Hoji Qurbon madrasasi
Xoja Qurbon madrasasi (Hoji Qurbon madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
Madrasa 1907–1908-yillarda Buxoro amirligi poytaxtining Mir Tahur devon guzarida, oʻzbek hukmdori Abdulahadxon (1885–1910) hukmronligi davrida, Xoja (yoki Hoji) Qurbon ibn Rahmatullaboy ismli shaxs mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. 27 ta hujradan iborat boʻlgan. Buxoroga kelgan ziyoratchilar va yoʻlovchilar uchun madrasa qoshida maxsus boshpana (hojixona) tashkil etilgan. Madrasa uchun Qasri ishrat mavzesida 13 tanob yer vaqf qilingan.
Bizgacha madrasaning vaqf hujjatlari yetib kelgan boʻlib, hujjat qozi ul-quzzot Mir Baxriddin ibn Sadriddin muhri bilan tasdiqlangan.
Sovetlar hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng, madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.
2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2011-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, konstruktiv mustahkamlash, tiklash va taʼmirlash, hududini obodonlashtirish ishlari rejalashtirildi va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 50 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, hozirda turistik xizmat koʻrsatish obʼekti sifatida zamonaviy foydalanishga topshirilgan.
2020-yil maʼlumotlariga koʻra, Xoja Qurbon madrasasining butligini saqlash, uning holatini yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha investor tomonidan loyiha taqdim etilgan. Madrasaning negizida turistik xizmat koʻrsatish obʼekti tashkil etish boʻyicha dastlabki loyiha tayyorlanib, Oʻzbekiston Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etilgan.
Buxoro shahridagi Abdulholiq Gʻijduvoniy MFYga qarashli shu nomdagi koʻchada joylashgan.
Meʼmorchiligi
Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan.
Manbalar
Havolalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org