ICAO aeroport kodi
ICAO aeroport kodi yoki
joylashuv koʻrsatkichi butun dunyo boʻylab aerodromlarni belgilaydigan toʻrt harfli koddir. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (inglizcha: International Civil Aviation Organization) tomonidan belgilanadigan va ICAO 7910-sonli hujjatida eʼlon qilinadigan ushbu kodlar: Joylashuv koʻrsatkichlari havo harakatini boshqarish va parvozlarni rejalashtirish kabi aviakompaniya operatsiyalarida qoʻllaniladi. ICAO kodlari, shuningdek, ob-havo stansiyalari, xalqaro parvozlarga xizmat koʻrsatish stantsiyalari yoki hududiy boshqaruv markazlari kabi boshqa aviatsiya obyektlarini, ular aeroportlarda joylashgan yoki boʻlmaganligini aniqlash uchun ishlatiladi. Parvoz maʼlumotlari hududlari ham unikal ICAO kodi bilan belgilanadi.
Tarixi
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti 1947-yilda BMT shafeligida tashkil etilgan boʻlib, u havo harakatini boshqarish va aeroportni identifikatsiyalashni sodda va tushunarli qilish uchun parvozlar maʼlumot mintaqalarini (FIR) tashkil etdi.
ICAO kodlari va IATA kodlari
ICAO kodlari alohida va odatda aviakompaniyalar jadvallari, bandlovlar va bagaj teglari uchun ishlatiladigian IATA kodlaridan farq qiladi. Masalan, Londonning Hitrou aeroporti uchun IATA kodi LHR va ICAO kodi EGLL. IATA kodlaridan, odatda, yoʻlovchilar va keng jamoatchilik FlightAware kabi parvozlarni kuzatish xizmatlarini koʻrish uchun foydalanadi.
Umuman olganda, IATA kodlari odatda aeroport yoki u xizmat koʻrsatadigan shahar nomidan olinadi, ICAO kodlari esa mintaqa va mamlakatlar boʻyicha taqsimlanadi. IATA kodlaridan koʻra koʻproq aerodromlarda (keng maʼnoda) ICAO kodlari mavjud boʻlib, ular baʼzan temir yoʻl stansiyalariga ham tayinlanadi. ICAO kodlarini tanlash qisman har bir mamlakatning vakolatlariga topshiriladi, geografik tuzilishga ega boʻlmagan IATA kodlari esa IATA tomonidan markaziy ravishda hal qilinishi kerak.
Tuzilmasi
Odatda, ICAO kodining birinchi bir yoki ikkita harfi mamlakatni ifodalaydi, qolgan harflar esa qoʻshni raqamlar bilan koʻrsatilganidek, aeroportni ifodalaydi. ICAO kodlari geografik kontekstni taʼminlaydi. Misol uchun, agar kimdir Hitrou uchun ICAO kodi EGLL ekanligini bilsa, EGGP aeroporti Buyuk Britaniyaning boshqa biror joyi (EGGP Liverpul Jon Lennon aeroporti) degan xulosaga kelishi mumkin. Boshqa tomondan, Hitrou uchun IATA kodi LHR ekanligini bilish LHV aeroportining joylashuvini aniqroq aniqlashga imkon bermaydi (LHR AQShning Lok Haven shahridagi (Pensilvaniya shtati) Uilyam T. Piper memorial aeroportining IATA kodi).
Siyosiy yoki maʼmuriy sabablarga koʻra tuzilgan ICAO kodlarida mintaqaviy tuzilishi boʻyicha bir nechta istisnolar mavjud. Masalan, Folklend orollaridagi RAF Mount Pleasant aviabazasiga xuddi Buyuk Britaniyadagidek EGYP ICAO kodi berilgan, ammo yaqin atrofdagi fuqarolik Port Stenli aeroportiga Janubiy Amerika bilan mos ravishda SFAL kodi berilgan. Xuddi shunday Sent-Pyer va Mikelon ham Fransiya tomonidan nazorat qilinadi va u yerdagi aeroportlar xuddi Yevropadagidek LFxx bilan belgilanadi. Kosovoga oʻzining geografik qoʻshnilari kabi Lxxx kodi bilan emas, balki Grenlandiya va Islandiya bilan guruhlangan BKxx kodi berilgan (quyida tasvirlangan). Quddus xalqaro aeroportiga ham LLJR (Isroil tomonidan), ham OJJR (Iordaniya tomonidan) kodlari berilgan, ammo aeroportdan hozirda foydalanilmayapti.
AQSh va Kanadada koʻplab aeroportlarning ICAO kodlari mazkur aeroportlarning IATA kodlarining yoniga geografik masublikni bildiruvchi qoʻshimcha qoʻshish orqali yasalgan (masalan, YEG va CYEG ikkalasi ham Edmonton xalqaro aeroportiga, IAD va KIAD esa Vashington-Dalles xalqaro aeroportini ifodalaydi). Bu oʻxshashlik Alyaska (PAxx), Gavayi (PHxx) yoki AQSh hududlariga taalluqli emas. Misol tariqasida, Maui shahridagi Kahului aeroporti IATAda OGG kodi va ICAOda PHOG kodi bilan tavsiflangan.
ICAO aeroporti kodlari I yoki J yoki X yoki Q harflari bilan boshlanmaydi, lekin Marsdagi Jezero krateriga JZRO maxsus ICAO kodi berilgan. I bilan boshlanadigan kodlar (Ixx va Ixxx) koʻpincha navigatsiya vositalari, masalan radiomayoqlar uchun ishlatiladi, Q esa xalqaro radioaloqa va geografik boʻlmagan maxsus maqsadlar uchun ajratilgan. Rossiya va MDHda lotin harfi X (yoki uning Morze / Baudot kirillcha ekvivalenti) ichki aerodrom kodlaridagi hukumat, harbiy va eksperimental aviatsiya aerodromlarini tuzilishi va maqsadi boʻyicha ICAO kodlariga oʻxshash, lekin xalqaro miqyosda qoʻllanilmaydi. ZZZZ soxta kod boʻlib, ICAO kodi tayinlanmagan aerodromlar uchun parvoz rejalarida qoʻllaniladi.
Soxta (Psevdo) ICAO kodlari
Belgiya yoki Niderlandiya kabi kichik mamlakatlarda deyarli barcha aerodromlar ICAO kodiga ega. Buyuk Britaniya yoki Germaniya kabi kattaroq davlatlar uchun cheklangan miqdordagi harf kodlarini hisobga olsak, barcha aeroportlarni kodlash mumkin emas. Baʼzi mamlakatlar ushbu muammoni ICAO sub-aerodrom kodlari sxemasini joriy etish orqali hal qildilar, masalan, Fransiya LFddnn uslubidagi psevdokodlardan foydalanadi, bu erda dd departamentni, nn esa ketma-ket hisoblagichni bildiradi. Fransiyada havaskor tashkilot sanaladigan FFPLUM (Fédération Française des Planeurs Ultra Légers, „Frantsiya ultra yengil motorli planerlar federatsiyasi“) rasmiy ravishda ushbu kodlarning saqlovchisi hisoblanadi. Antarktidadagi koʻplab aerodromlarda AT va ikkita raqamli soxta ICAO kodlari mavjud, boshqalarida esa Yangi Zelandiya uchun NZ kabi asosiy egasi mamlakatlarning tegishli kodlari mavjud.
Prefikslar
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org