Heinrich Lübke
Karl Heinrich Lübke (talaffuzi: Karl Haingʻich Lubkoʻ; tinglashⓘ; 1894-yil 14-oktabr, Enkxauzen, Shimoliy Reyn-Vestfaliya — 1972-yil 6-aprel, Bonn) — Gʻarbiy Germaniya davlat arbobi, Germaniya Federal prezidenti (1959—1969).
Tarjimai holi
Yoshlik yillari va Veymar Respublikasi
Etikdoʻz Fridrix-Vilgelm Lübkening oilasidagi ettinchi oʻgʻli boʻlib dunyoga kelgan. Sakkiz yoshida uning otasi vafot etadi. Uning ukasi Fridrix Vilgelm Lübkening 1951-1954-yillarda Shlezvig-Golshteyn bosh vaziri boʻlgan.
1913-yilda oʻrta maktabni tugatgandan soʻng, u Bonndagi Qishloq xoʻjaligi akademiyasida geodeziya, qishloq xoʻjaligi muhandisligi boʻyicha oʻqishni boshladi. 1914-yil avgust oyida Birinchi jahon urushi frontiga koʻngilli sifatida qatnashish uchun oʻqishni toʻxtatadi. Avval 7-sonli Vestfaliya piyoda artilleriya polkida boshlangʻich tayyorgarlikdan oʻtdi va shu polk bilan sharqiy va gʻarbiy frontlarga yuborildi. 1916-yilda serjant unvonini oldi. Urushda gaz hujumiga uchraganidan soʻng, dala kasalxonasiga tushadi. 1917-yilda leytenant unvoniga koʻtarildi va 52-zaxira divizionida batareya boshligʻining oʻrinbosari etib tayinlandi. Keyinchalik u xabarchi boʻldi va Pashendeyle jangida qatnashdi. Urush tugashi arafasida Armiya Bosh qoʻmondonligiga oʻtkazildi.
1918-yil dekabrda oʻqishni davom ettirdi va 1921-yilda yer tuzish va melioratsiya muhandisi mutaxassisligi boʻyicha oʻqishni tugatdi. 1921-1924-yillarda Myunster va Berlinda iqtisod boʻyicha tahsil oldi. 1921-yildan 1922-yilgacha Myunsterdagi Vestfaliyadagi ijarachilar va koʻchmanchilar ittifoqida ishlagan. 1922-yil oktyabrdan kichik fermer xoʻjaliklari imperator uyushmasining boshqaruvchi direktori (1925 yildan oʻrta korxonalar ham). 1924-yildan boshlab esa bir vaqtning oʻzida Germaniya yer islohoti uyushmasi ijroiya kengashi aʼzosi boʻldi. 1926-yilda nemis dehqonlari ittifoqining boshqaruvchi direktori boʻldi. 1927-yildan boshlab „Siedlungsgesellschaft Bauernland AG“ kompaniyasining boshqaruvchi direktori sifatida ishladi.
Uchinchi Reyx
1932-yildan 1933-yilgacha nemis Markaz partiyasidan Prussiya Landtagi aʼzosi boʻlgan, 1932-yil aprel oyida esa Prussiya parlamentiga saylangan. 1933-yil oktabrda xalq vakillari tarqatib yuborilib, 1934-yil yanvarda butunlay tugatildi. Milliy sotsialistlar bosimi ostida 1933-yil iyul oyida u Germaniya dehqonlari ittifoqidagi, 1934-yil mart oyida esa ijarachilar va koʻchmanchilar ittifoqidagi lavozimidan isteʼfoga chiqdi. 1934-yilning fevralida milliy sotsialistlar Lübkeni korrupsiyada ayblab unga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻadilar. U hibsga olinib, 20 oydan keyingina hibsdan ozod qilindi. 1937-yilning yoziga qadar u Flensburgda katta akasi Fridrix Vilgelm Lübkening fermasida yashadi (Fridrix Vilgelm Lübke 1951-1954-yillarda Shlezvig-Golshteyn bosh vaziri boʻlgan). 1937-1939-yillarda Berlindagi Quyi Saksoniya uy-joy qurilish kompaniyasida katta xodim boʻlib ishlagan va zahiradagi ofitser sifatida Vermaxtda uchta harbiy mashgʻulotlaarda qatnashgan va zahiradagi leytenant unvonini olgan. 1942-yil zaxira kapitanligiga koʻtarildi.
1939-yildan 1945-yilgacha „Imperator poytaxtining bosh qurilish inspektori“ Albert Shpeer ixtiyorida boʻlgan Valter Shlempning arxitektura va muhandislik idorasida geodez va maydon boshqaruvchisi boʻlib ishlagan. Kontslagerlardan birining chizmasida topilgan Lübkening imzolari haqiqiyligi bahsli boʻlib kelmoqda. Noy-Strassfurtdagi samolyot zavodida qurilgan kazarmalarda keyinchalik kontslager mahbuslari saqlangan.
