgan deb yozgan.
„Matlab ut-tolibin“ asaridagi voqelarning tavsifi Hakim Hoziqni Shoh Jahon tomonidan yuborilgan elchi ekanligi qayd etilgan.
Ashtarxoniylar va Boburiylar oʻrtasida siyosiy aloqalar toʻxtab qolmagan. Manbalarga koʻra, Buxoroga Hakim Hoziq elchi sifatida kelishidan oldin, Birka boshchiligidagi elchilar kelgan. Ular bir necha yil Buxoroda turgan, soʻng Buxoro xoni Hindistonga Abdurahimxoʻja boshchiligidagi elchilarni yuborgan.
1626-yilda Imomqulixon Jahongir huzuriga Abdurahimxoʻja Joʻyboriyni yuborib, Xurosonni qaytarib olish maqsadida yordam berishini soʻragan, lekin ushbu muzokaralar Jahongir vafoti sababli toʻxtab qolgan. Imomqulixon elchisi Abdurahimxoʻja sovgʻa-salomlar birga bir „laʼl“ toshini hadya qilgan. Boburiy hukmdor Jahongir esa Abdurahimxoʻjaga 40 ming rupiya pul va har biri 1000, 1500 va 500 misqol ogʻirlikdagi uchta oltin „kavkabi tole“ sovgʻa qilgan. Hind tarixchisi Banarsi Prasad Saksena yozishicha, Hindistonga elchi sifatida kelgan Abdurahimxoʻjaga Buxoro xonligining Xurosonni Hindiston va Buxoro oʻrtasida boʻlib olish haqidagi taklifni bergan va Jahongirshohning vafoti munosabati bilan taklif amalga oshmagan. Tarixiy asarlarda Jahongirshohning xotini Nurjahonbegim va Imomqulixonning onasi bir-biri bilan maktublar almashib, turli qimmatbaho sovgʻa-salomlar yuborib turishgan.
Romanovlar sulolasi bilan diplomatik aloqalari
1613-yilda Imomqulixon Moskvaga Navroʻzxoʻja boshchiligidaligidagi elchilarni yuborgan. Elchilik karvoni 300 kishidan iborat boʻlib, Samara, Qozon va boshqa mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan. Imomqulixon oʻz yorligʻida Romonovlar sulolasi hukmdoriga elchilik va savdo munosabatlarini davom ettirishni taklif qilgan. Navroʻzxoʻja rus hukmdoridan shunqor, sovut, moʻyna va boshqa mollarni sotib olinishini va rus yerlarida bojsiz savdo qilishga ruxsat soʻragan. Rus hukumati Buxoro xonligidan kelgan savdogarlar uchun erkin savdo qilishga ijozat bergan. 1615-yilda Navroʻzxoʻja boshchiligidagi elchilik Buxoroga qaytgan. 1618-yil 11-avgustda Imomqulixonning Odambiy boshchilidagi elchilari Romonovlar sulolasi hukmdori Mixail Fyodorovich huzuriga Moskvaga borishgan. 1620-yilda ushbu elchilikka javoban Mixail Fyodorovich Ivan Xoxlov boshchiligidagi elchilarni Buxoroga yuborgan. Ivan Xoxlov Buxoro xonligiga kelganda Imomqulixon Samarqadda boʻlgan. Xoxlov Samarqandga borib, xon qabulida boʻlgan. Mazkur elchilik yorligʻida Mixail Fyodorovich Buxoro hukmdorining savdo-sotiq toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilingani, Imomqulixonga toʻrtta ovchi qushi sovgʻa qilingani va Buxoroda asirga olingan ruslarni ozod qilib, Rossiyaga yuborish talabi qoʻyilgan. Baʼzi manbalarga koʻra rus hukmdori 3 ta shunqorni sovgʻa qilgan. Xoxlov esdaliklariga koʻra u Buxoroga borishda juda koʻp qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga toʻgʻri kelgan. Yoʻl davomida unga turkmanlar xujum qilgan. Xivada esa Xiva xoni Imomqulixonga olib borayotgan shunqorni tortib olmoqchi boʻlgan. Buxoro xonligida Xoxlov yaxshi kutib olingan ammo baʼzi amaldorlar xon tomonidan berilgan pullarni maʼlum bir qismini olgan. Aynan shu hodisadan soʻng Rossiya va Buxoro oʻrtasida munosabatlar yomonlashgan. Ushbu vaziyatdan soʻng Mixail Fyodorovich 20 yil, Imomqulixon esa 11 yil bir-biriga elchilar yubormagan. Bunga faqatgina Xovlov bilan boʻlgan munosabatlargina emas, ikki davlat oʻrtasidagi ichki va tashqi sharoit elchilik aloqalarining uzulishiga olib kelgan.
Joʻybor shayxlari bilan munosabatlari
Imomqulixon hukmronligi davrida joʻybor shayxlari bilan yaxshi munosabatda boʻlgan va ulardan davlat ishlarini boshqarishda maslahat olib turgan. U joʻyboriy Xoʻja Tojiddindan davlat lavozimlarida kishilarni tayinlashda maslahat olgan. Imomqulixon Xoʻja Tojiddinga oʻz singlisi Poyanda sulton xonimni nikohlab bergan. Xoʻja Tojiddin xonlik maraka va marosimlarida doimo ishtirok etib, davraning toʻridan joy olgan va u koʻproq ushbu davlarda beʼmani gaplarni gapirmaslikni, davlat ishlari haqida gapirishni maʼqul koʻrgan.
Imomqulixon Makka shahrida vafot etgach, Xoʻja Tojiddin uning fotiha marosimini oʻtkazishni oʻz vazifasi deb bilgan va oʻz zimmasiga olgan. Xoʻja Tojiddin 100 ta qoʻy va 10 ta ot soʻyib, Buxorodagi Volidaxon madrasasida xonlik va shahar nufuzli shaxslari ishtirokida xatmi Qur’on oʻtkazgan.
Joʻybor xoʻjalari vakillaridan yana biri Muhammad Yusuf Xoʻja (1593–1651) bilan Imomqulxon oʻrtasida munosabat boʻlgan. Imomqulixon unga koʻplab inʼomlar qilgan. Joʻybor xoʻjalarning biri Abdurahim Xoʻja (1575–1628) bilan Imomqulixon oʻrtasida ixtilof boʻlgan. Natijada Abdurahim Xoʻja hajga ketishga majbur boʻlgan va mol-mulki xon buyrugʻiga koʻra musodara qilingan.
Ilm-fanga munosabati
Imomqulixon shoirlar, darveshlar, olimlar, oʻz zamonasining ulugʻ kishilari bilan suhbat qilishni xush koʻrgan. Muhammad Yusuf Munshiy maʼlumotlariga koʻra, u soʻfiyona sheʼrlar mashq qilgan. Imomqulixon shayx Mavlono Yusuf Qorabogʻiy bilan suhbat qilishni yaxshi koʻrgan. Mavloniy Yusuf Qorabogʻiy Buxoroga Xurosondan kelib, Mulloi Nav taxallusi bilan mashhur boʻlgan. U Buxoroda Mirzojon Sheroziga shogirt tushgan va Imomqulixon davrida tariqatning yirik vakillaridan biri hisoblangan. Imomqulixon davrida Nahliy va Turobiy kabi shoirlar ijod qilgan. Shoir Nahliy Imomqulixonga atab madhiya yozgan. 1642-yilda musavvir Xoja Muhammad Imomqulixon miniaturasini chizgan.
Obodonchiligi
Imomqulixon mamlakatda koʻplab obodonchilik ishlarini olib boradi. „Imomqulinoma“ asarida muallif Imomqulixon Amir Temur davridagi kabi obodonchilik ishlari olib borganligini yozgan.
Imomqulixon 1614–1615-yillarda Qashqadaryodan Qarshi choʻliga kanal qazdiradi. Kanal qurilishi natijasida koʻplab qarovsiz yerlar obod qilingan. 1633-yilda Qoʻshqoʻrgʻonda ham uning buyrugʻiga koʻra kanal qazilgan. Imomqulixon davrida Buxoroda 1617-yilda Registon maydonida Poyandabiy masjidi, 1611–1612-yillarda Mavlona Miskin madrasasi, 1620-yilda Nodir devonbegi xonaqohi, 1622–1623-yillarda Nodir devonbegi madrasasi, 1637-yilda Magʻoki Koʻrpa masjidi, Mehtar Orif madrasasi bunyod etilgan.
Samarqandda esa 1612–1613-yillarda Qozi Soqi madrasasi, 1619-yilda Sherdor madrasasi, 1637–1638-yillarda Sayyid Ahmadxoja madrasasi, 1641–1642-yillarda Tillakori madrasasi qurilgan.
Oilasi
Imomqulixon Vali Muhammadning xotini yoki kanizagi boʻlgan Oyxonimni Buxoro xonligi taxtini egallaganidan soʻng, xotiniga aylantirgan va buning uchun maxsus fatvo chiqargan. Oyxonim qozoq sultoni Eshim sultonning qizi boʻlgan.
Imomqulixonning Iskandar sulton, Pir Muhammad sulton (Muhammad Ali), Bahrom mirzo ismli oʻgʻillari boʻlgan. Imomqulixon 1612–1613-yillarda Toshkentni egallagach, birinchi oʻgʻli Iskandar sultonni hokim qilib tayinlagan. Ikkinchi oʻgʻli Pir Muhammad sulton esa 1630/1631-yilda Abulay sulton tomonidan oʻldirilgan. Dilorom Sangirova Imomqulixonning bir qizi boʻlganligi va Abdulazizxonga turmushga chiqqanligi toʻgʻrisida maʼlumot bergan.
Haj ziyorati
Imomqulixon hukmronligining oxirgi yillarida koʻzi ojiz boʻlib qolgan va u taxtdan voz kechishga qaror qilgan. Bu davrda Imomqulixonning ojizligidan foydalangan xonlik amaldor va zodagonlari oʻzlaricha mustaqil siyosat yuritgan. Buning natijasida mamlakat zaiflashib borgan. 1642-yil Imomqulixon bunday vaziyatda taxtni ukasi Nadr Muhammadxonga topshirib, haj amallarini bajarish maqsadida Makka va Madina shaharlariga yoʻl olgan. 1642–1643-yillarda haj safari karvoniga Nodir devonbegi boshchilik qilgan va Muhammad Doʻst otaliq hamrohlik qilgan. Safar davomida Imomqulixon Eronning Isfahon va Mashhad shaharlarida boʻlib, Eron shohi qabulida boʻlgan. Imomqulixon Hijozga Isfahon va Mashhad shaharlari orqali borib, haj amallarini ado etgan. Imomqulixon Madinada bir necha yil yashab, Movarounnahrdan hajga borganlar dam olishi uchun chorbogʻ va Makkadagi Kaʼbaga kirish darvozalaridan biriga kumush va oltin tutqichli yogʻoch zina qurdirgan.
Vafoti
Imomqulixon 1644-yili Arofat togʻida vafot etgan va Madinadagi Baqiya qabristoniga dafn etilgan. Dilorom Sangirova yozishicha, uning janoza marosimiga 600 ming atrofidagi odamlar qatnashgan.
Ashtarxoniylar sulolasi
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org