IBTIDOIY SAN’AT – ibtidoiy jamoa tuzumi davri san’ati. Ilk namunalari hozirgi tipdagi odam paydo bo’lgan so’nggi paleolit davri (taxminan miloddan avvalgi 30-ming yilliklar) ga mansub. Ibtidoiy san’at ibtidoiy jamoa kishisiga dunyoni o’zgartirishda orttirgan tajribalarini avloddan avlodga uzatuvchi kuch, dunyo to’g’risidagi tushuncha va bilimlarini aks ettiruvchi vosita bo’lib xizmat qilgan. Tasvirlash ibtidoiy odam uchun o’z tushuncha va ma’naviy madaniyatini, tasavvurini ifodalashga xizmat qilgan. Shular zaminida asta-sekin inson faoliyatining turli shakl va ko’rinishlari yuzaga kelgan. San’atning yuzaga kelishi insoniyat taraqqiyotida buyuk bosqich bo’ldi. Ibtidoiy jamoa ichida ijtimoiy aloqalarni yuzaga kelishiga, ma’naviy olamni, ularning go’zallik haqidagi tushunchalarini shakllanishiga xizmat qilgan san’at o’z rivojida animizm (tabiat hodisalariga insoniy fazilatlarni berish) va totemizm (hayvonlarga sig’inish, urug’jamoasining kelib chiqishini biror hayvonga taqalishi) kabi afsona va qarashlarga tayangan. Dastlab sodda shakli, belgi tarzidagi tasvirlardan asta-sekin hayvonlar xususiyati, ko’rinishi, xarakterini haqkrniy va to’laqonli tasvirini yaratishga o’tishdan va shular asosida kishilar hayoti, yashash tarzi haqida keng mulohaza yuritadigan murakkab kompozitsiyalar yaratish jarayoniga yetib borgan, realistik shakllar zaminida esa soddalashtirilgan handasiy shakllar darajasiga qadar ko’tarilgan belgi va siymolar orqali murakkab his-tuyg’u, fikrlarni ifodalovchi naqsh mujassamotlari va yozuvlar paydo bo’lishiga olib kelgan. Ibtidoiy san’atning ilk namunalarida ovchilik bilan shug’ullangan inson o’z muhitini — ov manzaralarini aks ettirib g’orlarning devorlariga, qoyatoshlar va boshqalarga ishlagan tasvirlarida (bo’yab, bo’rtma hosil qilib ishlangan), loydan tayyorlangan, toshni yo’nib ishlagan haykallarida ovlanadigan hayvonlar (zubr, ot, kiyik, mamont, yovvoyi hayvonlar va boshqalar), odamzotlarni (ko’proq ayollar)ni ifodalagan (Frantsiyaning La-Ferrasi, Lasko g’orlari, Ispaniyaning Altamira g’ori, Sahroi kabirning Tassilin-Ajar degan joyidagi qadimgi odamlar yashagan qarorgohlar va boshqalar). Ibtidoiy san’atkorlar tasviriy san’atning hamma turlari (rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik) ga mansub asarlarida hayotni sinchkovlik bilan kuzatganlari ko’zga tashlanadi. Odam va odamsifat maxluklar, qo’l izlari, chizma belgilar va boshqa tasvirlar kam uchraydi. G’ordagi tasvirlar qora, qizil, sariq va jigarrang mineral bo’yoqlar bilan ishlangan, barelef ko’rinishidagi tasvirlar kam, sodda realizmga xos haykaltaroshlik (odam va hayvon shakllari), badiiy (suyak va yog’och) o’ymakorlik namunalari paydo bo’lgan. Tabiat ibtidoiy afsonalarga asoslangan insoniy sifatlarga ega bo’lgan obrazlarda aks ettirilgan. Me’morlik rivojlanib, uylar erto’la tarzida dumaloq, to’rtburchak shaklida qurilgan, bunday xonalarga uzun yo’laklar orqali kirilgan. Ba’zan xom-ashyolar sifatida yirik hayvonlarning suyaklaridan foydalanilgan. Bunday san’at namunalari Ukraina, Belorussiya, Sibirdan ko’plab topilgan. Ovchilikdan dehqonchilik va chorvachilikka o’tilishi san’atda yangi an’analarni yuzaga keltirgan. Tasviriy san’atda ko’p shaklli mujassamotlar paydo bo’lib, odamlar va hayvonlar harakatda, kurashda tasvirlana boshlagan. Amaliy bezak san’atining ko’p turlari (kulollik, to’qimachilik, metallga ishlov berish va boshqalar) rivojlangan. Murakkab va mavhum tushunchalarni ifoda etuvchi tasvirlar. yuzaga kelgan, bezak naqsh yanada jadal