Hotel Praha




Hotel Praha Chexiya Respublikasining Praga shahridagi Dejvice dahasida joylashgan hashamatli mehmonxona edi. 1981-yilda qurilgan mehmonxonadan 1989-yilgacha Chexoslovakiya Kommunistik partiyasi rasmiylari va ularning mehmonlari tomonidan foydalanilgan, shundan soʻng u jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan. U 2014-yilda milliarder Petr Kellner tomonidan sotib olinganidan soʻng buzib tashlangan.

Tarix



Praha mehmonxonasi olti yil davomida, yaʼni 1975-yildan 1981-yilgacha qurilgan. Postmodern va brutal arxitekturaning namunasi boʻlib, ushbu bino meʼmorlar Jaroslav Paroubek, Arnošt Navrátil, Radek Černý va Jan Sedláček tomonidan ishlab chiqilgan. Mehmonxonada 136 ta xona mavjud boʻlib, ularning barchasidan Praga qal'asi manzarasini koʻrish mumkin. Shuningdek, keramik plitkali suzish havzasi, qishki bogʻ, kinoteatr va bouling maydoni ham mavjud. Mehmonxona qabulxonasida oʻziga xos katta dumaloq zinapoya bor edi.

Chexoslovakiyaning kommunistik boshqaruvi davrida mehmonxona Kommunistik partiyaning yuqori martabali amaldorlarini qabul qilgan, shuningdek, ular uchun xorijiy oliy martabali shaxslar, jumladan, Leonid Brejnev, Yosir Arafat va Muammar Qaddafiylarni kutib olish joyi boʻlib xizmat qilgan. 1989-yilda „Temir parda“ qulaganidan keyin u keng jamoatchilik uchun ochildi va besh yulduzli mehmonxonaga aylantirildi.

Mehmonxonada "Uddalab boʻlmas topshiriq" filmini suratga olish vaqtida aktyor Tom Kruz tunab qolgan. Bundan tashqari, Chexiya terma jamoasi 2007-yilgacha ushbu mehmonxonadan foydalangan. Jamoa oʻyinchilari gʻalabadan keyin u yerda fohishalar bilan ziyofat qilgani aniqlangan va ular bir million chex kronasi miqdorida intizomiy jarimaga tortilgan.

Buzib tashlanishi




2013-yilda Hotel Praha PPF Group asoschisi va asosiy aktsiyadori boʻlmish milliarder Petr Kellner tomonidan sotib olinadi. Kellner mehmonxona oʻrnidada oʻzi asos solgan xususiy maktab — „Open Gate“ kampusini qurish uchun mehmonxonani buzishga qaror qiladi. Mehmonxonaning avvalgi egalari uni texnik xizmat koʻrsatish uchun yuqori xarajatlar tufayli foyda keltirmaydigan mehmonxona deb hisoblashgan. Buzib tashlash qarori munozaralarga va noroziliklarga sabab boʻladi, chunki Praga aholisi uni saqlab qolishga arziydigan tarixiy va meʼmoriy yodgorlik deb hisoblar edi. Mehmonxonani muhofaza qilinadigan meros ob’ektiga aylantirishga urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.

Praha mehmonxonasini buzish ishlari 2014-yil iyun oyida yakunlanadi. Kellnerning maktabi esa umuman qurilmaydi va keyinchalik Kellnerning oʻzi ham 2021-yilda vertolyot halokatida vafot etadi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz