Hayotda idealsiz yashab bo'ladimi?
Hayotdan va o‘zidan o‘zish uchun odam ideal qidiradi. O‘zishni istamagan odam o‘ziga o‘zi ideal bo‘lib ko‘rinadi.***Kishilar ko‘pincha idealni o‘tmishdan qidiradilar, chunki tirik ideallar o‘zlarining qusurlari va illatlarini oshkor qiladi. ***Yetish mumkin bo‘lgan ideal oxirida o‘kinch uyg‘otadi.***Hayotiy ideal topmay turib, o‘zingdan o‘zish aqldan osish alomatidir. Bunga Nisshe qismati misol.***Tarix shirin o‘y va orzularga burkangan ideallar ko‘milgan qabristondir.***Hayotiy idealiga qarab kishi ruhining nimaga mushtoqligini bilsa bo‘ladi.***Idealimning hayotiy maqsadi mening ham hayotiy maqsadimdir. Lekin bu idealimning qismati, albatta, mening ham qismatim bo‘lishi zarurligini anglatmaydi.***Umr bo‘yi bir idealga intilgan emas, balki butun umr ideallar izlab yashagan menda havas uyg‘otadi.***Odam qalbi yetadigan idealga emas, yeta olmaydigan, ammo tinmay o‘ziga chorlaydigan idealga talpinadi.***Farzandlariga ideal bo‘lgan otani uchratmadim; demak, gap yo otalarda ibratli fazilatlarning kamligida, yo farzandlarda ideal izlash istagining yo‘qligida.***Odamni illatlardan xalos qilmoqchimisiz, unga ezgulikka chorlovchi ideallar bering!***Hayotiy idealga qarab kishining qanday tarbiya ko‘rganini aytib bersa bo‘ladi.***Ideal sig‘inishga emas, yaratib yashashga undasa, kishini illatlardan xalos etadi.***Ideal sevgi ma’budasi emas, u goho suygan kishingdan voz kechishni talab qilishi mumkin.***Ideal xalos qilishi mumkin, xarob ham. Ideal tanlash yostiqdosh tanlashdan og‘ir.***Idealda muqaddaslashtirishga arzigulik nimadir bor, aks holda xalqlar Rabni ideal bilmasdi.***Agar tiynatini yaxshilasa, odamning Ya’juj-Ma’jujni ideal tutgani ham xafvli emas.***Idealga topinmaydilar, idealga talpinadilar.***Ayol ideal qidirmaydi, u “ideal”larni tug‘adi.
Uzpedia.uz