rivojlangan, ro’zg’or buyumlari, xonalar, kiyimlar naqshlar bilan bezatilgan. Misr, Hindiston, Old, kichik va O’rta Osiyo, Xitoyda dehqonchilik afsonalari bilan bog’liq san’at (naqshli sirlangan sopol buyumlar) keng tarqalgan, bezak naqshlar bilan bir qatorda mayda haykaltaroshlik rivojlangan. Me’morlik jamoa manzilgohlari qurilishida namoyon bo’lgan. O’rta Osiyo va ikki daryo oralig’ida kup xonali uylar xom g’ishtli, novdalardan yig’ilgan sinchli, poli loy suvoqli qilib qurilgan. Neolit davrida yirik toshlardan iborat megalitli qurilmalar paydo bo’lgan. Baliq ovlash va ovchilik saqlangan qabilalar (shimoliy Yevropa va Osiyo oralig’idagi xudud) da qadimgi mavzudagi va realistik san’at shakllari yonma-yon hukm surgan. Bularga qoyatosh rasmlari, loy, yog’och va suyak (shox) dan yasalgan haykallar kiradi. Ko’p rasmlarda umumlashtirish, shartli tasvirlarda mujassamot ishlash hollarini kurish mumkin. So’nggi jez davri va temir davrining boshlarvda hayvonlarni tasvirlash uslubi shakllangan. Yunonistonning Sharq va Xitoy bilan madaniy aloqalari yangi mazmun, obraz va tasviriy vositalarni paydo bo’lishini ta’minlagan. Ibtidoiy san’atning keyingi davrlari ishlab chiqarish kuchlarining o’sishi, mehnat taqsimotining rivoji, ibtidoiy jamoa tuzumini sinfiy jamiyatga bo’linishi bilan bog’liq. Bu davrda qal’alar qurilishi, dinlar taqozosi bilan yangi tasviriy san’at asarlari vujudga keldi, ibodatxona, maqbaralar bezatildi. Badiiy hunarmandlik rivojlandi. Ibtidoiy san’at shakllari bilan uyg’unlashib ketgan boy va rang-barang san’at ibtidoiy jamoa tuzumi birmuncha saqlangan xalqlar (Avstraliya, Janubiy Amerika, Afrika va boshqalar) orasida 19-20-asrlargacha mavjud bo’lgan. O’zbekiston hududidan mezolit davriga mansub Zarautsoy rasmlari tasvirlari va boshqalar topilgan. Musiqa ijodiyotining ilk ko’rinishlari ham ibtidoiy jamoa davrida, asosan, ovchilik va terimchilik bilan kun kechirgan odamlarning mehnat va marosimlari jarayonida yuzaga keladi. Ommaviy o’yinlarning urg’u-zarbalari, jodu-afsun ohang iboralari, hayvonlar ovoziga taklid sadolari, signal (darak beruvchi) qichqiriq-baqiriqlardan asta- sekin aynan musika xususiyatlariga ega bo’lgan ifodaviy vositalar qaror topadi. Ular, asosan, odam tanasi (qo’l-oyoq) harakatlarini aks ettiruvchi ritmik tuzilmalar, usullar, shuningdek, odam ovozi, nutq intonasiyasi ta’sirchanligiga asoslangan ohang iboralari tarzida rivoj topadi. Shu bilan birga tosh, suyak, yog’och, chig’anoq, shox kabi tabiat narsalari ilk musiqa cholg’ulari, “musiqa qurollari” sifatida qo’llanila boshlaydi. Bulardan hozirgacha saqlanib qolgan turli shiqildoq, zuvilcha kabi idiofonlar, puflama (Qushtak, burg’u, sibizg’a), urma (qayroq, dovul va hokazolar) cholg’ularni ko’rsatish mumkin. Dehqonchilik va chorvachilikka o’tish davrida oldin muayyan tartib hamda aniq balandlikka ega bo’lmagan tovush nisbatlari asosida tovushqator, parda tuzilmalari, o’lchov va vaznning ilk shakllari yuzaga keladi. Mazkur jarayonda oddiy (xususan, mavsum marosim) qo’shiqlar, muayyan mavzuli cholg’u kuylar qaror topadi. Ne’mat Abdullayev, Olimjon Bekov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Sun'iy intellekt javobi:
Ibtiodiy san’at haqida
Ibtiodiy san’at insoniyat tarixida eng qadimgi davrlarga tegishli bo‘lib, odamzotning madaniy va ijodiy taraqqiyotining boshlang‘ich bosqichini ifodalaydi. Bu san’at shakli tabiiy sharoitlarda, oddiy vositalardan foydalanib, insonlarning atrofdagi olamni anglash va ifodalash zaruriyati asosida yuzaga kelgan.
