Hoshim Sattarov




Hoshim Sattarov (1904-yil Namangan — 1938-yil Toshkent) — Ziyoli, shifokor. O‘zbek, maʼlumoti oliy. Toshkentda Tibbiyot institutini tashkil etilishida hissa qoʻshgan. Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash Xalq komissarligida kadrlar bo‘limi mudiri. O‘zbekiston SSR Xalq komissarlar raisi o‘rinbosari.

Faoliyati



1904-yil Namangan shahrida kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan.

Oilasi og‘ir sharoit tufayli 1914-yilda xususiy qand korxonasida qora ishchi bo‘lib ishlaydi. Bu 1916-yilgacha davom etgan. Otasi 1917-yilda o‘zining eski ishiga bog‘dorchilikka qaytadi. Hoshim Sattarov 1917-yildan 1919-yilgacha „Namuna“ nomli maktabda tahsil olgan. 1919-yildan 1922-yilgacha Oʻzbekiston pedagogika instituti huzuridagi kursda oʻqigan. 1922-yili Turkiston Kommunistik partiyasi homiyligida Moskvada Kalinin nomidagi ishchilar fakultetida tahsil olgan. 1925-yilda esa ishchilar fakultetini tamonlab, Moskva Davlat universiteti Tibbiyot fakultetiga oʻqishga kirgan. 1920-yildan 1928-yilga qadar komsomol a‘zosi boʻlgan, partiyaga 1929-yil 28-yanvar kuni qabul qilingan. 1930-yilda Moskvadagi tibbiyot institutini tamomlab, ichki kasalliklar bo‘yicha shifokor mutaxassisligiga ega bo‘lgan. Institutni tamomlagandan so‘ng Moskvada aspiranturada o‘qishni davom ettirgan. 1931-yil mayida O‘z K(b)P Markaziy komiteti qarori bilan ishlash uchun Toshkentga chaqirib olingan.

Oʻz K(b)B Markaziy komiteti qaroriga muvofiq Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash Xalq komissarligida kadrlar bo‘limi mudiri etib tayinlangan. Bu lavozimda 1931-yil mayidan 1932-yilgacha ishlagan. 1932-yildan 1934-yilga qadar O‘zbekiston SSR Xalq komissarlar raisining o‘rinbosari, keyinchalik Toshkent tibbiyot instituti direktori vazifalarida ishlagan. Sovetlarning V qurultoyida O‘zSSR Markaziy ijroiya komiteti a‘zosi etib saylangan. 1935-yilning 20-dekabriga kelib Oʻz SSR Markaziy Ijroiya komiteti va OʻzSSR Xalq komissarlari Soveti boshchiligida Toshkentda Tibbiyot instituti tashkil etiladi. Instututni tashkil etishdagi faol ishtiroki tufayli taqdirlangan. Partiya tozalovidan oʻtgan.

Oilasida 7 kishi: xotini, oʻgʻli, xotinining ikki singlisi va otasi. Yashash manzili Toshkent shahri, 1-may koʻchasi, 74-uy. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 4-oktyabrdagi Toshkent yigʻilishida Sattarov Hoshim Ogʻaliqovich otishga hukm etilgan. VKP (b) siyosiy byurosi va shaxsan Stalin tomonidan maʼqullangan va kategoriyalarga ajratilgan qatagʻon qurbonlari roʻyxatiga kiritilgan. Sud hukmi shu kuni ijro etilgan. Partiya XX syezdidan keyin reabilitatsiya qilingan.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz