Husniddin Joʻrayev




Husniddin Oltinboyevich Joʻrayev (1982-yil, Gʻijduvon tumani, Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, pedagogika fanlari doktori, professor.

Biografiyasi



Husniddin Joʻrayev 1982-yil Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. 2000—2004-yillarda Buxoro davlat universiteti fizika-matematika fakultetini, 2004—2006-yillarda ushbu universitetning magistraturasini tugatgan. 2006—2009-yillarda Buxoro davlat universiteti aspiranti, 2010—2011-yillarda rektor yordamchisi, oʻrindoshlik asosida „Kasb-hunar taʼlimi“ kafedrasi dotsenti, 2011-yil 30-iyundan Umumtexnika fanlari kafedrasi dotsenti, 2011—2014-yillarda „Umumtexnika fanlari“ kafedrasi mudiri, 2015—2017-yillarda katta ilmiy xodim-izlanuvchisi, 2017—2018-yillarda „Mehnat taʼlimi“ kafedrasi dotsenti, 2018-yil 1-avgustdan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimi boshligʻi, 2019-yil 3-yanvardan „Mehnat taʼlimi“ kafedrasi dotsenti, 2020-yil 3-yanvardan Fizika-matematika fakulteti dekani lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Ilmiy faoliyati



2009-yil 19-noyabrda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida „Fizika taʼlimi mazmunini takomillashtirish va samaradorligini oshirishda geliotexnika elementlaridan foydalanish (kasb-hunar kollejlari misolida)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2010-yil 25-martda pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasi berilgan. 2013-yilda dotsent, 2022-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. 2019-yilda „Integratsiyalashgan mediataʼlim tizimini yaratishda muqobil energiya manbalari qurilmalaridan foydalanish“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2019-yil 30-dekabrda pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan. 2 ta darslik, 4 ta o’quv qo’llanma, 3 ta monografiya, 1 ta ixtiro, 75 dan ortiq maqolalar muallifi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz