Imom Buxoriy Xalqaro Jamg'armasi
IMOM BUXORIY XALQARO JAMGʻARMASI — buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy
maʼnaviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida tuzilgan xalqaro jamg‘arma (1998 yil 4 noyabr). Muassasalari: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Toshkent shahar va Samarqand viloyat
hokimliklari, „Oʻzbekturizm“ va „Oʻzbekiston havo yo‘llari“ milliy kompaniyalari,
Oʻzbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, „Maʼnaviyat va
maʼrifat“ jamoatchilik markazi, „Mahalla“ va „Oltin meros“ jamg‘armalari va boshqalar.
Boshqaruvi -Toshkent shahrida, Samarqand bo‘limi — Chelak tumanidagi Imom Buxoriy
yodgorlik majmuida joylashgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning „Imom al-Buxoriy xalqaro
jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida“gi Farmonida (1998 yil 16 noyabr)
jamg‘armaning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jamg‘armaning dastlabki ustav fondi
Vazirlar Mahkamasi zaxira fondidan o‘tkazilgan 50 mln. so‘m va Quvayt Davlati Amiri
tomonidan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga xayriya etilgan 500 ming AQSh dollaridan
shakllandi. Jamg‘armaning asosiy fondlariga uning balansiga o‘tkazilgan binolar va
ko‘chmas mulklar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmui kiradi. Jamg‘armaning
milliy va xorijiy valyutadagi hisob raqamlari Oʻzbekiston fuqarolari va tashkilotlari,
xalqaro tashkilotlar va xorijiy shaxslarning xayriya ulushlari uchun ochiq, deb
belgilangan. Tashkiliy tuzilmasi rais va uning o‘rinbosarlari, ilmiy tadqiqotlarni
muvofiqlashtirish, turizmni rivojlantirish, xalqaro aloqalar va investitsiyalar, qo‘lyozmalar
elektron kutubxonasi, Imom Buxoriy nashriyoti kabi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org