I'm Yours
„
I’m Yours “ (tarjimasi „Men senikiman“) — amerikalik xonanda va qoʻshiqnavis Jason Mraz ijro etgan qoʻshiq. 2008-yil Mrazning „We Sing. We Dance. We Steal Things.“ nomli uchinchi studiyaviy albomining birinchi singli oʻlaroq chiqarilgan. Tarona dastlab 2005-yil xonandaning „Mr. A–Z“ studiyaviy albomini targʻib qilish uchun hozirlangan oz sonli „Extra Credit“ albomida chiqarilgan. Mraz „I’m Yours“ qoʻshigʻini undan ham oldin — 2004-yilda konsertlarda ijro eta boshlagan.
„I’m Yours“ Mrazga katta shuhrat olib kelgan. Qoʻshiq „Yil qoʻshigʻi“ (inglizcha: Song of the Year) hamda „Erkak ijrosidagi eng yaxshi pop vokal“ (inglizcha: Best Male Pop Vocal Performance) nominatsiyalarida „Grammy“ mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan. Qoʻshiqning AQShda savdosi chaqqon boʻlgan. Qoʻshiq uchun olingan klip 2022-yilning sentyabriga qadar 685 million marta koʻrilgan. 2021-yilning iyuliga qadar tarona Spotify platformasida 1 milliard martadan oshiq eshitilgan.
Tarona „Billboard Hot 100“ xit-paradida oltinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. Qoʻshiq mazkur xit-paradda 76 hafta davomida qolib, oʻsha paytda rekord oʻrnatgan. 2013-yil holatiga koʻra, AQShda 6 million, butun dunyo boʻylab 12 million martadan oshiq adadda sotilgan „I’m Yours“ AQShdagi oʻninchi eng bozori chaqqon elektron qoʻshiqdir.
Mraz „I’m Yours“ qoʻshigʻini konsertlarida muntazam ravishda ijro etib keladi. Xonanda turli shaharlarda qoʻshiqni jonli ijro etgani aks etgan videolar YouTubeda millionlab marta koʻrilgan. Xonanda 2013-yil Lil Wayne hamda Jah Cure bilan hamkorlikda qoʻshiq remiksini yozgan. Shuningdek, „Sesame Street“ teleseriali uchun qoʻshiqning „Outdoors“ nomi bilan qayta ishlagan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org