Ibtiodiy san’atning asosiy xususiyatlari
Tarixi va paydo bo‘lishi:
Ibtiodiy san’at miloddan avvalgi ming yillar mobaynida paydo bo‘lgan. Insonlar o‘z hayoti, tabiat manzaralari, hayvonlar va diniy e’tiqodlariga oid tasvirlarni tosh, g‘or devorlari va boshqa tabiiy sathlarga chizib qoldirishgan. Bu san’at shakli avvallari hayotiy tajriba va fikrlarni ifodalash vositasi bo‘lgan.
Texnika va vositalar:
Bu davrdagi san’at asosan toshlar, suyaklar, yog‘och, tabiiy ranglar va qum kabi oddiy materiallardan foydalanilgan. Tasvirlar ko‘pincha g‘orlarda, qorong‘u joylarda yoki harakatlar joyida topilgan. Rang sifatida tabiiy minerallar, yer bo‘yoqlari, ko‘katlar va hayvonlardan olingan bo‘yoqlar ishlatilgan.
Maqsad va mazmuni:
Ibtiodiy san’at asosan insonlarning kundalik hayoti, ov qilish jarayoni, hayvonlar, diniy marosimlar va tabiat hodisalarini yoritishga qaratilgan edi. Shu bilan birga, bu san’at shakli jamiyat a’zolari o‘rtasida ma’lumot almashish va bilimlarni avlodlarga yetkazishda muhim rol o‘ynagan.
San’at ob’yektlari:
G‘or rasmlari (paleolit davriga oid): Ma’lum g‘orlarda topilgan hayvon, inson va geometrik shakllar tasvirlari.
Haykallar va figurkalar: Kichik o‘lchamdagi hayvon yoki odam tasvirlari, masalan, “Venera” figurkalari, bu insonning go‘zallik va homiladorlik ramzlari sifatida talqin qilinadi.
Tosh yozuvlari va piktogrammalar: Oddiy belgilar va tasvirlar orqali ifodalangan skriptlar.
Ibtiodiy san’atning ahamiyati:
Bu davr san’ati insonning ijodiy salohiyatini ochib bergan.
Madaniyatning rivojlanishida birinchi qadam bo‘lib, insonlarning ma’naviy, diniy va ijtimoiy hayotining shakllanishida muhim rol o‘ynagan.
Ibtiodiy san’at orqali tarixchi va antropologlar qadimgi jamiyatlarning turmushi va dunyoqarashi haqida ma’lumot oladilar.
Xulosa
Ibtiodiy san’at insoniyatning eng dastlabki san’at namunalarini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, u insonlarning tabiat bilan muloqoti, mehr-shafqati va ijodkorligini aks ettiradi. Ushbu san’at shakli nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki bugungi kunda ham insonlar madaniyatining asosi sifatida qadrlanadi. Ibtiodiy san’at orqali biz o‘zimiz va ajdodlarimiz dunyoqarashini yaxshiroq tushunish imkoniga egamiz.
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish