Hujriviy
Hujriviy — (XI asr) ilk soʻfiylik tarixchisi. Toʻliq ismi Abulhasan Ali ibn Usmon Raznaviy Jullabiy.
Hayoti va faoliyati
Hujriviy fors tilida soʻfiylikka doir birinchi mumtoz asar muallifi. Unda soʻfiylik tarixi va mohiyati, soʻfiylar dunyoqarashi va amaliyoti izchil tarzda bayon etilgan. u Hujvir(Gʻaznadagi mahalla)da taqvodor oilada tavallud topgan. Hanafiy mazhabidagi sunniy H.Junayd (vafoti 910-yil) soʻfiylik maktabining izchil tarafdori boʻlgan. Hayotining koʻp qismini safarda oʻtkazib, Fargʻonadan Huzistongacha, Hindistondan Suriyagacha boʻlgan mamlakatlarni kezgan. Hayotining soʻnggi damlari Lohurda kechgan.
Asarlari
Hujriviy oʻnlab asarlar yozgan. Lohurda bizgacha yetib kelgan yagona asari „Kashfu-l-mahjub li abrori-l-qulub“ni yozgan. Asar 2 qismdan iborat. Birinchi — kirish qismi 14 bobdan tashkil topib, unda soʻfiylikdagi ixtiyoriy qashshoqlik va ruhiy poklik masalalari tahlil etilgan, 74 soʻfiy-shayxlar tarjimayi hollari keltirilgan, 2 asosiy — gʻarbiy va sharqiy oqim borligi qayd etilgan, shuningdek, soʻfiylikdagi 12 „maktab“ yoki mazhab taʼlimotlari tahlil qilinib, shundan „10tasi maʼqul topilib, 2tasi esa rad etilgan“.
Ikkinchi qism, asosan, javoblardan iborat boʻlib, „Kashfu-l-hijob“ deb nomlangan 11 qismdan iborat. Unda falsafiy qoidalar, soʻfiylikdagi taʼlimotlar va amaliyot, ularni shariat normalariga mos kelishi, soʻfiylar orasida qabul qilingan texnik terminlar va boshqalar koʻrilgan. Asar keyingi davrlarda fors tilida bitilgan soʻfiylikka doir asarlarga katta taʼsir koʻrsatgan.
Adabiyotlar
«Islom ensiklopediyasi» 315-bet.
Manbalar
uz.wikipedia.org