U Penemyunde poligonida „Schlempp guruhi“ da qurilish uchastkasining boshligʻi sifatida ishlagan. 1943-yildan 1945-yilgacha u kontslager mahbuslarini ishlatish uchun javobgar edi. Uning rahbarligi ostida mahbuslar majburiy mehnatga jalb qilingan. 1944-yil may oyidan boshlab u samolyot zavodlarini markazsizlashtirish va koʻchirish uchun Buxenvald kontslagerining 2000 ga yaqin mahbuslarning mehnatidan foydalanish uchun javobgar edi. 1945-yil fevralda Arxitektor Rudolf Wolters bilan birgalikda Albert Speer koʻrsatmasiga binoan u „urushdan keyingi davrda yigʻiluvchi uylar qurishni rejalashtirish idorasi“ qurilishini loyihalashni boshladi.
Urushdan keyingi davr
1945-yildan XDS aʼzosi. 1945-yildan 1946-yilgacha Xeksterda oʻzining qurilish idorasini boshqargan. 1946-yilda u Buyuk Britaniya harbiy maʼmuriyati tomonidan tayinlangan Vestfaliya provintsiyasi Landtagi aʼzosi boʻldi, 1946-yil oktyabrdan Shimoliy Reyn-Vestfaliyaning Landtagi aʼzosi boʻlgan. 1953-yil yanvardan oktyabrgacha Bonn shahridagi Germaniya qishloq xoʻjaligi kredit kooperativlari uyushmasi (Raiffeisenverband) bosh advokati boʻlib ishlagan.
1947-1954-yillarda Shimoliy Reyn-Vestfaliya Landtagiga saylangan.1947-yildan 1953-yilgacha — Shimoliy Reyn-Vestfaliya oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi vaziri.
1949-1950 va 1953-1959-yillarda Bundestag deputati, 1949-1950-yillarda parlamentning oziq-ovqat, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi raisi boʻlgan.
1953-1959-yillarda — Germaniya Federativ Respublikasi oziq-ovqat, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vaziri.
GFR prezidenti
1959-1969-yillarda — Germaniya Federal Prezidenti boʻlgan. U boshidanoq rivojlanishga yordam berishni oʻz prezidentligining asosiy vazifasi sifatida belgilab oldi. 1962-yil kuzida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining „Ochlikdan xolos boʻlish kampaniya“sining bir qismi sifatida u „Welthungerhilfe“ni rivojlanishga koʻmaklashuvchi birinchi nemis nokonfessial tashkiloti sifatida yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
U oʻz vakolatlari davrida Bundestag tomonidan qabul qilingan barcha qonunlarni imzolamagan federal prezidentlardan biri boʻlgan. Ilmiy xulosalarni olgach, u Bundestag prezidentiga „Tadbirkorlik va kadrlar to‘g‘risida“gi qonunni imzolamasligini maʼlum qildi, chunki uning fikricha, bu Asosiy qonun bilan kafolatlangan tanlash erkinligi va kasbiy tayyorgarlik toʻgʻrisidagi qonunga zid xisoblanadi.
Prezident sifatidagi ikkinchi muddati davomida u oʻylamay gapirib qoʻyishi tufayli bir necha bor kulgili holatga tushib qolardi. Baʼzi tadqiqotchilar buni tez rivojlanayotgan miya sklerozining natijasi deb hisoblashadi, boshqalari esa soʻlmarkazchilar matbuotining zararli fitnalarini (birinchi navbatda „Der Spiegel“ nashri) sabab qilib koʻrsatishadi.
1966-yilda GDR ommaviy axborot vositalarida u haqida „kontsentratsion lagerlar qurish ustasi“ sifatida maʼlumotlar kampaniyasi boshlandi. Natsistlar tuzumi davrida yashirin harbiy inshootlar qurishda ayblanib, salomatligi yomonlashgani sababli u ikkinchi muddati tugamasdan isteʼfoga chiqdi.
Nafaqaga chiqqach
Davlat rahbari lavozimini tark etgach, u ijtimoiy boʻshliq xolatiga tushib qoldi, partiyadoshlari undan qochishga harakat qilishdi. Kasallik tufayli u oʻzining sevimli ilmiy mashgʻulotlari boʻlgan: qiyosiy tilshunoslik va mikrobiologiya bilan shugʻullana olmadi.
Vafoti
Kyoln soboridagi janoza marosimidan soʻng u Sandern-Enxauzenda dafn qilindi.
Galereya
Mukofotlar va unvonlar
Germaniya mukofotlari
Xorijiy davlatlarning mukofotlari
Faxriy doktor
1953-yilda Bonn universitetining qishloq xoʻjaligi fakultetining faxriy doktori unvoni berilgan. 1964-yilda Maks Plank jamiyatining Garnak medali bilan taqdirlangan.
Faxriy fuqaro
U Berlin (1962), Karlsrue (1965) va Bonn (1966) shaharlari hamda Bestvig, Frid Sandern va Nexaym-Xyusten (1968) munitsipalitetlarining faxriy fuqarosi bo‘lgan.
Joy nomi
Niger poytaxti Niameyda asosiy ko‘cha uning nomi bilan atalgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org