Ikkinchi manjur-koreys urushi
“Ikkinchi manjur-koreys urushi“ 1636-yil dekabr - 1637-yil 11-fevral.
Birinchi manjur-koreys urushidan keyin, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar biroz iliqlashgan bo‘lsada, bu uzoqqa cho‘zilmadi. Koreys hukumati manjurlar bilan ittifoq tuzishni anʼanaviy siyosatga xiyonat deb qabul qildi. Ular manjurlarni Min davlatini mag‘lub etishiga ishonmagandilar. 1631-yil bahorida Choson hukumati o‘lpon to‘lolmay qoldi, bu Abaxayning qattiq noroziligiga sabab bo‘ldi. Ushbu mojaro hal qilingan bo‘lsada, ammo yozda manjurlar koreyslardan Xitoyga qarshi yangi hujum uchun kemalar berishni talab qildilar. Koreya bu safar manjurlarga yordam bera olmasligi aytib, iltimosni rad etadi. Jazo sifatida Abaxay o‘lpon miqdorini o‘n baravar oshirdi. Ushbu choradan so‘ng, har ikki davlat orasidagi munosabatlar keskinlashdi. Koreyslar Xitoy bilan urushda manjurlarga yordam berishdan bosh tortdilar va Min qo‘shinlarini zaruriy materiallar bilan taʼminlashda davom etdilar. Manjurlar esa o‘z navbatida Choson chegara hududlarini kesib kela boshladi. 1635-yilda Shimoliy Yuan davlati xoni Ligdenxonning mag‘lubiyati va Janubiy Mo‘g‘ulistonning bo‘ysundirilishidan so‘ng, Abaxay Xitoyga qarshi yangi hujumga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Buning uchun esa dastlab Choson muammosini bartaraf etish orqali orqa tomonni zararsizlantirish kerak edi. 1636-yil mart oyida Abaxay “Osmon o‘g‘li“ unvonini oldi. Bu uni Xitoy imperatori bilan tenglashtirar edi. Manjurlar urush ochishdan avval Koreyaga elchi yuborib ko‘rdi, lekin qirol Indjo uni qabul qilishdan bosh tortdi. Chunki, bu o‘zini yangi paydo bo‘lgan imperatorning vassali deb tan olishini anglatar edi. Shundan keyin, aʼloqalar yanada yomonlashdi va dekabr oyining so‘nggi kunlarida Manjuriya hukmdori Chosonga qarshi urush boshladi. Bu safar uning shaxsan o‘zi 130 ming kishidan ortiq armiya bilan yo‘lga chiqdi. Koreya qo‘shinlari va aholisi astoydil qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsada, lekin ular bunday armiyaning oldinga siljishini to‘xtata olmadilar. 5-yanvarda manjurlar Yijuga yaqinlashib keldilar. 9-yanvarda esa Yuyeto bo‘linmalari Pxenyan ostonalarida paydo bo‘ldi. Qo‘rqib ketgan shahar garnizoni qo‘mondoni juftakni rostlab qoldi. Himoyasiz qolgan shahar aholisi dushman bilan muzokaralarga kirishib, ularning shafqatsiz choralaridan omon qolishdi. Manjurlar qirol Indjo qochib ketgan Namxanson tog‘ qalʼasiga 11-yanvar kuni yetib kelishdi va uni shturmga oldilar. Boshqa manjur bo‘linmalari Pxenyan, Anchju, Kado, Chxolsan va boshqa shaharlarni talon-toroj qilib tashladilar. Yanvar oyining oxiriga kelib, Namxanson qalʼasida 23 ming koreys qo‘shinlarining qarshiligi sindirildi. Abaxayning kuchlari Kanxvado oroliga o‘tib, u yerdan qirol oilasi va uning tarafdorlarini asirga oldilar. Bundan xabar topgan Indjo 1637-yil 11-fevralda manjur lageriga yetib kelib, Abaxayning oyoqlari ostiga tiz cho‘kkan holda kechirim so‘radi. Bu safar tinchlik shartlari yanada og‘irroq bo‘ldi. Koreya Min imperiyasi bilan aʼloqalarini butunlay to‘xtatdi, Min xronologiyasidan voz kechdi va Sinni qabul qildi. Qirolning ikki o‘g‘li va uning yaqin amaldorlarining o‘g‘illaridan biri Abaxay saroyiga garov tariqasida yuborildi. O‘lpon miqdori oshirildi, Choson Xitoy bilan urushda Singa yordam berishga vaʼda berdi. Tinchlik imzolanganidan so‘ng, darhol Kado oroliga 50 ta Koreya kemasi va qo‘shinlari yuborildi. Koreyslarga yangi shahar devorlarini qurish va eskilarini taʼmirlash taqiqlangan, manjurlardan tashqari faqat Yaponiya bilan savdo qilishga ruxsat berilgan. Birinchi marta bu urushda yevropaliklar (kemasi halokatga uchragan 3 ta gollandiyalik artelleriya mutaxasisi) Koreya tomonida jang qildilar. Jangda ulardan ikkitasi vafot etgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org