I va II Umumturkiston qurultoylar
Turkistonda inqilobiy-demokratik harakatlarning o‘sib borishi, undagi turli ijtimoiy qatlamlar va tabaqalarni yanada istiqlol kurashi bayrog‘i ostida birlashtirishda 1917-yil davomida bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlari I va II qurultoylari va ular tomonidan ishlab chiqilgan hamda qabul qilingan dasturiy hujjatlarning roli katta bo‘lgan. «Sho‘royi Islomiya» tashkiloti tashabbusi bilan 1917-yil 16-aprelda Umumturkiston musulmonlarining I qurultoyi chaqiriladi. Qurultoy ancha vakolatli anjuman bo‘lib, uning ishida Turkistonning ko‘plab atoqli kishilari, taniqli siyosiy arboblar qatnashgan edilar. Ular orasida Mustafo Cho‘qay, Munavvarqori, Behbudiy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Sherali Lapin, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Validiy, Sobir Yusupov, Islom Shoahmedov va boshqalar bor edi. Qurultoy kun tartibiga 16 ta masalaning qo‘yilishining o‘zi ham uning katta ahamiyatidan darak berardi. Qurultoyda o‘lkaning bo‘lajak davlat qurilishiga alohida to‘xtalinib, Turkistonga keng muxtoriyat huquqini beradigan demokratik Rossiya Federatsiyasi tuzilishi g‘oyasi ilgari
surildi. Qurultoyda Markaziy rahbar organ — Turkiston o‘lka musulmonlar sho‘rosini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uning birinchi yig‘ilishida ijroiya organi — Markaziy Sho‘ro tuzildi. Mustafo Cho‘qay Markaz raisi, Munavvarqori rais muovini, Ahmad Zakiy Validiy kotib, Behbudiy, U. Asadullaxo‘jayev va boshqalar a’zolar etib saylandilar. Markaziy sho‘ro zimmasiga o‘lkadagi barcha tarqoq, o‘z holicha ish yuritayotgan, nizom va dasturlariga ega bo‘lmagan uyushma va tashkilotlarni birlashtirish, ularning faoliyatini
muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi. Bu vazifani uddalashda Markaziy Sho‘roning joylarda tashkil etilgan shu‘ba (bo‘lim)lari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, Toshkent shu’basini Munavvarqori, Samarqand shu’basini Behbudiy, Farg‘ona shu’basini esa Nosirxon To‘ra Kamolxon To‘ra o‘g‘li boshqardi. Shu tariqa Turkistonda uch hokimiyatchilik — Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi, ishchi va soldat deputatlari soveti va Turkiston o‘lka musulmonlar sho‘rosi vujudga keldi. O‘lka xalqlarining sobitqadam rahnamolari bo‘lgan
jadidlar, ruhoniyat arboblari o‘z sa’y-harakatlarida faqat mahalliy, hududiy manfaatlar, qiziqishlar bilan cheklanib qolmay, shu bilan birlikda boshqa mintaqalardagi musulmonlar ommasi, ularning ilg‘or vakillari bilan ham yaqindan hamjihat bo‘lishga intildilar. Shu maqsadda ular 1917-yilning 1—2-mayida Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunrossiya musulmonlari I qurultoyida ishtirok etdilar. Unda musulmonlar manfaatini himoya qiluvchi davlat qurilishi shaklan milliyhududiy, federatsiya asosidagi demokratik respublika bo‘lishi hamda Butunrossiya Musulmonlar sho‘rosining Ijroiya qo‘mitasi ta’sis etildi. Ijroiya Qo‘mitaga
Turkistondan U. Asadullaxo‘jayev va I. Shoahmedovlar a’zo etib saylandilar. Xuddi shuningdek, Turkiston vakillari ishtirok etgan va 1917-yilning 21—31-iyul kunlari Qozon
shahrida bo‘lib o‘tgan Butunrossiya musulmonlarining II qurultoyi ham Rossiya musulmon aholisining ozodlik va mustaqillik sari harakatlanish yo‘lini muvofiqlashtirish borasida muhim qadam bo‘ldi. Unda Turkiston, Kavkaz va Qrimda davlat boshqaruvini mehnatkashlarning o‘zlari hal etishi, musulmonlar kurashini tashkil etish uchun Butunrossiya harbiy
sho‘rosini ta’sis etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Shubhasizki, Rossiya musulmonlari vakillarining bu xildagi sa’y-harakatlari mazkur mazlum xalqlarning
mushtarak manfaatlari, milliy mustaqilligi, ichki davlat qurilishi masalalarining hal etilishiga muhim turtki bo‘lib xizmat qilardi.
1917-yilning 17—20-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Umumturkiston musulmonlari vakillarining II qurultoyi o‘lka xalqlari hayotida muhim rol o‘ynadi. Unda 500 nafar vakillar ishtirok etdi. Qurultoyning maxsus qarorida tarkibi 12 kishilik Turkiston o‘lka qo‘mitasi, 24 kishilik «Mahkamayi Shar’iya» (parlament) tashkil etilishi va ularning Rossiya davlati
konstitutsiyasiga muvofiq keladigan shariat qonunlari asosida faoliyat yuritishi ta’kidlangan edi. Qurultoyda «Sho‘royi Islomiya», «Sho‘royi Ulamo», «Turon» va
shu kabi boshqa manalliy milliy tashkilotlarni birlashtirib, ular negizida yagona «Ittifoqi Muslimin» («Musulmonlar Ittifoqi») siyosiy partiyasini tuzish g‘oyasi
ilgari surildi. Qurultoyda Behbudiy nutq so‘zlab, hammani birlikka, jipslashishga da’vat etgandi. «Ulug‘ Turkiston» gazetasi mazkur qurultoy ruhini aks ettirib,
Turkistonning o‘z ichki ishlarini mustaqil hal etishga qodir bo‘lgan o‘lkaning milliy muxtoriyatini tuzish g‘oyasini asosiy o‘ringa qo‘ygan edi. Shunday qilib, Turkistonning ilg‘or ziyolilari, uning asl yurtsevar, erksevar o‘g‘lonlari milliy istiqlolga erishish yo‘lida o‘lkadagi barcha sog‘lom, vatanparvar kuchlarni birlashib harakat qilishga da’vat etgandilar. Biroq, afsuski, Turkistonda ayricha faoliyat yuritgan, o‘z nafsoniyatiga berilgan hamda o‘zaro qarashlarida muxolifatchilik ustuvor bo‘lgan ayrim mahalliy tashkilotlar mana shu yuzaga kelgan noyob imkoniyatlardan foydalana olmadilar. Bu esa, vaziyatni ustamonlik bilan o‘z izmiga burib yuborishga urinayotgan bolsheviklarga qo‘l keldi.
Adabiyotlar
O‘ZBEKISTON TARIXI
(1917—1991-yillar)
Q. USMONOV, M. SODIQOV
TOSHKENT —2010
M a s ’ u l m u h a r r i r
tarix fanlari nomzodi Q.RAJABOV
T a q r i z ch i l a r:
tarix fanlari doktori, professor B.SIDDIQOV,
uz.wikipedia.org