Harry Potter va Alanga kubogi




Harry Potter va Alanga kubogi (boshqa nomi Harry Potter va Olov kubogi ; inglizcha: Harry Potter and the Goblet of Fire ) ingliz yozuvchisi J. K. Rowling qalamiga mansub fentezi janridagi roman boʻlib, Harry Potter romanlari turkumiga mansub toʻrtinchi kitobdir. Roman „Hogwarts jodugarlik va afsungarlik maktabi“da toʻrtinchi yil sifatida tahsil olayotgan yosh sehrgar hisoblanmish Harry Potterning Triwizard turnirida ishtirok etishga majbur boʻlganligi bilan bogʻliq voqealar haqida hikoya qiladi.

Kitob 2000-yil 8-iyulda Buyuk Britaniyada Bloomsbury nashriyoti, AQShda esa Scholastic nashriyotida chop etildi. Ikkala mamlakatda ham 2000-yil 8-iyul sanasida chiqarilgan. Bu roman 2001-yilda Hugo mukofotiga loyiq topildi va buning ortidan ushbu mukofotni qoʻlga kiritgan yagona Harry Potter turkumidagi kitob sifatida qayd etildi.

Roman asosida 2005-yili film suratga olindi. Electronic Arts shirkati tomonidan videooʻyin ham ishlab chiqarildi.

Sujet




Yozgi taʼtilning bir qismini Dursleylarnikida oʻtkazgan Harry Potter doʻsti Ronning taklifiga binoan yozgi taʼtilning qolgan qismini Ronning uyida oʻtkazishga qaror qiladi. Ronning uyidagi bir necha xursandchilik kunlaridan soʻng, Harry Weasleylar oilasi bilan (Mollydan tashqari) birga Quidditch boʻyicha Jahon kubogini tomosha qilish uchun boradi. Keyinchalik, Harry Hogwartsga boradi.

Hogwarts bu yil muhim afsungarlar turniriga mezbonlik qiladi. 19-asr boshidan beri oʻtkazilmagan „Uch sehrgarlar“ turniri Dumbledorening saʼy-harakatlari natijasida Hogwartsda oʻtkaziladi.

Adaptatsiyalar



Film




Harry Potter va Alanga kubogi asosida film ham tasvirga olingan boʻlib, kinokartinaning umumjahon premyerasi 2005-yil 18-noyabrda boʻlib oʻtdi. Filmga Mike Newell rejissorlik qildi, Steve Kloves esa ssenariynavis oʻlaroq qatnashdi. Film tijorat jihatdan muvaffaqiyat qozonib, umumjahon boʻylab $896 million daromad qildi. Shuningdek, „Best Art Direction“ nominatsiyasida Oscarga nomzod boʻldi.

Videooʻyin



Videooʻyin Electronic Arts shirkati tarafidan ishlab chiqarilib, PC, PlayStation 2, Nintendo DS, Nintendo GameCube, Xbox, Game Boy Advance va PlayStation Portable platformalari uchun moʻljallangan. Videooʻyin 2005-yil 8-noyabrda chiqarildi.

Oʻzbekcha tarjima



Harry Potter va Alanga kubogini oʻzbek tiliga Shokir Dolimov tarjima qilgan. Roman oʻzbek tilida ilk bor 2019-yil Toshkent shahrida „Kamalak“ nashriyotida chop etildi.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz