Ibn Qosim
Al-Abbodiy, Ibn Qosim (arabcha: العبادي، بن قاسم — Shihobuddin Ahmad ibn Qosim as-Sabbog‘ al-Abbodiy ash-Shofeʼiy al-Azhariy al-Misriy) — nahv olimi, shofeʼiy faqihi.
Hayoti
O‘z davrining eng yetuk nahv olimi bo‘lgan al-Abbodiy, Ibn Qosim arab grammatikasiga doir asarlarga yozgan sharhlari bilan mashhur bo‘lgan. Misrda Nosir Muhammad al-Laqoniy, Shihobuddin al-Bursiy va Qutbuddin Iso as-Safaviy kabi o‘z davrining mashhur nahv olimlaridan tahsil olgan. Muhammad ibn Dovud al-Maqdisiy va boshqa ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Al-Abbodiyning vafotiga oid biografik maʼlumotlar ixtilofli bo‘lib, 1586-yilda haj ziyoratidan qaytayotganda vafot etgan deyilsa, baʼzi manbalarga ko‘ra, 992/1584 yilda Makkada dunyodan o‘tganligi aytiladi.
Shuningdek, uning turli ilmlarga bag‘ishlangan asarlar yozgani haqida maʼlumotlar mavjud. Biroq u o‘z davrining odatlariga muvofiq asar tasnif qilishdan ko‘ra, o‘zidan avval yashagan mashhur olimlarning asarlariga sharh va hoshiyalar yozish bilan tanilgan.
Asarlari
1. "Al-Āyāt al-bayyināt". Mazkur asar Tojuddin as-Subkiyning usul al-fiqhga doir "Jam’ al-javāmi’" nomli asariga Jaloluddin al-Mahalliy tomonidan yozilgan sharhga hoshiya. Bu asar "Hāshiya Ibn Qāsim al-Abbādӣ ’alā sharh jam’ al-javāmi’ fӣ usӯl al-fiqh" deb ham ataladi.
2. "Hāshiya ’alā sharh al-Varaqāt". Ushbu asar Abu-l-Muallo al-Juvayniyning "al-Varaqāt fӣ usӯl al-fiqh" nomli asariga Jaloluddin al-Mahalliy tomonidan yozilgan sharhga hoshiya.
3. "Al-Havāshӣ va-n-nukāt va-l-favāid al-muharrarāt ’alā muxtasar al-Saʼd fi-l-maʼānӣ va-l-bayān". Saʼduddin al-Taftazoniyning "al-Mutavval" asariga sharh.
4. "Hāshiya ’alā sharh al-muhtāj". Mazkur asar an-Navaviyning shofeʼiy fiqhiga doir „Al-Minhāj“ nomli asariga Ibn Hajar al-Haytamiy tarafidan "Tuhfa al-muhtāj" nomi bilan yozilgan sharhning hoshiyasi.
5. "Hāshiya al-g‘urar al-bahiyya". Mazkur asar Zakariyo al-Ansoriy tomonidan Ibn al-Vardiyning "Al-Bahja al-vardiyya"siga yozilgan sharhning hoshiyasidir.
6. "Hāshiya al-Abbādӣ ’alā tahrӣr al-qavā’id al-mantiqiyya". Asar "Sharh ar-risāla ash-shamsiyya" nomi bilan ham ataladi.
Al-Abbodiyning yuqorida sanalgan asarlaridan tashqari Abu Shujoʻ ismi bilan tanilgan Ahmad ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Isfahoniyning "Gʻāya al-ixtisār" nomli fiqhiy asariga "Fath al-g‘affār bi kashfi muxabbaāt g‘āya al-ixtisār" nomli ikki jildlik sharhi hamda "Kāfiya", "Alfiyya", "Talxӣs", "Izzӣ", "Qatr an-nadā" kabi arab tili grammatikasiga oid kitoblarga bitgan sharh va hoshiyalari ham bor.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org