Imom Qozixon




Imom Qozixon  — (1132—1212) — alloma va muhaddis.
Imom Qozixonning toʻliq ismi Imom Hasan bin Mansur bin Mahmud bin Abdulaziz Fahriddin Marg‘iloniy al-Buxoriydir. U buyuk faqih, alloma, valiyulloh, ulug‘ tarbiyachi bo‘lgan. Imom Qozixon Buxoro qozisi bo‘lib, hanafiya mazhabini yoyishda ulug‘ xizmatlar qilgan. Imom Qozixonning „Sharhi odobul Qozixon“, „Sharhi al jomi as sag‘iri Shayboniy“, „Sharhi as sag‘iri Shayboniy“, „Sharhi al-jomeʼ al-kabiri Shanboniy“, „Kitob al mazhar“ va boshqa asarlari maʼlum va mashhur. „Hidoyatul orifin“, „Tarixi Mullozoda“ va boshqa manbalarda Imom Qozixon hayoti va faoliyatlari toʻg‘risida maʼlumot berib oʻtilgan. Naql etilishicha, Abulqosim Shahid Samarqandiy yozadiki, men haj arkonlarini ado qilganimdan so‘ng, Hiro tog‘idagi Rasululloh g‘orlariga kirib, xilvatda yuzimni tuproqqa qo‘yib munojot qildim: „Parvardigoro! Menga dargohingdan ulug‘ davlat ato ayla. Iloho, do‘stlaringdan biri ila meni hamsuhbat qil!“ Nogoh qulog‘imga g‘aybdan bir nido keldi: „En, Abulqosim! Bilgilki ilohiy davlat uch toifa insonlarga muyassar bo‘lur, bular payg‘ambarlar, shahidlar va faqirlar. Payg‘ambarlik eshigi yopildi (zero Muhammad s.a.v.dan so‘ng payg‘ambar chiqmaydi). Sen shahidlikni, yohud faqirlikni tanlashing mumkin!“ Men niyozmandilik bilan: „Parvardigor, shahidlik davlatini istayurman!“ — dedim. Shunda yana nido keldi: „Ey, Abulqosim, ahlulloh (yaʼni Alloh do‘stlari)dan biri jum’a namozining sunnati bilan farzi orasida yoningga kelib o‘ltirgay va o‘zini senga tanitgay!“ Men g‘oyat xursand bo‘ldim, har shaharga kelsam albatta juma kunini kutar va o‘sha ahlulloh diydori va suhbatiga intizor bo‘lardim. Bir kun Foxira (yaʼni Buxoro)ga keldim, jum’a kuni erdi. Juma namozining sunnati bilan farz namozining orasida bir kishi kelib yonimga o‘tirdi. Men ahlulloh shu bo‘lsa kerak deb gumon etdim. Nogoh oxirgi safdan Imom Qozixon hazratlari turib, birinchi safga keldilar va mening yonimga o‘tirgan kishiga qarab: „Ey, birodar! Bu kishi Hiro tog‘idagi g‘orda turib, Alloh taolodan meni so‘ragan edi. Uning munojotini Alloh taolo qabul ayladi. Shu bois ushbu joyni bo‘shatishingizni va uning yonida mening o‘tirishimga izn bergaysiz!“- dedilar-da, yonimga o‘ltirdilar. Manbalarda taʼkidlanishicha, Hazrat Abulqosim Samarqandiy bir necha muddat Hazrat Imom Qozixonning suhbatidan bahramand bo‘lgan. Keyinchalik esa din yo‘lidagi muhorabada shahid bo‘lgan.
Hazrat Imom Qozixonning qabri Buxoro shahrida Imom Qozixon guzaridadir. Imom Qozixon guzari Chor Minorning janubida joylashgan. Imom Qozixon qadamjolari Vobkent tumani, Imom Qozixon nomli qishloqda bor. Ayni shu kunlarda Buxoro shahridagi Imom Qozixon maqbarasi obod ziyoratgohdir.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz