Hasan Normurodov




Hasan Norbekovich Normurodov (1939-yil 16-noyabr, Kattaqoʻrgʻon tumani, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR — 2021-yil 24-aprel, Samarqand, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston) — davlat va jamoat arbobi, „Nuroniy“ jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni.

„Oʻzbekiston Qahramoni“ oliy darajadagi unvoni (2019), „Mehnat shuhrati“ (2008), „El-yurt hurmati“ (2012), „Doʻstlik“ (2012) ordenlari sohibi. Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi (2020—2021) boʻlgan.

Hasan Normurodov 60 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida Samarqand viloyatida turli davlat lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan. Rahbrlik davrida Samarqand viloyatining turli hududlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirgan. 2017-yilda aynan uning tashabbusi bilan Samarqand viloyatida 16 ta „Nuroniylar maskani“ barpo etilgan.

Tarjimayi holi



Hasan Normurodov 1939-yil 16-noyabrda Kattaqoʻrgʻon tumani Kichik koʻrpa qishlogʻi dehqon oilasida tavallud topgan. Bolaligida otasi Norbek ota vafot etganidan soʻng, oiladagi toʻrt farzandni onasi Misqol aya voyaga yetkazgan. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng, Kattaqoʻrgʻon pedagogika bilim yurti va Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida oʻqigan. Dastlab 17 yoshidanoq qishloq maktabida oʻzbek tiil va adabiyot fani oʻqituvchisi, keyinchalik yoshlar yetakchisi, tuman yoshlar qoʻmitasi rahbari, Oʻzbekiston Kompartiyasi Samarqand viloyati qoʻmitasida boʻlim mudiri, Kattaqoʻrgʻon shahri partiya qoʻmitasi rahbari, Jomboy tumani partiya qoʻmitasining ikkinchi kotibi, 1984−1988-yillarda Narpay tumani partiya qoʻmitasining birinchi rahbari, Samarqand viloyati partiya qoʻmitasining uchinchi kotibi, 1988−1995-yillarda Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi, 1995−2003-yillarda xalq taʼlimi va fan xodimlari kasaba uyushmasining Samarqand viloyat kengashi raisi, 2003−2020-yillarda „Nuroniy“ jamgʻarmasining Samarqand viloyati boʻlimi raisi, 2020−2021-yillarda Samarqand viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Vafotidan bir muddat oldin Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filialida davolanayotgan boʻlgan. 2021-yil 16-aprelda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilmiy markazda davolanayotgan Hasan Normurodovning holidan xabar olgan.

Vafoti



2021-yil 24-aprel, ayrim manbalarda 23-aprel kuni 82 yoshida Samarqandda vafot etgan.

Mukofotlari



2008-yilda „Mehnat shuhrati“, 2012-yilda „El-yurt hurmati“ va 2017-yil „Doʻstlik“ ordenlari bilan mukofotlangan. 2019-yil 28-avgustda „Oʻzbekiston Qahramoni“ oliy darajadagi unvoni berilgan.

Oʻzbekiston Qahramoni



„Oʻzbekiston Qahramoni“ oliy darajadagi unvoni berilgandan soʻng Hasan Normurodovning hayoti, umr yoʻli haqidagi lavhalar aks etgan panno va lavhalar Samarqand shahrining asosiy koʻchalarida namoyish etilgan.

Shavkat Mirziyoyev Hasan Normurodovga Oʻzbekiston Qahramoni unvonini topshirar payti shunday degandi:

Hasan Norbekovichni Navoiy bobomizga oʻxshatib, gʻururlanaman![27]

Xotira



Publitsist Abdukamol Rahmonovning 2019-yilda nashr etilgan „Yetuklikning yetti siri“ nomli kitobi Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatgan insonlar, jumladan, Hasan Normurodovning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan. 2021-yil Samarqand shahrida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda Hasan Normurodov nomi yodga olindi.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz