Hazratbegim
Hazratbegim (forscha: حضرت بیگم; pushtucha: حضرت بېګم; yana Hazrat Mahal, Sohibabegim; 4-noyabr 1740-yil yoki 1741-yil, Dehli, Hindiston — 1774-yil, Afgʻoniston) — boburiy malika, boburiylar davlati hukmdori Muhammadshohning qizi, durroniylar sulolasi shohi Ahmadshoh Durroniyning rafiqasi.
Tarjimayi holi
Hazratbegim boburiylar sulolasi hukmdori Muhammadshoh va malika Sohiba Mahalning qizi boʻlib, 1740-yil yoki 1741-yil 4-noyabrda Dehlida tavallud topgan. 1748-yil aprelda Muhammadsho vafot etadi va taxtga malikaning ukasi Ahmadshoh chiqadi. Hukmdorning onasi Qudsiyabegim marhum podshohning boshqa rafiqalari va farzandlari taʼminoti uchun hukumat ajratilgan mablagʻlardan tashqari, oʻz hisobidan ham moddiy koʻmak berib turgan.
1754-yil 26-mayda Ahmadshoh safar chogʻida marathalar yetakchisi Malhar Rao Holkar tomonidan hujumga uchraydi. Ahmadshoh Sikandrabad (Iskandarobod) orqali chekinayotib, oʻzi bilan birga Hazratbegim, onasi Qudsiyabegim, oʻgʻli Mahmudshoh va sevimli rafiqasi Inayetpuri Baini olib, boshqa malikalar va qarindoshlarini dushmanga qoldirib ketishga majbur boʻladi.
1756-yil fevral oyida beqiyos goʻzalligi bilan mashhur boʻlgan 16 yoshli Hazratbegimga 60 yoshli Olamgir II sovchi qoʻyadi. Shu maqsadd Olamgir II malikaning onasi Sohiba Mahal va vasiysi Bodshohbegimlarga bosim qiladi. Hazratbegim 60 yoshli hukmdorga turmushga chiqishdan koʻra oʻz joniga suiqasd qilishni afzal biladi, natijada Olamgir II malikani oʻz nikohiga ololmaydi.
1757-yil aprelda poytaxt Dehlini afgʻonlar talon-toroj qilgandan soʻng, durroniylar sulolasi shohi Ahmadshoh Durroniy marhum Muhammadshohning qizi Hazratbegimga uylanishni xohlab qoladi. Vasiysi Bodshohbegimning qarshligiiga qaramasdan 35 yoshdagi Ahmadshod Durroniy 1757-yilning 5-aprelida Dehlida malikani majburlab, oʻz nikohiga oladi. Toʻy marosimidan soʻng Ahmadshoh Durroniy malika bilan ona yurti Afgʻonistonga qaytib ketadi. Afgʻonistonga ketayotgan Hazratbegimni kuzatishda Bodshohbegim, Sahiba Mahal va bir necha malikalar hamrohlik qilishgan. Hazratbegim 1774-yilda vafot etgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org